«PSJ» va «Real» yo‘qotishlar o‘rnini qanday to‘ldiradi? Kunning asosiy o‘yini anonsi

Sport 20:30 / 18.09.2019 8061

Guruhlardagi top klublarning o‘zaro o‘yinlari aynan birinchi turga to‘g‘ri kelishining foydali tomonlari bor. Birinchidan, hali jamoalar hisobida ochko bo‘lmaydi va ilk o‘yinlarda maksimal harakat qilish ehtiyoji bo‘ladi. Ikkinchidan, 1-turdagi raqiblar so‘nggi turda emas, 5-turda ro‘baru keladilar. Ya'ni o‘sha paytda ham barchasi hal qilinmagan bo‘lish ehtimoli yuqoriroq. Bugun mana shunday to‘qnashuvlardan yana biri Parijdagi uchrashuvdir.

O‘YIN OLDIDAN

Yevropa Chempionlar Ligasining so‘nggi paytlardagi eng muvaffaqiyatli va omadsiz jamoalari to‘qnashuvini kuzatishimiz mumkin. «PSJ» bir necha yildan beri aynan shu turnir uchun katta transferlarni amalga oshirib, turli sabablar bilan pand yemoqda. Qizig‘i, transfer siyosati borasida parijliklarga o‘xshash bo‘lgan «Real» rekord xaridlarni kamaytirdi hamki, omadi yurishib ketdi. Besh yilda to‘rt marta Yevropaning eng kuchli jamoasiga aylandi.

Klublarning holatlari ham qaysidir ma'noda o‘xshash. Har ikki jamoaning bugungi holati, tarkib nuqtai nazaridan optimaldan uzoqda, ya'ni asosiy yulduzlar va yangi transfer qilingan bir qator futbolchilar turli sabablarga ko‘ra, hali mavsumga kirishib ketganlari yo‘q. Milliy chempionatda jamoalar turli eskperimental tarkiblarda maydonga tushishmoqda. «Real»ning mavsumda asosiy yulduzi bo‘lishi kutilayotgan Azar endigina debyut qildi, «PSJ»da ham hali masalan Mauro Ikardini ko‘rganimiz yo‘q.

«Real» hozircha juda beqaror ko‘rinmoqda, hatto juda hujumkor va yengil harakat qilgan oxirgi o‘yinda ham ochko yo‘qotishiga sal qoldi. Vaziyatlardan foydalanmaslik va diqqatni yo‘qotganliklari sababli, «Levante» jazolashi mumkin edi. Parijliklar odatdagidek, Fransiyada turnir jadvali boshida ketishmoqda. Tuxel shogirdlari «Renn»dagi kutilmagan mag‘lubiyatdan tashqari, 4 o‘yinni o‘z foydalariga hal qilishgan va ayniqsa, bu o‘yinlarda jamoa darvozasi daxlsiz saqlangan. Bu Neymar, Kavani, Mbeppe kabi hujumchilar yo‘qligi uchun o‘ziga xos pragmatik yondashuvmi yoki nihoyat klub himoyaga ham ko‘proq e'tibor qaratishni o‘rganmoqchimi, buni keyinroq bilib olamiz.

Bu «Real» va «PSJ» o‘rtasidagi 9-rasmiy o‘yin bo‘ladi. O‘zaro o‘yinlarning so‘nggi to‘rttasida «Real» ustun kelgan. Uch yil oldingi guruh bosqichida raqiblar Parijda 0:0 o‘ynab, Madridda mezbonlarning kichik g‘alabasini ta'minlashgan bo‘lishsa, 2017/18 yilgi mavsumda pley-off raqiblarni to‘qnashtirgandi. Har ikki o‘yinda ham «Real» g‘alaba qozonishning uddasidan chiqqan. Biz tilga olgan har ikki mavsumda ham, yakunda «Real» turnir g‘olibi bo‘lgan.

Yana bir qiziq holat, jamoalar tarkibiga qarab turib, Ispaniya va Fransiya to‘qnashuvi, deyishga ham til bormaydi. Fransiyalik murabbiy boshqaradigan «Real» tarkibida bugun uch nafar fransuz maydonga tushadi – «PSJ»dagi fransuzlar soni o‘yinda kamroq bo‘lishi ehtimoli bor. Aksincha, mezbonlar tarkibida Bernat, Errera, Sarabiya kabi ispanlar borki, ispan jamoasida Karvaxaldan boshqa ispan futbolchisi asosiy tarkibda bugun ko‘rmasak kerak.

Darvoqe, «Real» tarkibida juda ko‘p sovrinlarni yutgan Keylor Navas bugun mezbonlar libosida sobiq jamoasiga qarshi maydonga tushadi.

TARKIBLAR

Yuqorida aytilganidek, har ikki jamoada ham tarkibda muammolar katta. Madridliklar tarkibiga nihoyat Azar qaytgani bilan, o‘ng qanotda unga yordam berishi kerak bo‘lgan Marselo bo‘ynidan jarohat oldi va o‘yinda qatnashishi so‘roq ostida. Luka Modrich va Isko ham hali tarkibga qaytgani yo‘q. Serxio Ramosning esa, o‘tgan yili pley-offdagi «Ayaks»ga qarshi o‘yinda ataylab sariq kartochka olgani esingizda bo‘lsa kerak. Ramos ikki o‘yinga diskvalifikatsiya qilingandi. «Real» javob o‘yinida Ramossiz «Ayaks»ga yutqazgandi, himoyachi esa, ikkinchi o‘yinini Parijda o‘tkazib yuboradi.

«PSJ»da ham muammo yetarli. To‘g‘ri, yo‘qlarning o‘rniga tushadigan futbolchilarni muammo deb atash ham biroz g‘alati, lekin birato‘la Draksler, Kavani, Mbappe va Neymarning maydonga tushmasligi parijliklarni umuman boshqa jamoaga aylantirib qo‘yadi, tan oling. Neymar jarohatidan tiklanib, hatto so‘nggi o‘yinda jamoasiga g‘alaba olib kelgan bo‘lsa-da, YeChLda u ham diskvalifikatsiya qilingan. «MYu»ga qarshi o‘yindan so‘ng, hakam haqida aytgan gaplari uchun UYeFA uni jazolagandi.

Jamoalarning taxminiy tarkiblari quyidagicha:

«PSJ»: Navas, Markinos, Silva, Kimpembe, Bernat, Veratti, Geyye, Errera, Di Mariya, Sarabiya, Ikardi

«Real»: Kurtua, Karvaxal, Varan, Militao, Mendi, Kazemiro, Kroos, Xames, Beyl, Azar, Benzema

MURABBIYLAR:

Tomas Tuxel:

«Biz juda faol bo‘lishimiz va hujum qilishimiz kerak, aks holda «Real» to‘pni ko‘proq nazorat qilishni boshlaydi. Ha, bu o‘yin juda qiyin va muhim o‘yin, lekin barchasi shu uchrashuvga bog‘liq deb ham o‘ylamayman. Mening Chempionlar Ligasidagi maqsadim – har bir o‘yinda g‘alaba qozonish, boshqacharoq yo‘li bor deb ham o‘ylamayman.

Maydonga Ikardi tushishi mumkin. Yoki Shupo Moting, balki ikkovini birga sinab ko‘rishimiz ham ehtimoldan xoli emas. Bizda ham, «Real»da ham bir qator yo‘qotishlar bor, lekin tarkibimizdagi qolgan futbolchilarga ham ishonamiz».

Zinedin Zidan:

«Bizni mavsum boshidanoq katta o‘yin kutib turibdi. Biz yomon boshlamadik, to‘g‘ri, chempionatda ikki marta durang o‘ynab ham ulgurdik, lekin jamoamiz ancha yaxshiroq o‘ynay olishiga ishonaman. Azarga kelsak, u to‘qson daqiqa harakat qilishga tayyor. Biz yana bir qator mashg‘ulotlar o‘tkazdik va o‘ylaymanki, u bizga yordam bera oladi. Ko‘ramiz».

STATISTIKA

  • O‘tgan YeChL mavsumida «Real» uch marta mag‘lubiyatga uchradi. Bu 2012/13 yilgi mavsumdan keyingi eng yomon ko‘rsatkichdir. Uch mag‘lubiyatdan ikkitasi TsSKA bilan o‘yinlarda bo‘lgan.
  • «PSJ» YeChL guruh bosqichlarida o‘z maydonidagi so‘nggi 21 o‘yinda yutqazmagan – 15 g‘alaba va 6 durang. Parijdagi so‘nggi mag‘lubiyat 2004 yilda ro‘y bergan. Yana TsSKA.
  • YeChLning so‘nggi ikki mavsumida «PSJ» guruh bosqichining eng sermahsul jamoasiga aylanmoqda. Ikki yil oldin parijliklar 17 bor, o‘tgan safar esa, 25 bor raqib darvozasini ishg‘ol qilishgan.
  • «Real» Chempionlar Ligasida har o‘yinda o‘rtacha 2.13 gol uradi – bu hammadan ko‘p. «PSJ» bu ko‘rsatkich bo‘yicha uchinchi o‘rinda – 1.97
  • «Real» Zidan boshchiligidagi 28 YeChL o‘yinining barchasida raqib darvozasiga gol urishning uddasidan chiqishgan.
  • Karim Benzema ushbu turnirda o‘tkazgan oxirgi 10 o‘yinida 9 golda qatnashgan. U 7 marta o‘zi raqib darvozasini ishg‘ol qilgan bo‘lsa, 2 marta sheriklariga golli uzatmani amalga oshirgan.
  • Kilian Mbappe Chempionlar Ligasida 14 golga mualliflik qilgan. U bugun 20 yosh-u 272 kunlik. YeChLda 15 gol urgan eng yosh futbolchi Leo Messi edi. U bu ko‘rsatkichga yetib kelganida 21 yoshdan o‘tgandi. Mbappe bugun maydonga tushmasa ham, mana shu guruh bosqichidayoq Messining rekordini yangilash imkoniyatiga ega. 
Ko‘proq yangiliklar: