Tojikiston chegaradagi otishma yuzasidan Qirg‘izistonga norozilik bildirdi

Jahon 23:22 / 17.09.2019 18653

Tojikiston tashqi ishlar vazirligi Qirg‘izistonning Tojikistondagi vakiliga ikki davlat chegarasidagi otishma yuzasidan norozilik notasi topshirdi. Bu haqda vazirlikda ma'lum qilindi.

Tojikiston tashqi ishlar vazirligining ta'kidlashicha, So‘g‘d viloyatining Bobojon G‘ofurov tumanidagi Bahor qishlog‘idagi otishmani Qirg‘iziston boshlagan va voqea joyiga 250-300 harbiyni jalb qilgan.

Dushanbe otishma tojik qishlog‘ining qurollanmagan aholisiga qarshi olib borilganini ta'kidlab, qo‘shni dvlatni ig‘vogarlikda ayblagan. 

Ma'lum qilinishicha, mojaro vaqtida Qirg‘iziston tomonidan bir chegarachi, Tojikiston tomonidan 3 chegarachi halok bo‘lgan, har tomondan bir necha kishi yaralangan.

Qirg‘iziston chegara xizmatining ta'kidlashicha, Tojikiston birinchi bo‘lib qurol qo‘llagan va Qirg‘izistondagi ikkita chegara posti – “Maskat” va “Say” postlarini o‘qqa tutgan. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, hodisaga Tojikiston fuqarolari davlat chegarasining belgilanmagan uchastkasida qurilish ishlarini boshlashlari sabab bo‘lgan. Bunga javoban Qirg‘iziston fuqarosi xuddi o‘sha joyda uyi atrofiga devor urishni boshlagan.

Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegara ikki davlatning mahalliy aholisi va chegarachilari orasida vaqti-vaqti bilan mojaro maydoniga aylanib turadi. Bunga asosiy sabab ikki davlat o‘rtasidan o‘tuvchi chegarani aniqlab bo‘lmaydigan delimitatsiya qilinmagan hududlar hisoblanadi.   

Ko‘proq yangiliklar: