2019 yilning yanvar-avgust oylarida respublikaning tashqi savdo aylanmasi hajmi 28,4 mlrd AQSh dollarini tashkil etib, 7,9 mlrd AQSh dollariga yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 38,6 %ga oshgan.
Davlat statistika qo‘mitasi xabariga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkichdan eksport hajmi 12,4 mlrd AQSh dollariga (o‘sish sur'ati – 46,7 %) va import hajmi esa 15,9 mlrd AQSh dollariga (o‘sish sur'ati – 32,8 %) yetdi. Hisobot davrida 3,5 mlrd AQSh dollari qiymatida passiv tashqi savdo aylanmasi qayd etildi.
O‘zbekiston jahonning 181 dan ortiq mamlakatlari bilan savdo aloqalarini amalga oshirib kelmoqda. Respublika tashqi savdo aylanmasining dunyo davlatlari qatoriga nisbatan salmoqli hissasi Xitoyda (18,4 %), Rossiya Federatsiyasida (14,5 %), Qozog‘istonda (8,1 %), Koreya Respublikasida (6,5 %), Turkiyada (5,7 %), Germaniyada (2,3 %) va Qirg‘izistonda (2,0 %) qayd etilgan.
Tashqi savdo aylanmasining tarkibiy dinamikasida ijobiy siljishlar kuzatilmoqda. O‘tgan yilning mos davri bilan solishtirganda tashqi savdo aylanmasida eksportning ulushi 2,4 foizga ortgan.
MDH davlatlari bilan an'anaviy savdo munosabatlari tufayli va tashqi savdoni har tomonlama qo‘llab quvvatlanishi natijasida MDHga a'zo davlatlar bilan o‘zaro savdoning O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasidagi ulushi 2019 yilning yanvar-avgust oylarida 33,2 %ni (9,4 mlrd AQSh dollari) tashkil etib, o‘tgan yilning tegishli davriga nisbatan 18,9 % o‘sishni qayd etdi.
Shu bilan birga, boshqa xorijiy hamkor-davlatlar bilan ham joriy savdo munosabatlari rivojlanishda davom etmoqda. Boshqa xorijiy davlatlarning tashqi savdo aylanmasidagi ulushi 66,8 %ga yetib (18,9 mlrd AQSh dollari) o‘tgan yilning mos davridagi tashqi savdo aylanmasiga nisbatan 50,9 %ga oshgan.
Tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha 20ta yirik hamkor-davlatlar orasidan besh davlatda faol tashqi savdo balansi kuzatilgan, xususan, Qirg‘iziston (388,1 mln. AQSh dollari), Afg‘oniston (359,9 mln. AQSh dollari), Tojikiston (88,6 mln. AQSh dollari), Fransiya (35,4 mln. AQSh dollari) va Eron (8,6 mln. AQSh dollari). Qolgan 15 ta davlatlar bilan passiv tashqi savdo balansi saqlanib qolmoqda.