O‘zbekistonda payvandchilarni attestatsiyadan o‘tkazish qoidalari tasdiqlanadi

O‘zbekiston 08:51 / 17.09.2019 9462

Vazirlar Mahkamasining “Payvandchilarni attestatsiyadan o‘tkazish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qoidalarga ko‘ra, bilim sinovi 18 yoshdan kichik bo‘lmagan, maxsuslashtirilgan kasb hunar-texnik bilim yurtini yoki payvandlash bo‘yicha kurslarni tugatgan, ushbu mutaxassislik bo‘yicha kamida 6 oy, avtomatlarda, yarimavtomatlarda va kontakt mashinalarda esa kamida 3 oy ishlagan payvandchilarga ruxsat etiladi. Bilim yurtida yoki kurslarda payvandchini o‘qitish jarayonidagi amaliy ishlar vaqti stajga kirmaydi.

Bilim sinovidan o‘tishdan oldin payvandchilar, bajarishga tayyorlanayotgan ishlarini bajarish spetsifikasini hisobga oladigan maxsus nazariy va amaliy tayyorgarlikdan o‘tishlari shart. Tayyorgarlik Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi bilan kelishilgan maxsus dasturlar bo‘yicha o‘tkazilishi kerak. Dasturda payvandlash jihozlari bo‘yicha (vazifasi, tuzilishi, ishlash prinsipi, foydalanish qoidalari), asosiy va payvandlash materiallarining xossalari bo‘yicha, payvandlash texnologiyasi, payvand birikmalarining sifatini nazorat qilish, nuqsonlarni tuzatish usullari, shuningdek payvandlash ishlarini bajarishda xavfsizlik qoidalari bo‘yicha bo‘limlar bo‘lishi kerak.

Payvandchilar bilim sinovi doimiy ishlaydigan komissiya tomonidan korxonalarda (tashkilotlarda) ularning nazariy bilimlarini va amaliy ko‘nikmalarini tekshirish yo‘li bilan o‘tkaziladi.

Payvandchilarni bilim sinovidan o‘tkazish komissiyalari zarur ishlab chiqarish bazasiga ega va muhandis-texnik xodimlari bo‘lgan korxonalarda (tashkilotlarda), Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining hududiy organi bilan kelishilgan holda tuziladi.

Komissiya tarkibiga quyidagilar kirishi kerak:

a) bosh payvandchi yoki korxonaning (tashkilotning) payvandlash ishlari rahbari – komissiya raisi;

b) payvand nazoratini idora qiladigan, korxonaning (tashkilotning) texnik nazorat bo‘limi vakili (montaj tashkiloti payvandlash laboratoriyasi vakili);

v) sex (montaj uchastkasi) rahbariyati vakili;

g) payvandlash bo‘yicha o‘qitgan o‘qituvchi;

d) korxona (tashkilot) xavfsizlik texnikasi bo‘limi vakili;

ye) Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi vakili.

Undan tashqari, komissiya tarkibiga payvandlash ishlab chiqarish bo‘yicha boshqa mutaxassislar ham kiritilishi mumkin.

Payvandchining nazariy bilimlarini va amaliy ko‘nikmalarini tekshirish dastur hajmida amalga oshiriladi. Bunda nazariy bilimlar to‘rt balli tizim bo‘yicha baholanadi (a'lo, yaxshi, qoniqarli, qoniqarsiz).

Amaliy bilimlarni (ko‘nikmalarni) tekshirishda payvandlash jihozlarini tayyorlash va ishga tushirish, payvandni belgilangan rejimda bajarish, dastaki (ruchnoy) va yarimavtomatik payvandlashda esa – payvand ishlarini barcha fazoviy holatlarda bajarish ko‘nikmalari aniqlanadi. Agar ishlab chiqarishda payvandchi payvand birikmalarini faqat bitta fazoviy holatda bajaradigan bo‘lsa, amaliy ko‘nikmalarni dastaki va yarimavtomatik payvandlashda xuddi shu holatda tekshirish ruxsat etiladi. Payvandchilar shuningdek payvandning ko‘zga tashlanadigan nuqsonlarini aniqlashni va bartaraf qilishni bilishlari kerak.

Asosiy va payvand materiallarini (elektrodlar, payvand simi, flyuslar, gazlar va sh.k. ni) doimiy ishlaydigan komissiya, payvandchilar ishlab chiqarishda payvand qilishi kerak bo‘lgan buyumlarga nisbatan tanlaydi. Nazorat birikmalarini payvandlash uchun materiallarni tayyorlash va dastlabki termik ishlov berish xuddi buyumlarni payvandlashdagi kabi bo‘lishi va komissiyaning ko‘rsatmasi bo‘yicha bajarilishi kerak. Payvandchilarning amaliy ko‘nikmalarini tekshirish, sifati standart talablariga yoki texnik shartlarga javob beradigan va sertifikat yoki boshqa hujjat bilan tasdiqlangan materiallarda amalga oshirilishi kerak.

Amaliy ko‘nikmalarni tekshirishda payvandchi, komissiyaning kamida ikkita a'zosi – texnik nazorat bo‘limi vakili va payvandlash ishlari bo‘yicha mutaxassis ishtirokida nazorat birikmalarini payvandlashi yoki eritib qoplash ishlarini bajarishi kerak.

Nazorat birikmalarini payvandlash va eritib qoplash ishlari ushbu korxonada amalda bo‘lgan buyumni payvandlash, eritib qoplash va termik ishlov berish ishlab chiqarish yo‘riqnomasi talablariga muvofiq amalga oshirilishi kerak. Payvandlash va eritib qoplash soz asboblardan va jihozlardan foydalanib bajarilishi kerak.

Buyumlarni ishlab chiqishda payvandchilar choklarni qaysi holatda bajarsa, nazorat birikmalarini payvandlash ham xuddi shu holatda amalga oshirilishi kerak. Dastaki va yarimavtomatik payvandlashda barcha fazoviy holatlarda ishlarni bajarishga ruxsat olish uchun namunalarni ikkita eng qiyin holatda (shiftda, burilmaydigan holda va sh.k.) payvandlashga ruxsat etiladi. Har bitta fazoviy holatda payvandlanadigan nazorat birikmalarining soni va o‘lchamlari mazkur Qoidalarda ko‘zda tutilgan barcha nazorat sinovlari uchun yetarli bo‘lishi kerak.

Nazorat birikmalari buyumlarni ishlab chiqishda payvandlanadigan namunaviylarga xos bo‘lishi kerak. Agar namunaviy nazorat birikmalari burchakli yoki “t” harfi shaklida bo‘lsa, payvandchi qo‘shimcha ulanish birikmalarini bajarishi kerak.

Nazorat birikmalarida va tayyor namunalarda payvandchining familiyasini va payvandlashdagi chokning holatini aniqlash uchun tamg‘a bosilishi kerak (raqamli yoki harfli), tamg‘a namunaning ishchi qismidan tashqarida joylashgan va sinovdan keyin ham saqlanib qolishi kerak.

Payvandchilar payvandlanadigan materiallarning aniq markalariga tegishli payvandlash usullaridan biri bo‘yicha (dastaki elektr yoyli, gaz yordamida, flyus qatlami ostida yarimavtomatik va avtomatik, himoya gazlari muhitida, elektroshlakli, kontaktli, ishqalanish bilan, lazerli, elektron-nurli, plazmali va b.), shuningdek ishlar turlaridan biri bo‘yicha (Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi nazorati ostidagi qozonlar barabanlarini va idishlar korpuslarini hamda ularning elementlari payvandlash, yuk ko‘tarish mashinalari metallokonstruksiyalarini payvandlash, bug‘ va issiq suv quvurlarini, gaz quvurlarini, shuningdek boshqa obektlarning elementlarini payvandlash) sinovdan o‘tishlari kerak.

Kimyoviy tarkibi bo‘yicha yaqin bo‘lgan va bir xil texnologiya bo‘yicha payvandlanadigan materiallarning bir nechta markasi, bitta nazorat birikmasini payvandlab, bitta guruhga birlashtirilishi mumkin.

Komissiyaning ruxsati bilan payvandchilar bir nechta payvandlash usullari va ishlar turlari bo‘yicha bilimlari tekshirilishi mumkin, bunda ularning tayyorgarligi va ish staji har bitta payvand turi bo‘yicha mazkur Qoidalarning 2-moddasi talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.

Nazariy bilimlar va amaliy ko‘nikmalar tekshiruvidan muvaffaqiyatli o‘tgan payvandchilarga korxona (tashkilot) ma'muriyati muvofiq shakl bo‘yicha raisning va komissiya a'zolarining birining imzosi qo‘yilgan guvohnoma beriladi.

Tekshiruvning birorta turi bo‘yicha (nazariy yoki amaliy) qoniqarsiz baho olgan payvandchilar yangi bilim tekshiruvidan qo‘shimcha o‘quvdan o‘tgandan keyin, biroq kamida 1 oydan keyin o‘tishi mumkin.

Takroriy bilimlar tekshiruvi doimiy ishlaydigan komissiya tomonidan o‘tkaziladi:

a) muntazam, 12 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatda kamida bir marta;

b) o‘z mutaxassisligi bo‘yicha 6 oydan ortiq tanaffus bo‘lganda;

v) texnologiya buzilganligi va ishlarining sifatsizligi tufayli payvandchi vaqtincha ishdan chetlashtirilgandan keyin ishlashga ruxsat berishdan oldin.

O‘z mutaxassisligi bo‘yicha uzluksiz ishlayotgan va oxirgi yil davomida bajargan ishlarining nazorat natijalari tasdiqlagan yuqori sifati bilan o‘zini ko‘rsatgan payvandchilar, komissiyaning qarori bilan 1 yil muddatga, biroq ketma-ket ko‘pi bilan 3 marta, takroriy sinovlardan ozod qilinishi mumkin.

Takroriy tekshiruv o‘tkazishda, doimiy ishlaydigan komissiyaning qarori bo‘yicha amaliy bilimlarni baholash uchun, tekshiruvdan oldingi ko‘pi bilan 3 oylik davrda payvandchilar ishlab chiqarish buyumlarini va konstruksiyalarini ishlab chiqish vaqtida bajargan nazorat payvand birikmalariga ruxsat beriladi.

Payvandchilarning bilimlari quyidagi holatlarda qo‘shimcha tekshiriladi:

a) payvandchi uchun yangi bo‘lgan payvandlash usullariga yoki ishlar turlariga o‘tganda;

b) yangi materiallardan bo‘lgan buyumlarni payvandlashda yoki payvandlash, eritib qoplash texnologiyasi muhim jihatdan o‘zgarganda (isitishni kiritish yoki bekor qilish, yangi jihozlar yoki payvand materiallaridan foydalanganda va sh.k.);

v) yangi jihozlardan yoki payvandlash materiallaridan foydalanib buyumlarni eritib qoplashda, shuningdek texnologik jarayon o‘zgarganda (isitishni kiritish yoki bekor qilish va h.k.).

Bilimlarni qo‘shimcha tekshirish korxona (tashkilot)ning bosh muhandisi tasdiqlagan dasturga asosan o‘tkazilishi kerak.

Birlamchi, takroriy va qo‘shimcha bilimlar tekshiruvi natijalari, shuningdek komissiyaning payvandchilarni takroriy bilimlar tekshiruvidan ozod qilish to‘g‘risidagi qarori keltirilgan shakl bo‘yicha, komissiya raisi va a'zolarining imzosi bilan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi, va payvandchining guvohnomasiga yozib qo‘yiladi.

Ko‘proq yangiliklar: