Navoiyda aliment to‘lamay kelgan ota yarim yilga qamaldi

Jamiyat 18:08 / 17.09.2019 5889

Zarafshonda yashovchi, ayni paytda uchinchi rafiqasi bilan nikohda yashayotgan 33 yoshli B.A. avvalgi ikki turmushidagi ikki farzandi uchun to‘lashi lozim bo‘lgan 10 million so‘mdan ziyod aliment pulini vaqtida to‘lamagani uchun 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Kun.uz muxbirining Zarafshon shahar prokurori katta yordamchisi Hasan Daminovga asoslanib xabar berishicha, ushbu fuqaro 2018 yil kuzida ham 6 mln so‘mdan ko‘proq aliment qarzi tufayli 15 sutkaga qamalgan edi.

Sud hujjatlariga ko‘ra, B.A. ushbu ma'muriy qamoq jazosidan tegishli xulosa chiqarmay, sobiq xotini S.K.ga 6 yoshli qizi uchun to‘lashi belgilangan 7,6 mln so‘m, boshqa bir sobiq xotini G.A.ga bir yashar o‘g‘li uchun to‘lashi zarur bo‘lgan deyarli 3,3 mln so‘m aliment pulini to‘lamagan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Zarafshon shahar sudi majlisida sudlanuvchi o‘z aybiga iqror bo‘lgani, qilmishini tushunib yetgani, muqaddam sudlanmagani, jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar aniqlanmagani va uning oilaviy sharoiti (sudlanuvchi – vaqtinchalik ishsiz) hisobga olinib, 6 oylik qamoq jazosiga hukm qilindi.

Sud zalida qamoqqa olingan ota jazoni manzil koloniyada o‘tashi barobarida undan voyaga yetmagan ikki farzandi uchun to‘lanmay qolgan jami 10 mln 900 ming so‘m miqdoridagi aliment pullari ham undiriladi.

1986 yilda tug‘ilgan sudlanuvchining hozirgi – uchinchi oilasidan ham bir nafar farzandi bor.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston qonunchiligida voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta'minlashdan bo‘yin tovlash maksimal 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanishi mumkinligi belgilangan.

Ko‘proq yangiliklar: