Mehribonlik uylarining sarson bolalari taqdiri uchun kim javob beradi?

Jamiyat 18:17 / 17.09.2019 12568

Hech kimi yo‘q, ko‘zlari xira ko‘radigan yosh yigitning Toshkent viloyati va poytaxtimiz hududida 10 yildan beri ota-onasiz, uy-joysiz qanday kun kechirib yurganini tasavvur eta olasizmi? Ko‘pchilik ishonmasligi mumkin, lekin shunday sabr-bardoshli, irodali yigit bor.

U yillar davomida muqim ishsiz, panohsiz sarson-sargardonlik azoblaridan kuch orttirib, bir kun hammasi ortda qolishiga ishonib, qonuniy haq-huquqi uchun idorama-idora yugurib yuribdi. Menga ham yordam so‘rab murojaat qildi.

«Qayerga borsam, quvib solishadi, axir men daydi it emasman», deydi u alam bilan.

Anton Ivushkin, unga rasmiylashtirilgan hujjatlarga ko‘ra, 1992 yil Yangiyo‘l shahrida tug‘ilgan. 1997 yilda Yangiyo‘l shahar hokimining qaroriga ko‘ra shu hududdagi Mehribonlik uyiga joylashtirilgan, 1998-2004 yillarda Angren shahridagi Mehribonlik uyida tarbiyalangan, ko‘rish qobiliyati yomonlashgach Olmaliq shahridagi maxsus maktab-internatiga o‘tkazilgan, 2007 yilda Olmaliq shahridagi kollejda, 2008 yilda Bo‘stonliq tumanidagi kollejda o‘qib, u yerni 2010 yilda tamomlagan.

Anton shundan beri hokimiyatlardan turar joy so‘rash, mutasaddi tashkilotlarga murojaat yo‘llash bilan ovora. Yangiyo‘l va Olmaliq shahar hokimlari yillar mobaynida bir masalaga aniqlik kirita olmayotgan ekan: Antonga kim uy berishi kerak?..

Qonunda, me’yoriy hujjatlarda nima deyilgan?

«Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunning 26-moddasiga muvofiq, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar o‘zlari ilgari yashagan turar joy maydoniga ega bo‘lish yoki qonun hujjatlariga muvofiq turar joy olish huquqiga ega.

Turar joy berish kim tomonidan qanday amalga oshiriladi?

Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 2 avgustdagi 164-son Qarori bilan tasdiqlangan «Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni turar joylar bilan ta’minlash tartibi» to‘g‘risidagi  nizomning to‘rtinchi bobida turar joylar berish tartibi aniq ko‘rsatib qo‘yilgan.

Unga ko‘ra, turar joyga muhtojlar sifatida hisobga qo‘yilgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga turar joylar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining qarorlari asosida navbatdan tashqari berilishi zarur.

Turar joy berish to‘g‘risidagi qaror asosida tuman (shahar) hokimligi yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga belgilangan namunadagi order beradi, u berilgan turar joyga ko‘chib kirish uchun asos hisoblanadi.

Nizomga muvofiq, tuman (shahar) hokimligi tomonidan turar joyga muhtojlar sifatida hisobga qo‘yilgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar hamda turar joy uchun berilgan orderlar to‘g‘risidagi yillik hisobotlar tuman (shahar) hokimligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga keyingi yilning 17 yanvarigacha hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasiga keyingi yilning 22 yanvarigacha taqdim etilishi lozim.

Ammo amalda mahalliy hokimliklar Hukumat qarori bilan zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishda katta sustkashlikka yo‘l qo‘ymoqda. Buni qabulimga yordam so‘rab kelgan Mehribonlik uyi bitiruvchilariga yillar davomida uy berilmayotganidan ham bilish qiyin emas.

Oleynik Pavel 2000 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Sud qaroriga asosan 2006 yil 23-Mehribonlik uyiga joylashtirilgan, 2017 yilda u yerdan hisobdan chiqarilgan. Shundan beri tug‘ishgan opasi (Mehribonlik uyi bitiruvchisi, emizikli chaqalog‘i bor, unga ham turar joy berilmagan) bilan opasining dugonasinikida, bir xonali kvartirada yashab kelayotgan ekan. Qariyb ikki yildan beri hech qayerda ro‘yxatda turmagani uchun rasmiy ishlamagan. Turar joy so‘rab qilgan murojaatlariga «kuting», degan javobdan boshqasini eshitmagan.

Kurishova Polina 2000 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan. 2017 yilda 23-Mehribonlik uyi hisobidan chiqarilgan. Ota-onasi, hech qanday qarindoshi, muqim turar joyi, ish joyi ham yo‘q. Ikki yildan beri turar joy ajratilishini kutyapti.

Ishonmasligingiz mumkin, men ana shu yoshlar bilan suhbatlashib, kelajak haqidagi fikr-mulohazalarini tinglab, yaratganga ming-ming shukrona keltirdim. Bu bolalar ota-onasiz, hech qanday suyanchsiz, ne bir azob-uqubatlar, ne bir qiyinchiliklarga chidab, yana yaxshilikka umid qilib, to‘g‘ri fikr, sog‘lom dunyoqarashni asrab qolayotgani, sinmay yashayotgani, to‘g‘risi, meni lol qoldirdi. Shuning uchun ularga chin ko‘nglimdan rahmatlar aytdim, yordam ko‘rsatishga va’da berdim. Bu yoshlar ancha erta toblanishgan, sabr qilish, irodali bo‘lish nima ekanini biladi. Sharoit yaratilsa, haq-huquqi himoya qilinsa, ular ko‘p yutuqlarga erishishi mumkin.

Prezidentimiz ijtimoiy himoya va qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarida ilgari surayotgan g‘oya hamda tashabbuslar asosida ana shunday ezgu maqsad mujassam. Ming-minglab qiynalgan, moliyaviy imkoniyati cheklangan oilalar, onalar, nogironligi bo‘lgan shaxslarga uy-joylar berilayotgani buning tasdig‘idir.

Yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoya qilish masalasi ham davlatimiz rahbari e’tiboridan chetda qolgani yo‘q. Lekin shu vazifalarga mas’ul bo‘lgan davlat tuzilmalaridagi mutasaddilar va rahbarlarda mas’uliyatsizlik kuchayib borayotgani xavotirli. Bunday xulosa chiqarayotganimiz bejiz emas.

Prezidentimizning joriy yil 11 fevralda qabul qilingan «Yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida muhtoj bolalarga turar joy berish masalasida alohida vazifa belgilangan.

Xususan, uy-joyga muhtoj sifatida hisobda turgan yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga o‘z vaqtida turar joylar ajratish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, shahar (tuman) hokimlari shaxsan javobgar ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Ammo mazkur masalada ko‘plab hududlarda muammolar yig‘ilib qolgan. Hokimlar yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga uy navbatsiz berilishi kerakligini butunlay unutib qo‘ygan ko‘rinadi. Qonun bor, Prezident qarori bor, hukumat qarori bor, ularda hamma vazifa aniq-ravshan ko‘rsatib qo‘yilgan. Nima, hokimlar bu hujjatlardan umuman bexabarmi? Davlat rahbari tomonidan qo‘yilgan topshiriqlarga e’tiborsizlik, yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar haq-huquqlari, taqdiriga befarqlik, beparvolik shu darajaga yetganmi?

Partiyamizning mahalliy Kengashlardagi deputatlari joylarda o‘tkazgan dastlabki o‘rganishlar natijalari odamni hayron qoldiradi. Go‘yo bu dolzarb masala mahalliy hokimliklar kun tartibidan tushib qolgandek taassurot uyg‘onmoqda.

Masalan, aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, Guliston shahri 4-mavze Bo‘ston mahalla fuqarolar yig‘inidagi 10-uyda Bolalar shaharchasining 5 nafar bitiruvchisi bitta xonadonda 4 nafar farzandi bilan istiqomat qilyapti.

Bu yoshlarning, norasida go‘daklarning kelajagi, taqdiri nima bo‘ladi? Shuncha qiyinchilik va sinovlarni boshidan o‘tkazgani kamday, endi ular jamiyatdan, hayotdan ijtimoiy yetim sifatida uzilib qolishi kerakmi?

Aliya Yunusova

Xalq demokratik partiyasi, partiyamizning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni turar joy bilan ta’minlash masalasida yuzaga kelgan muammoli vaziyatdan jiddiy xavotirda ekanini bildiradi.

Barcha deputatlik birlashmalarimiz bilan birgalikda hududlarda yuzaga kelgan og‘ir vaziyatni chuqur tanqidiy tahlil qilish, me’yoriy hujjatlar, jumladan, Prezident qarori ijrosi bo‘yicha jamoatchilik hamda deputatlik nazoratini kuchaytirishimiz talab etiladi.

Shu o‘rinda farzandlikka, vasiylikka olingan bolalarni o‘z farzandidek oq yuvib, oq taragan, mehr bergan, boshini silagan yuragi pok xalqimizga cheksiz minnatdorchiligimni bildiraman.

Zarur bo‘lsa, yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni turar joy bilan ta’minlash yo‘nalishida qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ham ishlab chiqiladi.

Aliya Yunusova,

Xalq demokratik partiyasining

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zosi.

Ko‘proq yangiliklar: