Messi Germaniyada. «Barselona» uchun birinchi turdayoq hal qiluvchi o‘yin

Sport 18:00 / 17.09.2019 33342

«Barselona» qur'ada doim birinchi savatchada joy olib kelayotgan bo‘lsa-da, ikki yildirki, anchagina murakkab guruhga tushib qolmoqda. O‘tgan mavsumda «Inter», «Tottenhem» va «PSV» kataloniyaliklar bilan ikki yo‘llanma uchun bahs olib borgan bo‘lishsa, bu safar «Inter»ga endi Dortmundning «Borussiya» jamoasi sherik bo‘ladi. Qizig‘i, o‘tgan yili «Borussiya» guruh bosqichini kuchli o‘tkazib, pley-offga chiqqan, ammo u yerda «Barselona»ning guruhdoshi «Tottenhem»ga yutqazib qo‘ygandi. To‘rtlikdagi to‘rtinchi jamoa esa – «Slaviya».

O‘YIN OLDIDAN

Bahorning so‘nggi oylarini yomon o‘tkazib, ham Chempionlar Ligasidan, ham Qirollik kubogidan quruq qolgan «Barselona»ni Ernesto Valverde boshqarishda davom etmoqda. Grizmann, De Yong kabi yirik transferlar kataloniyaliklarning bu safar yanada jiddiy va yuqori ambitsiyalarga ega ekanini, o‘tgan yilgi kabi faqat Ispaniya chempionati bilan kifoyalanishga rozi emasliklarini payqash mumkin. Aks holda katta ehtimol bilan Valverde davri tugaydi.

Natijalar haqida aniq xulosalar berish qiyin, chunki jarohatlar girdobiga tushib qolgan jamoa Messisiz, bundan tashqari aksariyat o‘yinlarda Suaressiz ham harakat qilishga majbur bo‘ldi. Shuning uchun jamoa o‘yinlari biroz beqaror, «Barselona» «Kamp Nou»dagi so‘nggi ikki o‘yinda raqib darvozasiga beshtadan gol urayotgan bo‘lsa-da, safar o‘yinlarida ishonchsiz ko‘rindi. Dortmundning o‘z maydonida qanday muhit hosil qilishini esa, hamma yaxshi biladi – «Barselona»ga juda qiyin bo‘lishi tabiiy. Yaxshiyamki, Luis Suares safga qaytdi va «Valensiya»ga qarshi o‘yinda juda yaxshi sport formasida ekanini namoyish qildi.

Qarshi tomonda esa, yana bir shunday hujumchi – Pako Alkaser to‘p suradi. Uning o‘z vaqtida «Barselona»ning asosiy tarkibiga kira olmagani alohida motivatsiya sifatida ahamiyat kasb etsa kerak. Alkaser sobiq jamoasiga o‘zining qanday hujumchi ekanini ko‘rsatishi mumkin. Unga yordam beradigan Jyeydon Sancho va Marko Roys ham juda yaxshi sport formasiga kirib olishdi. Sancho mavsum boshidan beri har o‘yinda golli vaziyatlar ishtirokchisiga aylanayotgan bo‘lsa, Marko Roys ham bombardirlik xislatlarini yo‘qotmaganini o‘tgan o‘yinda isbotladi va dubl qayd etdi.   

Lekin ba'zi statistik ma'lumotlar mezbonlarning zarariga ishlaydi: jamoa o‘z maydonidagi so‘nggi sakkiz o‘yindan atigi ikkitasini o‘z foydalariga hal qilishgan. Shuningdek, Chempionlar Ligasidagi so‘nggi besh o‘yinning to‘rttasida «Borussiya» raqib darvozasini ishg‘ol qila olmagan. «Barselona» esa, turnirdagi so‘nggi 12 uchrashuvning faqat bittasida mag‘lubiyatga uchragan, xolos.

TARKIBLAR

Mehmonlar tarkibida asosiy savol Messining maydonga tushishi va uchrashuvga qanchalik tayyor ekanidir. Mana shu faktor kuchlar nisbatida ko‘p narsani o‘zgartirib yuboradi. Messi o‘yin qaydnomasiga kiritilgan, ammo asosiy tarkibda tushishi yoki tushmasligi bo‘yicha qaror o‘yin oldidan qabul qilinishi aytildi. Shuningdek, Valverde matbuot anjumanida so‘nggi ikki o‘yinda o‘zini ko‘rsatayotgan 16 yoshli Fati haqida ham fikr bildirdi. Yosh futbolchi agar maydonga tushadigan bo‘lsa, «Barselona»ning YeChL tarixidagi eng yosh futbolchisi sifatida tarixga kiradi. Mehmonlar tarkibida, xuddi Alkaser singari, sobiq jamoasiga qarshi maydonga tushish imkoniyati Usmon Dembeleda bor edi. Ammo u ham tiklanib ulgurgani yo‘q.

«Borussiya» murabbiyi Favr esa, jarohatlanganlar ichida Lukas Pishchek borasida aniq fikr aytmadi. U tarkibda paydo bo‘lishi mumkin. Niko Shuls esa, aniq o‘ynay olmaydi. Raqiblarning taxminiy tarkibi qo‘yidagicha:

Borussiya: Byurki, Hakimi, Akandji, Hummels, Gerreyru, Vitsel, Dileyni, Azar, Sancho, Roys, Alkaser;

Barselona: Ter Stegen, Semedu, Pike, Langle, Alba, Roberto, Buskets, De Yong, Grizmann, Peres, Suares

MURABBIYLAR

Lyusen Favr:

«Albatta, biz «Barselona» bilan o‘yinni sabrsizlik bilan kutyapmiz. Men 1991 yilda u yerda, Kroyf qo‘l ostida amaliyot o‘taganman – taassurotlarni ifodalab berish qiyin. Biz butun o‘yin davomida diqqatni yo‘qotmasligimiz kerak. Qo‘rqmasdan oldinga borishga tayyormiz, shu bilan birga, har qanday ssenariyga tayyor turib, o‘yinda qolish juda katta ahamiyatga ega».

Ernesto Valverde:

«Menga «Borussiya»ning ayniqsa, muxlislar bilan munosabati judayam yoqadi. Sancho, Roys – ajoyib futbolchilar, shuningdek, Alkaser ham «Borussiya» uning jamoasi ekanini isbotlamoqda. Dortmundliklar to‘pni yaxshi nazorat qila olishadi, jamoaning qarshi hujumlari xavfli tus oladi. Guruhimiz juda xavfli, bitta omadsiz uchrashuv kubok uchun kurashdan chiqarib yuborishi ham mumkin. Masalan, o‘tgan yili finalga chiqqan har ikki jamoa ham bizdan ko‘proq o‘yinlarda mag‘lub bo‘lishgandi, lekin finalda ular to‘p surishdi».

STATISTIKA

  • Bu raqiblarning uchinchi rasmiy to‘qnashuvi hisoblanadi. 1997/98 yilgi Yevropa Superkubogida «Barselona» dastlabki o‘yinni 2:0 hisobida o‘z foydasiga hal qilgan. Germaniyadagi uchrashuv 1:1 bilan tugagan.
  • Qatorasiga to‘rtinchi yildirki, dortmundliklar guruhda ispan jamoalariga qarshi kelishmoqda. Uch yil oldin «Borussiya» «Real» bilan har ikki o‘yinni durang bilan yakunlagan, keyingi yili esa, boy bergan. O‘tgan mavsumda esa, «Atletiko»ni o‘z maydonida 4:0 hisobida yengib, safarda 0:2 yutqazishgan.
  • «Barselona» guruh o‘yinlarida 14 o‘yindan beri mag‘lubiyatga uchragani yo‘q. 10 g‘alaba va 4 durang. Shuningdek, so‘nggi 28 o‘yindan atigi 1tasida mag‘lubiyatga uchragan, xolos. Bulardan 21 o‘yin kataloniyaliklar g‘alabasi bilan tugagan. Yagona mag‘lubiyat 2016 yilning noyabrida «Manchester Siti»ga qarshi o‘yinda ro‘y bergandi.
  • «Borussiya» yarim himoyachisi Mario Gyotse YeChLdagi so‘nggi 1092 daqiqa, ya'ni 18 soatdan buyon gol ura olmayapti. Bu YeChL tarixidagi eng uzoq davom etgan «golsizlik»dir. 
  • Lionel Messi o‘tgan YeChL mavsumida 12 gol bilan to‘purar bo‘lgandi. U bunday e'tirofga olti marta sazovor bo‘lgan. Faqat Krishtianu Ronalduda bu ko‘rsatkich ko‘proq – 7 marta. Umuman olganda, Messi portugaliyalik raqobatchisiga nisbatan 14 gol kam urgan: 112-126.
  • Messi Chempionlar Ligasida 32 turli raqiblar darvozasini ishg‘ol eta olgan. Agar u «Borussiya» darvozasiga ham gol ura olsa, bu borada Raulga tenglashib oladi. Ispaniyalik hujumchi 33ta turli raqiblar darvozasiga gol ura olgandi.
  • Yana Messi. U nemis jamoalariga qarshi 14 o‘yinda 16 gol muallifi bo‘lgan. «Bayyer»ga 7, «Bavariya»ga 4, «Shtutgart»ga 3, menxengladbaxliklar va bremenliklar darvozasiga bittadan. 
Ko‘proq yangiliklar: