2019 yil 17 sentabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari, xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitalari tomonidan shahar hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Boshqaruv va biznesda xotin-qizlar ishtirokini oshirish - mamlakat siyosatining ustuvor yo‘nalishi” mavzusi va xotin qizlar gender tengligi masalalari bilan bog‘liq bo‘lgan yangi qonunlar mazmun-mohiyatini targ‘ibot qilishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Toshkent shahrida biznes sohasida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar va ularning tadbirkorlik hamda oilaviy biznesni rivojlantirishdagi ulushini oshirish, ayollarga kichik biznes va tadbirkorlik uchun yanada kengroq imkoniyatlar yaratish, ishbilarmonlar safini kengaytirish masalalariga alohida urg‘u berildi.
Qayd etilganidek, xotin-qizlar bandligini ta'minlash borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida joriy yilning o‘tgan davri davomida jami 1130 nafar ayol tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tib, qariyb 2000 ga yaqin ayol uchun ish o‘rinlari yaratilgan, shuningdek, ularga ijtimoiy yordamga muhtoj xotin-qizlar joylashtirilgan.
Tadbir davomida ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashda ayrim muammolar ham mavjudligi qayd etildi. Xususan, faoliyatini amalga oshirishi uchun bino-inshootlar, bank kreditlari ajratish hamda yer maydonlari ajratish va buzilgan binolar bo‘yicha kompensatsiya pullari to‘lash bilan bog‘liq muammolar mavjudligi ham qayd etib o‘tildi.
Tadbirda ayollar tadbirkorligini rivojlantirishdagi muammolarni bartaraf etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi, deyiladi Senat axborot xizmati xabarida.