Qo‘shilgan qiymat solig‘i (keyingi o‘rinlarda – QQS) bilan bog‘liq islohotlar joriy yilning boshidan boshlangan bo‘lsada, jamoatchilik va xalqimizning mavzuga oid xilma-xil fikrlari, tortishuvlar va turli munosabatlar bildirishi hamon davom etmoqda.
O‘tgan davr mobaynida soha mutaxassislari, blogerlar, tadbirkorlar va qolaversa aholining faol qatlami tomonidan olib borilgan targ‘ibot va tashviqot tadbirlariga qaramasdan, ushbu soliq turi bilan bog‘liq muammolar hali ham o‘zining dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q.
Shu sababli, bu maqolada QQSning ahamiyati, o‘ziga xos xususiyatlari, tovarlar va xizmatlar narxiga va iqtisodiyot tarmoqlariga ta'siri to‘g‘risida fikr yuritamiz.
Tarixga nazar
QQS birinchi marta 1958 yilda Fransiyada joriy etilgan bo‘lib, bugungi kunda dunyoning 140ga yaqin davlatlarida bor. Biroq, ba'zi davlatlarda, xususan, AQSh, Kanada va Yaponiyada bu soliq amal qilmaydi, uning o‘rniga sotishdan soliq (sales tax) undiriladi.
O‘zbekistonda QQS ilk bor 1992 yilning 1 yanvarida joriy qilingan. Qariyb 28 yildan buyon amal qilib kelayotgan QQSning ilk stavkasi 30 foiz edi. Amaldagi stavka 20 foiz qilib belgilangan bo‘lib, 2000 yildan buyon o‘zgarishsiz kelmoqda.
QQSni tushunushning murakkabligi uning o‘ziga xos xususiyatlarga ega ekanligida bo‘lib, xaridor nuqtai nazaridan olib qaralganda xuddi iste'mol solig‘iga o‘xshaydi. Ya'ni sotuvchi uni sotilgan tovarlar, ishlar yoki xizmatlar narxining ustiga qo‘shadi. Shu ma'noda QQSni iste'mol yoki oborot solig‘ining modifikatsiyalangan ko‘rinishi deb hisoblasak bo‘ladi. Farqi shundaki, agar xaridor ham QQS to‘lovchisi bo‘lsa (ya'ni boshqa tovarlar yoki xizmatlarni ishlab chiqarishda foydalanish uchun tovarlar, ishlar va xizmatlarni sotib olsa), sotuvchi budjet oldidagi majburiyatlarining umumiy miqdorini hisoblashda xaridordan olingan soliq summasidan yetkazib beruvchilarga to‘lab bergan soliq summasini ushlab qolish huquqiga ega bo‘ladi.
Shunday qilib, ushbu soliq bilvosita bo‘lib, uning yuki oxir-oqibat ishlab chiqaruvchiga emas, balki tovarlar va xizmatlarning yakuniy iste'molchilariga tushadi.
QQS va Davlat budjeti
Nima uchun QQS bu qadar muhim? QQS bo‘lmasa davlat xarajatlari yoki budjet tushumlari rejasi bajarilmaydimi? Undan butunlay voz kechish mumkinmi? Ushbu savollarga javob berish uchun davlatlarning soliq tizimini tanlash standartlariga (differensiatsiyasi) e'tibor berish lozim bo‘ladi ya'ni rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlar soliq tizimi strukturasi bir birdan farq qiladi.
Rivojlangan davlatlar oldida turgan ustuvor vazifa bu yillar davomida erishilgan ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish bo‘lsa, rivojlanayotgan davlatlar uchun aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad miqdorini ko‘paytirish muhim hisoblanib, buning uchun ular iqtisodiy o‘sish sur'atini muttasil oshirib borishi lozim bo‘ladi.
Ushbu maqsadlarga erishish yo‘lida davlatlar turli soliq modelini tanlaydilar. Masalan, rivojlangan davlatlarda soliq tizimining asosini to‘g‘ri (foyda, daromad, mulk va ijtimoiy) soliqlar tashkil etsa, rivojlanayotganlarda esa bilvosita soliqlar (QQS, aksiz, tovar va xizmatlarni ya'ni xarajatlarni soliqqa tortish) ustunlik qiladi, ya'ni, kapital va jamg‘armalar o‘sishini rag‘batlantirish orqali, iqtisodiy o‘sishni kuchaytirishga harakat qilinadi.
Jahon bankining ma'lumotlariga ko‘ra, rivojlanayotgan davlatlar barcha daromadlarining o‘rtacha 35 foiz bilvosita soliqlar ya'ni tovar va xizmatlarga soliq solish orqali yig‘iladi.
O‘zbekistonda ham QQS har doim soliq tushumlari ichida eng asosiy manba hisoblangan. 2019 yil uchun budjet daromadlarida uning umumiy soliq tushumlari ichidagi hissasi 35 foiz (35 993,5 mlrd.so‘m)ni, jami daromad tushumlari ichida esa 27 foizni tashkil etadi.
2019 yil 1 oktyabrdan boshlab qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan belgilangan QQS bo‘yicha imtiyozlar bekor qilindi;
1 milliard so‘mdan ortiq pul aylanmasiga ega bo‘lgan yoki 50 gektardan ortiq yer maydonlariga ega bo‘lgan yagona yer solig‘i to‘lovchilari QQS to‘lovchilari safiga o‘tkazildi.
Xo‘sh, joriy yilning 1 oktyabridan ushbu o‘zgarishlardan nima kutish mumkin? Imtiyozning bekor qilinishi narxlar ko‘tarilishiga ta'sir qiladimi?
Ushbu ta'sirni baholashda bir nechta omillar inobatga olinishi kerak:
Shunday sohalar borki, ularga QQSning ta'siri sezilmas darajada bo‘ladi. Umumiy qiymatda oraliq iste'mol ulushi yuqori bo‘lgan va iste'mol qilingan tovarlar va xizmatlar bo‘yicha (shu jumladan import) katta miqdorda hisobga olish summasi mavjud bo‘lgan tarmoqlardagi korxonalar uchun QQS foydali hisoblanadi, ya'ni ushbu sohalarda narxga ta'sir qilish minimal bo‘ladi. Bu yerda shuni yodda tutish lozimki, oraliq iste'molning barcha ishtirokchilari QQS to‘lovchilari bo‘lishi lozim (bunday sohalarga mahsulot ishlab chiqaruvchilar (shu jumladan, qishloq xo‘jaligi), qurilish, ulgurji va chakana savdo korxonalari misol bo‘ladi).
Shu bilan birga, ayrim sohalar uchun QQS foydali emas. Umumiy xarajatlari ichida oraliq iste'mol ulushi juda kam bo‘lgan va iste'mol qilingan tovarlar va xizmatlar uchun QQS summasini hisobga olish imkoni bo‘lmagan sohalar uchun QQS noqulay hisoblanadi va ular mahsulotlarining narxiga ta'sir ko‘rsatadi.
Bular asosan xizmat ko‘rsatish korxonalari (xizmat ko‘rsatish, umumiy ovqatlanish, konsalting, auditorlik korxonalari, IT-kompaniyalari, mulkni ijaraga berish xizmatlari, lizing kompaniyalari, xizmatni eksport qiluvchilar va boshqalar) bo‘lib, ular o‘z faoliyatida, ko‘rstatayotgan xizmatlarida asosan inson resurslariga tayanadi va ularning yakuniy mahsuloti tannarxida asosiy ulushni ish haqi xarajati tashkil etadi.
Ish haqi qo‘shilgan qiymatning bir qismi hisoblansada, unda QQSning kirim summasini hisobga olishning imkoniyati mavjud emas. Natijada, ularda kiruvchi QQS deyarli bo‘lmaydi yoki minimal bo‘ladi. Shunga ko‘ra bunday xarajatlardan tarkib topgan tannarx soliq solinadigan bazani oshishiga olib keladi.
Oxir-oqibat, bunday korxonalar daromadni muntazam ushlab turish uchun o‘z xizmatlari narxini QQS summasiga oshirishga majbur bo‘ladi.
Keyingi kunlarda aholini ortiq darajada tashvishlantirayotgan muammo bu iste'mol bozorida go‘sht narxining keskin qimmatlashganidir. Xo‘sh, bunda QQSning ta'siri bormi?
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 martdagi 249-sonli qarorida go‘sht ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlar ro‘yxatiga kiritilmagan va uning narxi davlat tomonidan tartibga solinmaydi, aksincha ishlab chiqaruvchi tomonidan mustaqil ravishda o‘rnatiladi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga ko‘ra, 2019 yilning 1 aprel holatiga ko‘ra O‘zbekistonda tirik vaznda go‘sht ishlab chiqarishning umumiy hajmida dehqon (shaxsiy yordamchi) xo‘jaliklariga 94,3 foiz, fermer xo‘jaliklari 4,8 foiz, qishloq xo‘jaligi faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar hissasiga 0,9 foiz to‘g‘ri keladi.
Bu yerda QQSning ta'siri quyidagicha bo‘lishi mumkin:
Birinchidan, go‘sht ishlab chiqarishning asosiy yetkazuvchisi bo‘lgan shaxsiy yordamchi xo‘jaliklari o‘zlariga kerak omuxta yemni ikki usulda olishlari mumkin: birja orqali yoki omuxta yem sotishga ixtisoslashtirilgan savdo do‘konlaridan.
Har ikkala usulda ham omuxta yem QQS qo‘llangan narxlarda xarid qilinadi. Birja savdolarida mahsulotni sotish «O‘zdonmahsulot» AK va «O‘zpaxtayog‘» AJ tizimidagi korxonalar tomonidan amalga oshirilib, ular QQS to‘lovchilari hisoblanadi.
2019 yil I chorak yakuniga ko‘ra birja savdolari orqali sotilgan shrot va sheluxa narxi o‘rtacha 7,1 foizga pasaygan. Shuningdek, 2019 yil I chorak davomida birja savdolari orqali 153,01 ming tonna shrot va sheluxa sotilgan, bu esa respublikadagi bir bosh yirik qoramol taxminiy ozuqasining deyarli 5,3 foizini tashkil qiladi xolos. Demak, birja savdolari orqali sotilayotgan shrot va sheluxaning hajmi go‘sht va go‘sht mahsulotlari narxlarining shakllanishida hal qiluvchi omil hisoblanmaydi.
Ikkinchidan, shaxsiy yordamchi xo‘jaliklari tomonidan ishlab chiqarilgan go‘sht bozorlarda asosan naqd pulga sotilishini e'tiborga olsak, bu jarayonda QQSni olish ya'ni QQSning to‘liq mexanizmining ishlashi ancha mushkul vazifaga aylanadi;
Uchinchidan, import qilingan go‘sht va uni QQSdan ozod qilish kabi imtiyozlar (2019 yil 1 oktyabrgacha) bozordagi talabni to‘liq qamrab olmaydi, natijada go‘sht narxiga sezilarli raqobat muhitini yaratolmaydi;
To‘rtinchidan, bizda talab va taklifni hisobga olgan holda bozorlardagi barqarorlikni ta'minlash darajasidagi sanoat miqyosida go‘sht ishlab chiqarishning yo‘lga qo‘yilmaganligi QQSning salbiy ta'sirini oshiradi va ushbu sektorda narxni tushirishni qiyinlashtiradi.
Bundan tashqari dehqon bozorlaridagi nohalol raqobat ham go‘sht qimmatlashuvining asosiy sabablaridan biri bo‘lishi mumkin.
Xususan, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining tushuntirishicha «sohadagi monopoliya bilan bog‘liq jihat bo‘lib, go‘sht bozorlarini ko‘pchilik qassoblar o‘z shaxsiy monopoliyasiga aylantirib olishgani va narx-navo ham ular tomonidan boshqarilishi go‘sht narxining sun'iy yo‘llar bilan oshirilishiga sabab bo‘lmoqda».
Narxlar o‘sishiga faqat soliq siyosati emas, balki boshqa bir qancha omillar ham ta'sir ko‘rsatishini e'tibordan chetda qoldirmaslik lozim. Misol uchun, pul emissiyasining oshib ketishi, ochiq bozor operatsiyalari va tijorat banklariga arzon kreditlar berish amaliyoti, zaif raqobat muhiti, monopol mavqega ega bo‘lgan korxonalar ko‘pligi va ular tomonidan boshqalarga taqdim etilmagan soliq, kredit olish, material resurslardan foydalanish kabi eksklyuziv imtiyoz va preferensiyalardan foydalanishi va boshqalar.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti
bo‘lim boshlig‘i N.I.Norbayev