Prezident maktabiga media-tur: Bu maktab ta'lim sifatini oshirishda o‘zi xos lokomotivga aylanadimi?

O‘zbekiston 17:13 / 18.09.2019 21582

O‘zbekiston fuqarolik jamiyatiga asoslangan demokratiya qurishni asosiy maqsadga aylantirdi. Bunda hukumat oldiga bir necha muhim vazifa qo‘yildi. Shulardan biri yosh avlodni har tomonlama mukammal bilimga ega qilib tarbiyalash hisoblanadi. Ushbu vazifalarni bajarish uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 20 fevraldagi «Prezident maktablarini tashkil etish to‘g‘risida»gi qaroriga asosan prezident maktablari loyihasi yo‘lga qo‘yildi. Yangi tashkil etilayotgan prezident maktablari yurtimizda ta'lim sifati va samarasini oshirish bo‘yicha lokomotivga aylanishi belgilab olindi.

Bu loyiha mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni o‘qitish tizimini yaratish hamda kelgusida ularda rahbarlik va yetakchilik ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan.

Ilk prezident maktabi Toshkent shahrida ish boshladi. Xalq ta'limi vazirligi matbuot xizmati ma'lumotiga ko‘ra, ayni paytda Namangan, Nukus va Xivada prezident maktablarini qurish va jihozlash ishlari yakunlanmoqda.

Prezident maktablari dastlab cheklangan miqdorda tashkil etilishi ushbu muassasalarni boshqarish uchun mutlaqo yangi modelni sinab ko‘rish zarurati bilan bog‘liq. Sinovdan so‘ng, prezident maktablarini 2020 yilda Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida, 2021 yilda Andijon, Navoiy, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida ham qurish rejalashtirilgan.

Prezident maktabiga kirish imtihonlari qanday o‘tdi?

Joriy yilda kirish imtihonlari Namangan, Nukus, Xiva va Toshkentda ikki bosqichda bo‘lib o‘tdi. Dastlab, saralash imtihonlarida qatnashish uchun 28 452 nafar nomzod ro‘yxatga olindi. Shundan 27 471 nafari imtihonda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldi. 27119 nafar nomzod esa saralash imtihonlarida ishtirok etdi.

Saralash bosqichi imtihoni natijalariga ko‘ra, 12 mingga yaqin o‘quvchi asosiy imtihonlarda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Asosiy imtihonlarda bitta o‘ringa da'vogarlar soni 20 kishini tashkil qildi. Imtihon natijalariga ko‘ra, maktabga 144 nafar o‘quvchi qabul qilindi (har bir sinfda 24 o‘quvchi).

Prezident maktablarida asosiy va dastlabki sinovlar «Cambridge Assessment International Education» mutaxassislari tomonidan o‘tkazildi.

Xalq ta'lim vazirligi prezident maktabiga kira olmagan bir guruh o‘quvchilarga yurtimizdagi boshqa ixtisoslashtirilgan maktablarda ta'lim olishni tavsiya qildi. Ular ushbu ixtisoslashtirilgan maktablarga imtihonsiz qabul qilindi.

Prezident maktabida o‘quv jarayonlari qanday?

Prezident maktablari internat sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda. Ya'ni, o‘quvchilar 5 kun davomida maktab hududida (kampusda) yashab, o‘qishadi. Dam olish kunlari ota-onalar farzandlarini uyga olib ketishlari mumkin. Prezident maktabi o‘quvchilari bepul maktab formasi va ovqat bilan ta'minlanadi.

Prezident maktablarida o‘quv jarayoni «STEAM - ta'lim» dasturi (Science — tabiiy fanlar, Technology — texnologiyalar, Engineering — texnik ijodkorlik, Art — san'at, Mathematics — matematika) bo‘yicha olib boriladi. Bu esa iqtidorli yoshlarning fikrlash qobiliyati, iroda, ijodiy salohiyati, moslashuvchanligini rivojlantirishga imkon beradi. Ushbu yo‘nalishdagi darslar ingliz tilida olib boriladi. Ayni payta maktab STEAM metodologiyasi bo‘yicha darslik va o‘quv qo‘llanmalar bilan ta'minlangan.

Yosh avlodni Vatanga muhabbat va yurtga sadoqat ruhida tarbiyalash uchun prezident maktablarida o‘zbek tilida o‘qitiladigan ona tili va adabiyoti, tarix va boshqa fanlarni chuqur o‘rganishga alohida e'tibor beriladi.

9-11-sinf o‘quvchilarining qiziqishlari va xususiyatlariga qarab, prezident maktabida ta'lim o‘quv jarayonini individualizatsiya qilgan holda olib boriladi.

Prezident maktablari bitiruvchilari belgilangan tartibda davlat tomonidan tasdiqlangan shahodatnoma, attestat bilan bir qatorda, xalqaro darajadagi tegishli dastur diplomi (International Baccalaureate, Advanced Placement yoki International Advanced Levels)ga ega bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida xorijiy oliy o‘quv yurtlariga kirish imkonini beradi.

Kanadaning «Teachaway» hamda Buyuk Britaniyaning «TIC Recruitment» rekruting kompaniyalari bilan hamkorlikda maktabga 30 nafar chet ellik mutaxassis tanlab olindi. Shuningdek, maktabga 72 nafar tajribali va malakali mahalliy o‘qituvchi ham jalb etildi. Ularning barchasi maxsus imtihondan o‘tkazildi.

Cambridge Assessment International Education vakillari tomonidan mahalliy va xorijiy mutaxassislar uchun Kembrij o‘quv dasturlari asosida maxsus treninglar o‘tkazildi. Shuningdek, Cambridge o‘quv dasturini amalga oshirishning ijobiy tajribasini o‘rganib, uni mamlakatimizdagi boshqa maktablarda qo‘llovchi mahalliy mutaxassislar jamoasi shakllantirilgan.

Zafarbek Solijonov, tasvirchi Mirvohid Mirrahimov. 

Ko‘proq yangiliklar: