O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar kengashiga qo‘shildi. Bu qanday imkoniyatlar beradi?

O‘zbekiston 10:23 / 17.09.2019 14587

Prezident tomonidan Oliy Majlis Senatining 22-yalpi majlisida ma'qullangan “Turkiy tilli davlatlar hamkorligi Kengashini tuzish to‘g‘risidagi Naxichevan Bitimini (Naxichevan, 2009 yil 3 oktabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni imzolandi.

Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Alisher Kurmanovning yozishicha, Turkiy kengash unga a'zo davlatlarning muloqoti va hamkorligini ilgari surish maqsadida tuzilgan yirik mintaqaviy birlashma hisoblanadi. Ushbu tashkilotning shakllanishiga qadar O‘zbekiston turkiy tillar davlatlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni o‘rnatish va yanada rivojlantirishda faol ishtirokchi va tashabbuskorlardan biri bo‘lgan.

Turkiy tilli davlatlar o‘rtasida aloqalarni yanada jadallashtirish maqsadida 2009 yilning 3 oktyabrida Naxichevan shahrida, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya davlatlari rahbarlari “Turkiy tilli davlatlar hamkorligi Kengashini tuzish to‘g‘risidagi Bitim” imzolagan.

Bitimga asosan Turkiy kengash xalqaro hukumatlararo tashkilot hisoblanadi, uning maqsad va vazifalari esa turkiy tillar mamlakatlari o‘rtasida o‘zaro ishonch, do‘stlik va yaqin qo‘shnichilikni mustahkamlash, mintaqada, umuman dunyoda tinchlikni qo‘llab-quvvatlash hamda xavfsizlikni ta'minlashga qaratilgan.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashida ishtiroki ushbu tashkilotning a'zo-davlatlari bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, huquq-tartibot, tabiatni muhofaza qilish, madaniy, ilmiy-texnikaviy, ta'lim, energetika, transport, kredit-moliya va o‘zaro manfaatli boshqa sohalarda hamkorlikni yanada kengaytirishga ko‘mak ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, mazkur tuzilmaga a'zo bo‘lish savdo va investitsiyalar uchun qulay sharoitlar yaratish, tovarlar, kapitallar, xizmatlar va texnologiyalarning erkin harakatlanishini bosqichma-bosqich amalga oshirish maqsadida bojxona va tranzit tartib-taomillarini soddalashtirish hamda bank va moliyaviy operatsiyalarni yengillashtirish imkonini berishi aytiladi.

“Eng muhimi, Turkiy kengash doirasida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida o‘zaro hurmat, do‘stona va yaxshi qo‘shnichilik aloqalarni mustahkamlashga yo‘naltirilgan O‘zbekistonning hozirgi ochiq, konstruktiv va amaliy tashqi siyosatini ilgari surishda qo‘shimcha omil bo‘lib xizmat qiladi”, - deydi Alisher Kurmanov.

Ko‘proq yangiliklar: