Qishloq poliklinikalarida shifokorlarning 0,25 – 0,5 stavkada ishlashiga barham beriladi

O‘zbekiston 16:49 / 20.09.2019 11299

Qishloq oilaviy poliklinikalarida tor doiradagi mutaxassislar uchun ham to‘liq bir stavkalik ish shtatlari ochilishi kutilmoqda.

Bu haqda Senatning Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasidagi majlisda ayollar va bolalar salomatligi yuzasidan axborot bergan Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Yusupaliyev ma'lum qildi.

«Qishloq oilaviy poliklinikalarida 0,25 – 0,5 stavkaga ishlayotgan mutaxassislarimiz bor. To‘g‘ri, 0,25 – 0,5ga odam keladimi-yo‘qmi, degan masala ko‘p qo‘yildi. Shuning uchun qishloq oilaviy poliklinikada tor doiradagi mutaxassislarning ham bir stavkada ishlashi masalasini qo‘ydik», – degan Yusupaliyevning so‘zlarini keltirdi Kun.uz muxbiri.

Vazirning birinchi o‘rinbosari akusher-ginekolog kadrlar yetishmasligi muammosi yaqin vaqt ichida hal etilishi haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

«Yana bitta masalamiz – kadr ta'minoti. Bunda ham muammolarimiz bor. Respublika bo‘yicha akusher-ginekologlarga 268ta vakant o‘rinlarimiz bor. Shu yilning o‘zida 115tasini ta'minlab beramiz, bu – 42,7 foiz.

153ta vakant o‘rin qolyapti. Buni 2019-2020 yillarda magistratura, klinik ordinaturani tugatganlar va bir yillik akusher-ginekologiya mutaxassisligi bo‘yicha ta'lim oladigan maxsus kurslarda o‘qiganlar hisobiga to‘ldirishga harakat qilamiz», – dedi Bahodir Yusupaliyev.

Bundan oldin qishloq oilaviy poliklinikalarida akusher-ginekolog, pediatr va UTT bo‘yicha mutaxassislar uchun alohida shtatlar ochilishi xabar qilingan edi.

Ko‘proq yangiliklar: