«20 yil davomida umumiy amaliyot shifokori tizimiga o‘ta olmadik» – Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari

O‘zbekiston 16:26 / 20.09.2019 7611

O‘zbekistondagi qishloq oilaviy poliklinikalarida umumiy amaliyot shifokori lavozimidan alohida tarzda pediatr shtatlari ham ochilishi kutilmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Yusupaliyevga asoslanib, Kun.uz muxbiri xabar berdi.

Vazir o‘rinbosari bugun, 20 sentyabr kuni Senatning Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasida vazirlik nomidan senatorlarga axborot berdi.

Ayollar va bolalar salomatligi masalalariga bag‘ishlangan majlisda ma'lum qilinishicha, qishloq oilaviy poliklinikalarida pediatr, akusher-ginekolog va ultratovush tekshiruvi kabi tor mutaxassislik shtatlari ham ochiladi.

«Birlamchi tibbiy yordam tizimidagi shtat me'yorlarini qayta ko‘rib chiqish masalasini qo‘yganmiz. Bu borada Moliya vazirligi bilan birgalikda ish olib boryapmiz.

Xabarlaring bor, deyarli 20 yil davomida biz umumiy amaliyot shifokoriga o‘tishga harakat qildik. To‘g‘risini aytishimiz kerak, bu yerda tibbiyot xodimlari o‘tiribdi, birlamchi tibbiyot bo‘g‘inida agar u oldindan pediatr bo‘lgan bo‘lsa, asosan bolalarni qabul qilyapti. Agar terapevt bo‘lgan bo‘lsa, uni umumiy amaliyot shifokori degan bo‘lsak-da, u asosan katta yoshdagi aholi vakillarini qabul qilyapti.

Bu degani, 20 yil davomida biz umumiy amaliyot shifokori tizimiga o‘ta olmadik, desa ham bo‘ladi. Sababi [UAShlar] kichik yoshli bemorlarni qabul qiladi, lekin davolashga kelganda ancha muammolarga duch keladi. Undan tashqari, ularga oftalmolog, LOR va hokazo-hokazo mutaxassisliklarni ham o‘rgatishga harakat qildik, lekin menimcha, oxirigacha yetkaza olmadik.

Shuning uchun, bugungi kunda shtat normativlarini ko‘rib chiqyapmiz. Muhtaram prezidentimiz tomonidan qabul qilgan qarorlarda terapevt, pediatr, ginekolog kabi boshqa tor doiradagi mutaxassislar qishloq oilaviy poliklinikalarida ishlashi aytib o‘tilgan.

Bu degani biz umumiy amaliyot shifokorlaridan to‘liq voz kechdik, degani emas. Bugungi kunda Toshkent tibbiyot akademiyasi umumiy amaliyot shifokorlarini yetkazib beryapti. Lekin Pediatriya institutimiz aynan umumiy pediatrlarni tayyorlayapti.

O‘ylaymanki, qishloq oilaviy poliklinikalarida UASh va [alohida] pediatr bo‘lishi shart. Buni Moliya vazirligi bilan birga shtat normativiga kirityapmiz. Akusher-ginekolog va UTT bo‘yicha mutaxassislarni ham kiritdik», – dedi Bahodir Yusupaliyev.

Ko‘proq yangiliklar: