Qashqadaryoda Bahriddin Isamov va Mansur Tuymayev ustidan sud jarayoni boshlandi

O‘zbekiston 14:15 / 17.09.2019 45284

Bugun, 17 sentabr kuni, jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tuman sudida sudlanuvchilar Bahriddin Isamov va Mansur Tuymayevga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni boshlandi.

Oliy sud matbuot xizmati Kun.uz’ga xabar berishicha, mazkur jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tuman sudi raisi Lutfulla Mamarajabov raisligida ko‘rib chiqilmoqda.

Shu yilning yozida tadbirkor Bahriddin Isamov Yakkabog‘ tuman hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasida ishlagan Mansur Tuymayev «Hisor sarlochin» MChJning do‘konlarini buzishga kelganida uning ustiga benzin sepib yoqib yubormoqchi bo‘lgandi.

Tadbirkor 21 iyul kuni Isomov Jinoyat protsessual kodeksning 221-moddasi tartibda ushlangandi. 22 iyul kuni Isomovga ayb e'lon qilinib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Tuman hokimi o‘rinbosari ham egallab turgan lavozimidan bo‘shatilib, unga nisbatan ham JKning tegishli moddalari bilan jinoiy ish ochilgan edi. 

Bahriddin Isamov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25,98-moddasida («kuchli ruhiy hayajonlanish holatida qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish») nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Mansur Tuymayev esa O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 192-1-moddasi («xususiy mulk huquqini buzish») 3-qismi «a» bandi va 206-moddasi («hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish») 2-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Sud davomida 15dan ortiq jabrlanuvchi va 60dan ziyod guvoh so‘roq qilinadi.

Sud jarayoni davom etmoqda.

Keyingi sud majlisi 25 sentabr kuni o‘tkaziladi.

Ma'lumot uchun, Jinoyat kodeksining 98-moddasida kuchli ruhiy hayajonlanish holatida qasddan odam o‘ldirganlik uchun 2 yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi ko‘zda tutilgan.

Ko‘proq yangiliklar: