Toshkent shahar bandlik bosh boshqarmasi qaysi sohada majburiy mehnat eng ko‘p kuzatilayotganini ma'lum qildi

O‘zbekiston 17:23 / 20.09.2019 9439

20 sentabr kuni Toshkent shahar bandlik bosh boshqarmasida mutasaddilar ishtirokida “Majburiy mehnatga barham berish va uning oldini olish” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda sog‘liqni saqlash, maktabgacha ta'lim, xalq ta'limi boshqarmalari xodimlariga majburiy mehnat tushunchasi va undan himoyalanishning huquqiy asoslari xususida batafsil ma'lumot berildi.

Davra suhbatini ochib bergan Toshkent shahar bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Zokir Jo‘rayev jamiyatda majburiy mehnatni mutlaqo cheklash zarurligi, buning uchun har bir fuqaro o‘z huquqlarini tanib olishi lozimligini ta'kidladi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Davlat mehnat inspeksiyasi boshlig‘i Qudratillo Odinayevga ko‘ra, fuqarolarni majburiy mehnatga jalb qilish asosan sog‘liqni saqlash, maktabgacha ta'lim hamda umumta'lim muassasalarida kuzatilmoqda.

“O‘zbekistonda bolalar mehnatiga to‘liq barham berilgan. Endi majburiy mehnatni ham to‘liq yo‘qotishimiz kerak. Buning uchun huquq faollari bilan ham muntazam ravishda hamkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmasligi uchun respublika bo‘yicha 400 nafardan ziyod inspektorlar monitoring uchun jalb qilinmoqda”, — deydi Odinayev.

“Majburiy mehnatga barham berish to‘g‘risida”gi  Vazirlar Mahkamasi Qarori, “Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni, “Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks” majburiy mehnatning har qanday shakli g‘ayriqonuniy ekanligini ko‘rsatuvchi huquqiy asoslar hisoblanadi.

Toshkent shahri Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi boshlig‘i Husan Sultonovning ma'lumot berishicha, “Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks”ga kiritilgan o‘zgartirishlarga asosan majburiy mehnatga jalb etganlik uchun EKIHning 10 baravaridan 30 baravarigacha, agar bu holat bir yil ichida yana takrorlansa, EKIHning 30 baravaridan 50 baravarigacha jarima solinadi. Majburiy mehnat voyaga yetmaganlarga qo‘llanilganda esa EKIHning 30 baravaridan 50 baravarigacha (bu holat bir yil ichida takrorlansa, 50 baravaridan 100 baravarigacha) jarimaga tortiladi.

“Maqsad ko‘proq jarima solib, budjet uchun pul undirish emas, balki odamlarning mas'ulligini oshirgan holda majburiy mehnatga batamom barham berishdir. 2019 yilning o‘tgan davrida Toshkent shahrida 8ta majburiy mehnatga jalb etish hollari kuzatildi. Bunday vaziyatlar mutlaqo bo‘lmasligi uchun harakat qilishimiz lozim. Shuningdek, paxta terimiga fuqarolarni o‘z ixtiyoriga qarshi holda jalb etish taqiqlanadi, buning uchun keskin choralar ko‘riladi”, — deya ta'kidlaydi Husan Sultonov.

Ma'lum qilinishicha, majburiy mehnatga jalb qilish bilan bog‘liq holatlar haqida ma'lumot berish uchun tezkor aloqa tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Fuqarolar majburiy mehnatga duch kelganlarida 1176 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilishlari yoki Huquq.mehnat.uz bot manziliga murojaat qilishlari mumkin. Shuningdek, dmi.mehnat.uz veb-saytiga ham elektron tarzda shikoyatlarni yuborish mumkin. Murojaatlar 5 ish kunida o‘rganilib, tegishli choralar qo‘llaniladi. Mazkur aloqa tizimlari 24 soat davomida hech qanday muammolarsiz ishlaydi.

Davra suhbatida ta'kidlanishicha, har bir mutaxassisning lavozim yo‘riqnomasi bo‘lib, ular shu doiradan tashqaridagi ishlarga majburan jalb etilishi mumkin emas. Rahbarlar tomonidan ishga o‘z ixtiyori bilan rozi berganlik haqida tilxat yozdirib olinishi ham g‘ayriqonuniy hisoblanadi. Shuningdek, tashkilotlar o‘z ixtiyori asosida hashar tadbirlarini tashkil etishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Hashar faqatgina hukumat qarori asosida o‘tkazilishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: