O‘zbekiston - Misr hukumatlararo qo‘shma komissiya majlisi o‘tkaziladi

O‘zbekiston 08:05 / 17.09.2019 2435

2019 yil 16 sentabr kuni Qohira shahrida O‘zbekiston-Misr vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarining 9-raundi bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar delegatsiyalariga O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Dilshod Axatov va Misr Arab Respublikasi tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Hani Salim rahbarlik qildi.

Muzokaralar chog‘ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari batafsil muhokama qilindi, mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev va prezident Abdulfattoh as-Sisining 2018 yil 4-5 sentabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan oliy darajadagi samarali muzokaralari ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqqanligi qayd etildi.

Ta'kidlanganidek, ma'naviy, tarixiy va madaniy umumiylik, xalqlarimiz urf-odatlarining o‘xshashligi O‘zbekiston-Misr munosabatlarining mustahkam asosidir. O‘zbekiston Misrni arab dunyosi va Afrika qit'asidagi istiqbolli sherik sifatida ko‘radi.

Hozirgi vaqtda geografik jihatdan uzoqligi tufayli ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikning mavjud salohiyati yetarlicha foydalanilmagan. Shu nuqtai nazardan, Hukumatlararo qo‘shma komissiya va O‘zbekiston-Misr ishbilarmonlar kengashining navbatdagi majlislarini o‘tkazish dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib, ushbu yo‘nalishdagi aloqalarni rivojlantirishning muhim mexanizmi ekanligi qayd etildi.

Tomonlar Buxoroning 2020 yilda «Islom madaniyati poytaxti» deb e'lon qilinishi munosabati bilan o‘tkaziladigan tadbirlarda Misrning ishtirok etishiga qiziqish bildirdilar.

Islomiy merosni o‘rganish doirasida tomonlar Misr ilmiy muassasalari bilan Samarqand shahridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazi o‘rtasida hamkorlik aloqalari o‘rnatilganligini yuqori baholadilar. Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston Fanlar akademiyasi huzuridagi Sharqshunoslik instituti bilan Misr Madaniyat vazirligi qoshidagi Kitoblar uyi va Arxivlar muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risidagi taklifni qo‘llab-quvvatladilar, bu esa ikki mamlakat ilmiy muassasalarida saqlanayotgan nodir qo‘lyozmalarni birgalikda o‘rganishga imkon beradi.

Muzokaralarda turizm, madaniyat, fan va ta'lim sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, Misr TIV huzuridagi Misr sheriklikni rivojlantirish agentligi bilan o‘zaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: