O‘zbekiston gidroelektrostansiyalarni rivojlantirishda Fransiya bilan hamkorlik qiladi

O‘zbekiston 10:57 / 18.09.2019 1670

2019 yil 17 sentabr kuni Senatda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyevning Fransiya Respublikasining Markaziy Osiyodagi iqtisodiy diplomatiya bo‘yicha vazirining maxsus vakili Paskal Loro boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda iqtisodiyot va ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.

Fransiya O‘zbekistonning Yevropadagi birinchi siyosiy va iqtisodiy hamkorlaridan biri ekani qayd etildi. Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Fransiyaga 2018 yil oktyabrdagi rasmiy tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida moliyaviy-texnik ko‘mak vositalarini, shuningdek to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasini rivojlantirishga jalb qilish sohasida kompleks ishlar amalga oshirilmoqda. 

Shahar isitish tizimini takomillashtirish, shuningdek O‘zbekistonda gidroelektrostansiyani rivojlantirish va xususiy sektordagi loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha loyihalar hamkorlikning muhim yo‘nalishlari sifatida belgilandi. 

Uchrashuvda ikki tomonlama iqtisodiy munosabatlar sur'ati uzluksiz oshib borayotganini va bu ikki davlat manfaatlariga to‘liq javob berishi ta'kidlandi.   

Tomonlar o‘zaro iqtisodiy manfaatli boshqa masalalarni ham muhokama qildi, deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: