Ko‘zlardagi mung azob bersa, ko‘ngildagi ilinj hayotga undaydi. Bemor bolajonlar albatta g‘olib chiqadilar!

Jamiyat 17:39 / 17.09.2019 8617

 “Gematologiya va qon quyish ilmiy-tekshirish instituti”da davolanayotgan bemor bolalarga ko‘mak berish doirasidagi aksiyamiz davom etadi. Yodingizda bo‘lsa, “Sinov va umidlar maskani... Bolalar shifoxonasiga navbatdagi tashrif. Ular Sizning ko‘magingizni kutishmoqda” nomli maqolamiz e'lon qilingandi. O‘shanda juda ko‘p yurtdoshlarimiz bolajonlar taqdiriga befarq bo‘lmay, qo‘llaridan kelganicha yordam bergandilar va hamon berishda davom etmoqdalar. Ayniqsa o‘zini tanishtirishni istamagan, ammo bizdagi ma'lumotlarga qaraganda ismi Nodirbek bo‘lgan yosh yigitning har bir bemorga 2,5 mln. so‘mdan berib ketgani ko‘pchilikni to‘lqinlantirdi. Yurtimizda shunday saxiy insonlar ko‘p bo‘lsin va ularning topganlariga baraka bersin.

Biz bugun o‘sha tashrifimizning ikkinchi qismini e'tiboringizga havola etamiz.

Qozoq pahlavoni ko‘makka muhtoj

Birinchi bemorimiz Qamisbayev Muqag‘aliy 6 yoshda, Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidan. Bu murakkab kasallikka yaqinda chalingan. Ammo dard shiddat bilan o‘z kuchini ko‘rsatmoqda. Shifoxonada Muqag‘aliyni buvisi Gulasal Berdialiyeva parvarishlamoqda. Buning sabablarini quyida bilib olasiz.

– Qizim bolasini yolg‘iz o‘zi katta qilmoqda. O‘zi yaqinda ishga kirdi, ro‘zg‘orida kamchilik ko‘p. Shunday paytda bolasiga qarash imkoniyati yo‘q. Uzoq vaqt hatto kasali shunaqa ekanligini yashirib yurdim, bildirmaslikka harakat qildim. Ammo bu shunday murakkab kasallik ekanki... Dori-darmonlarga ketgan va ketayotgan pullarni, qarzlarni qanday to‘g‘rilaymiz, hayronman-, dedi yig‘lab G. Berdialiyeva.

Plastik karta raqami: 8600 0604 7829 7147 “Xalq banki”, buvisi Gulasal Berdialiyeva nomida.

Yolg‘izlikda bolang kasal bo‘lmasin ekan...

Navbatdagi bolajonning ham onasi yolg‘iz, farzandlarini ham ona, ham ota bo‘lib tarbiya qilyapti. 6 yoshli Alsu Xansuvarova Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidan kelgan. Onasi Luiza qizini parvarishlab o‘tirgani uchun oilada aytarlik daromadning o‘zi yo‘q. Yaqinlar ko‘magiga suyanib qolishgan.  Leykoz kasalligi bolani juda cho‘ktirib qo‘ygan.

– Bolalarimiz kasal bo‘lishmasin, deb duo qilish ma'nosini endi tushunyapman. Alsu yaqinda reanimatsiyaga tushib qoldi, shifokorlarimiz hayotini arang saqlab qolishdi. Lekin yolg‘izlik qursin, dori-darmonlariga juda qiynalyapman-, deydi onasi Luiza.

Plastik karta raqami: 8600 0423 7998 1243 “Agrobank”, onasi Luiza Xansuvarova nomida.

Muhammad Ali sizni duo qiladi

Saxiy insonlar ko‘magidan umid qilayotgan yana bir bemor Muhammad Ali Sharofutdinov endigina 7 yoshga to‘ldi. Muhammad Alining onasi ham yolg‘iz. Yelib yugurib topgani dori-darmonlarga, kundalik xarajatlarga yetmaydi. Dorixonalardan anchagina qarz bo‘lib qolishgan. Yaxshi insonlar ko‘magini kutishyapti.

– O‘g‘lim yaqinda reanimatsiyadan chiqdi. Olti oydirki shu dard bilan kurashamiz. Dorilarni yetkazish, ro‘zg‘orning kam-ko‘stini butlash juda og‘ir bo‘lyapti. Hech kim bunaqa og‘ir kunlarni boshdan kechirmasin ekan-, deydi Muhammad Alining onasi Amirsohiba Sharofutdinova.

Plastik karta raqami: 8600 1306 9756 2454 “Asakabank”, onasi Amirsohiba Sharofutdinova nomida.

Ikki yildirki shu dard bilan kurashamiz

Navbatdagi bemorimiz 7 yoshli Behzod Yo‘lchiyev Buxoro viloyatining Olot tumanidan kelgan, shifoxonada onasi Gulnoza Xudoyeva bilan birga davolanmoqda. Behzodga maktabga borish nasib qilmadi. Ikki yildirki u oqqon kasalligi bilan mardona kurashmoqda.

– Bolamning bu kasallikka chalinganini dastlab bilmaganmiz. Boshqa kasalliklar deb o‘ylab davolanishlar samara bermadi, oqqon ekanligi aniq bo‘lganidan so‘ng juda qiyin ahvolda qoldik. O‘tgan yillar davomida bor-budimizni sotib tugatdik. Lekin hali ancha davolanishimiz kerak-, deydi onasi.

Plastik karta raqami: 8600 0423 6682 6989 “Agrobank”,

otasi Yo‘lchi Murodov nomida.

Turmush o‘rtog‘im nogiron, bolamga esa bu dard yopishdi...

So‘nggi bemor Toshkent shahridan Sohibjon Alimov bo‘ladi. Sohibjonning bu dardga chalingani yaqinda ma'lum bo‘ldi. Onasi Laylo Alimova farzandini parvarishlamoqda. Oila moddiy yordamga juda muhtoj.

– Turmush o‘rtog‘im ikkinchi guruh nogironi. Ota-onam o‘tib ketishgan, keksa tog‘am bor, lekin u kishi ham ko‘p yordam bera olmaydi. Bolamni davolatish yolg‘iz o‘zimga juda og‘irlik qilyapti. Kim yordam bersa, mendan qaytmasa Allohdan qaytsin. Farzandim sog‘ayib ketib, kelajakda eliga xizmat qiladigan inson bo‘ladi va biz hamma qarzlarni qaytaramiz. Men bunga ishonaman. Lekin hozir juda murakkab vaziyatda turibmiz–, deydi Sohibjonning onasi Laylo Alimova.

Plastik karta raqami: 8600 3329 0992 3249 “Ipotekabank”, onasi Laylo Alimova nomida.

Muhtaram vatandoshlar, saxiy insonlar! Xayriya aksiyalarimizning hech biri sizni befarq qoldirmagan va navbatdagilari ham shunday bo‘lishiga ishonamiz. Hamisha beruvchi qo‘l bo‘lib qoling, oluvchilarning duolari ijobat bo‘lsin va topganingizga baraka bersin.

Abror Zohidov, tasvirchi Abdusalim Abduvohidov.


Hurmatli "UZCARD" kartochka egalari! "UZCARD" tizimi sizni ogohlantiradi!

Hech kimga va har qanday vaziyatda plastik kartangizga taalluqli ma'lumotlarni, ayniqsa telefon raqamingizga kiruvchi SMS xabarlarni (masalan, To'lovni tasdiqlash kodi: 123456. Kodni hech kimga bermang" yoki "Kod oplati. Nikomu ne soobshayte etot kod. 123456") oshkor qilmang. Sizga yordam pulini plastik kartochkasidan o‘tkazib berayotgan noma'lum shaxs telefon orqali murojaat qilib mobil telefoningizga kelib tushayotgan SMS — kodlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni bilmoqchi bo‘layotganini sezgan bo‘lsangiz, bilingki ushbu shaxs firibgarlik yo‘li bilan kartochka hisob raqamingizdagi pul mablag‘larini o‘g‘irlashga urinmoqda. Agar karta hisob raqamingizdan pul mablag‘lari o‘g‘irlanayotganini sezgan bo‘lsangiz darhol kartochkangizni olgan bankingizga kartani bloklash uchun murojaat qilishingiz yoki ushbu amaliyotni bevosita o‘zingiz mobil yoki veb ilovada bajarishingiz mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: