O‘zbekistonda paxta dalalarini tekshirish bo‘yicha kampaniya boshlanmoqda. Bolalar mehnati va majburiy mehnat yuzasidan monitoring o‘tkaziladi

O‘zbekiston 09:24 / 19.09.2019 21089

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasida “2019 yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumida terimchilar uchun shart-sharoit yaratish, mavsum davomida bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanmaslik yuzasidan Milliy monitoringni tashkil qilish borasida olib borilayotgan ishlar” mavzusida brifing o‘tkazildi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bir necha yildan buyon paxta yig‘im-terimi mavsumida terimchilar uchun shart-sharoit yaratilishini nazorat qilish, bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanmaslik yuzasidan Milliy monitoring o‘tkazib kelinmoqda.

Brifingda joriy yilda ham mazkur monitoringni o‘tkazish rejalashtirilgani, u 25 sentyabrdan 31 oktyabrgacha davom etishi hamda bu yilgi Milliy monitoring O‘zbekiston Respublikasi prezidenti farmoni bilan tashkil etilgan Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi bilan hamkorlikda o‘tkazilishi to‘g‘risida ma'lumot berildi.

Monitoringga tarmoq va hududiy kasaba uyushmalari, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi, Yoshlar ittifoqi va joylardagi nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari, shuningdek mahalliy huquq himoyachilari ham jalb etilishi bildirildi. Shuningdek Milliy monitoringda AQSh, Yevropa davlatlari va bir qator xalqaro kasaba uyushmalari markazlari vakillarining ishtirok etishi ham kutilayotgani ta'kidlandi.

Monitoringni o‘tkazishdan asosiy maqsad – paxta yig‘im-terimi mavsumida terimchilar uchun shart-sharoit yaratilganini baholash, paxta yig‘im-terimi ishlarida 18 yoshga to‘lmagan shaxslarning, o‘quvchi va talabalarning, budjet tashkilotlari xodimlarining majburiy mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi yuzasidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, aniqlangan kamchiliklarni joyida bartaraf etish choralarini ko‘rish.

O‘rganish jarayonida paxta terayotgan voyaga yetmagan shaxslar aniqlansa, ularni zudlik bilan daladan olib chiqish va o‘quv dargohiga yoki uyiga qaytarish choralari ko‘riladi. Bu haqda akt (dalolatnoma) tuziladi va mehnat inspeksiyasiga aybdor shaxslarga nisbatan chora ko‘rish uchun yuboriladi.

Majburiy mehnatdan foydalanish holatlari aniqlangan holda ham zudlik bilan akt (dalolatnoma) tuziladi hamda mehnat inspeksiyasi chaqirilib, ularni ish joylariga qaytarish choralari ko‘riladi. Shu bilan birga, mazkur vaziyatni o‘rganish uchun hududiy “Qayta aloqa mexanizmi” (MOS) vakillariga ham xabar beriladi. 

Eslatilishicha, xodimlarning mehnat huquqlari buzilishini oldini olishga qaratilgan Qayta aloqa mexanizmi (MOS) O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimida tashkil etilgan bo‘lib, mavsum davomida uzluksiz ravishda kecha-yu kunduz ishlaydi, bunda 1092 qisqa raqamli “Ishonch telefonlari”, internet saytlar, telegram ijtimoiy tarmog‘i imkoniyatlaridan keng foydalaniladi.

Milliy monitoring davrida o‘rganish natijalarini oshkor etmaslik tamoyiliga amal qilinadi va monitoring yakunlari dekabr oyida Xalqaro mehnat tashkiloti bilan birgalikda o‘tkaziladigan davra suhbatida batafsil e'lon qilinadi (O‘zbekiston Respublikasining “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi va “Shaxsiy ma'lumotlar to‘g‘risida”gi Qonunlari hamda Xalqaro mehnat tashkiloti bilan kelishilgan “Monitoring uslubiyoti” talablariga muvofiq oshkor etmaslik tamoyiliga amal qilinadi).

Alohida ta'kidlanishicha:

– korxona, tashkilot va muassasalar xodimlaridan hech kimni mehnat shartnomasini bekor qilish yoki intizomiy jazo berish tahdidi ostida paxta yig‘im-terimiga jalb etish mumkin emas;

– hech bir korxona, tashkilot, muassasa rahbari xodimlarni paxta yig‘im-terimiga yuborish to‘g‘risida buyruq chiqarishi mumkin emas;

– mehnatkashlar, tadbirkorlar, dehqon bozorlarida savdo-sotiq bilan shug‘ullanuvchilar, mahallalarda istiqomat qiluvchi fuqarolardan paxta yig‘im-terimi uchun pul mablag‘lari yig‘ish qat'iyan taqiqlanadi;

– terilgan paxtaning har bir kilogrammi uchun to‘lanadigan terim pullari har besh kunda, terimchilar xohishiga ko‘ra zarurat tug‘ilganda – har kuni to‘lanishi lozim.

Budjet tashkilotlari xodimlarini, o‘quvchi va talabalarni, umuman, fuqarolarni paxta yig‘im-terimi ishlariga majburan jalb qilish yoki bunday ishlarni boshqalar bajargani uchun pul yig‘ish holatlari ro‘y berganda huquqni muhofaza qilish organlariga yoki kasaba uyushmalarining 10-92 raqamli “Ishonch telefoni”ga  xabar berilishi zarur. 

Shuningdek, majburiy mehnat qaltisliklarini keltirib chiqaruvchi boshqa alomatlar, ya'ni fuqaroning zaifligini suiiste'mol qilish, aldov, hujjatlarni olib qo‘yish, ish haqini to‘lamaslik, xavfli mehnat sharoitlarida ishlatish, ish vaqti me'yorlariga rioya qilmaslik kabi holatlarda ham yuqoridagi “Ishonch telefoni”ga murojaat qilish mumkin. 

Ko‘proq yangiliklar: