Bahodir Jalolov ham finalda. O‘zbekistonning 4 nafar vakili oltin medal uchun jang qiladi

Sport 21:14 / 20.09.2019 33488

Rossiyaning Yekaterinburg shahrida boks bo‘yicha jahon chempionatining yarim final bellashuvlari o‘z yakuniga yetdi. Kechki dasturning so‘nggi jangi eng og‘ir vazn toifasida Bahodir Jalolov ishtirokida kechdi.

O‘zbekison vakili final yo‘llanmasi uchun rossiyalik Maksim Babaninga qarshi ringga ko‘tarildi. Jangning birinchi raundidayoq Bahodir Jalolov tomonidan berilgan kuchli zarba natijasida raqib nokdaun holatiga tushdi. Lekin rossiyalik sportchi jangni oxirigacha davom ettirdi. Yakunda hakamlar bir ovozdan o‘zbekistonlik sportchi g‘alabasini e'lon qildi.

Shu tariqa, terma jamoaning 4 nafar vakili ertaga bo‘lib o‘tadigan final bellashuvlarida jahon chempionligi uchun ringga ko‘tariladigan bo‘ldi. Bungacha -52 kg vazn toifasidagi Shahobiddin Zoirov, -57 kg vazn toifasidagi Mirazizbek Mirzaxalilov va -81 kilogramm vazn toifasidgi Dilshodbek Ro‘zmetov finalga yo‘l olgandi. -69 kg vazn toifasidagi Bobousmon Baturov esa yarim finalda buyuk britaniyalik tajribali bokschi Pet Makkormakka yutqazib, bronza medal bilan kifoyalandi. 

Elnur Abduraimov (-63 kg) va Sanjar Tursunov (-91 kg) saralashning ikkinchi bosqichida, Fanat Qahramonov (-75 kg) nimchorak finalda kurashdan chiqqan edi.

Ma'lumot uchun, 2017 yili Germaniyaning Hamburg shahrida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida ham O‘zbekiston terma jamoasining 4 nafar vakili (Hasanboy Do‘smatov, Jasurbek Latipov, Iqboljon Xoldorov va Shahram G‘iyosov) finalga yo‘llanma olgandi. O‘shanda faqatgina Shahram G‘iyosov oltin medal olgandi.

O‘zbekiston boks terma jamoasining finalga chiqqan vakillari:

-52 kg: Shahobiddin Zoirov
-57 kg: Miraziz Mirzaxalilov
-81 kg: Dilshodbek Ro‘zmetov
+91 kg: Bahodir Jalolov

Ko‘proq yangiliklar: