O‘zbekiston va Tojikiston Xavfsizlik kengashlari hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga kelishib oldi

O‘zbekiston 14:24 / 18.09.2019 3486

Toshkentda 17 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparati va Tojikiston Respublikasi Xavfsizlik kengashi apparati o‘rtasida ikki tomonlama maslahatlashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov va Tojikiston Respublikasi Xavfsizlik kengashi kotibi Mahmadali Vatanzoda raisligida o‘tgan maslahatlashuv chog‘ida ikki tomonlama oliy darajadagi tashriflar, O‘zbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi o‘rtasida strategik hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolanishi uzoq muddatli hamkorlikni yanada mustahkamlash va kengaytirishda ijobiy ta'sir ko‘rsatgani qayd etildi.

Muloqot davomida O‘zbekiston – Tojikiston maslahatlashuvi mexanizmi ikki davlat o‘rtasidagi yaqin qo‘shnilik, do‘stlik va hamkorlikni izchil va jadal sur'atlarda rivojlantirishdek umumiy maqsadga xizmat qilishi, fuqarolarimiz manfaatlariga mos kelishi, o‘zbek va tojik xalqlarining tinch hayoti, farovonligini ta'minlashga qaratilgani ta'kidlandi.

Tomonlar mamlakatlar o‘rtasida xavfsizlik sohasida turli darajadagi ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish, jumladan, kelajakda shartnomaviy-huquqiy bazani mustahkamlash va birgalikdagi amaliy harakatlarni rivojlantirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladi.

Maslahatlashuv chog‘ida ekstremistlik va terrorchilik faoliyatiga qarshi birgalikda harakat qilish sohasidagi hamkorlikning amaliy mexanizmlarini takomillashtirish, chegaraviy xavfsizlikni ta'minlash va umumiy davlat chegaralarida iqtisodiy manfaatlarni muhofaza qilish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tadbirda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni yanada takomillashtirish bo‘yicha umumiy tashabbuslar va tavsiyalar ishlab chiqildi, o‘zaro munosabatlar rivojidagi yuqori sur'atni saqlash, ushbu jarayonni mavjud salohiyat, foydalanilmagan imkoniyatlar hisobiga yanada jadallashtirish muhimligi alohida ta'kidlandi.

Ikki tomonlama maslahatlashuv yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparati va Tojikiston Respublikasi Xavfsizlik kengashi apparati o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida Memorandum va xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va kengaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi Protokol imzolandi.

Ko‘proq yangiliklar: