«Ishchi o‘rni ko‘payish o‘rniga kamayib ketmoqda» - Marg‘ilondagi tadbirkorlar muammo ichida

Jamiyat 13:05 / 17.09.2019 25300

Iqtisodiyotni barqarorlashtirish, eksport hajmini oshirish maqsadida hududlarda kichik sanoat zonalari tashkil etilmoqda. Davlat rahbarining shu yil 21 iyun sanasida qabul qilgan 4363-sonli qarorida kichik sanoat zonalari faoliyatini rivojlantirish haqida belgilab qo‘yilgan.

Biroq ushbu muhim hujjat hududlarda ham yetarli darajada ta'minlanyaptimi? Sayt tahririyatiga aynan shu masala bo‘yicha Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahrida tashkil etilgan kichik sanoat zonasida faoliyat yurituvchi bir guruh tadbirkorlar tomonidan murojaat kelib tushdi.

Marg‘ilonga borib murojaatchilar bilan uchrashdik.

Bu kichik sanoat zonasida rivojlangan davlatlardagi jahon standartlarini qo‘ying, birlamchi sharoitlar ham yo‘qligiga guvoh bo‘ldik.

Ushbu hududda faoliyat yurituvchi tadbirkorlar holatni tushuntirib berishdi.

Mahsulotlar «brak» bo‘lib ketmoqda

Bahrom Mirxo‘jayev, «Siniorita» xususiy korxonasi rahbari:

– Bizdagi eng asosiy muammo bu – elektr masalasi. Kuchlanish juda past. Tez-tez o‘chib turadi. Biz hozir aholi liniyasida o‘tiribmiz. Tender vaqtida bizga gaz, elektr va boshqa kommunal xizmatlar 100 foiz bo‘lishini va'da qilishgandi. Bunga ishonib o‘zimizga vazifa olganmiz. Masalan, investitsiya kiritish, ishchi o‘rni yaratish, qurilishlar qilish kabi vazifalar. Biz aytilgan ishlarni qilyapmiz, lekin o‘ziga xos muammolar bor. Birinchi navbatda elektr muammosi. Svet o‘chadi, ish to‘xtaydi. Mening korxonamda 120 kishi ishlaydi. Elektr o‘chsa, ishsiz o‘tirishadi. Bu yerda suv ham muammo. O‘zi 25 mm. o‘lchamdagi trubada keladi. Bu ehtiyojimiz uchun yetmaydi. Bu bitta xonadon uchun yetadigan me'yor. Butun kichik sanoat zonasiga kichik trubada keladi. 2018 yilda biz uchun alohida liniya tortilishi haqida va'dalar berishgan edi. O‘tgan yili bitishini aytishgandi. 2019 yilning avgust oyi tugayapti, va'dalar bajarilishidan darak yo‘q. Buyoqda mahsulotlarimiz sifatsiz bo‘lib ketyapti. Masalan, biz ayollar poyabzalini ishlab chiqaramiz. Agar 100 juft mahsulotni uskunada ishlab chiqarayotgan vaqtimizda elektr o‘chsa, hammasi «brak»ka chiqib ketadi. Mahsulot issiqdan chiqib, sovuqqa, muzlatgichga kirishi kerak.

Foyda olaman deb, ziyonga kirib ketyapmiz. Salkam bir oy elektr quvvat past bo‘lgani uchun, muzlatgichimiz ishlamadi. Taxminan 3-4 ming juft mahsulotimiz «brak» bo‘lib ketdi.

Ibrohimjon Mamatxonov, «BRIGHT SUN» xususiy korxonasi rahbari:

– Biz uchun asosan gaz muammosi bor. Gaz bosimi tushib ketgani uchun mahsulot chiqmaydi. Kattaroq bosimda gaz yoqmasak, katta talafot ko‘ramiz. Pechlarimizning g‘ishtlari yorilib ketadi. Bosim bir xilda bo‘lib tursa, oyiga 400-500 tonna silikat yelim ishlab chiqaramiz. Bu mahsulotga Tojikiston va Qirg‘izistondan ham talab bo‘lmoqda. Bir kilogramm silikat yelim narxi 2 dollar bo‘ladi. Agar muntazam ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ysam, oyiga 80 ming dollarlik mahsulot eksport qilaman. Elektr o‘chsa, havo haydaydigan, suv haydaydigan motorlarimizning hammasi o‘chadi. Elektr yonganidan so‘ng uni qayta ishga tushirishga 5-6 soat vaqt ketadi. Mahsulot yakka-yakka qolipli chiqarilmaydi. To‘xtamay ishlab turishi kerak. Men hali bu ishni yanada kengaytirib, ikki barobar ko‘proq mahsulot ishlab chiqarmoqchi edim. Tenderda ham shuni aytganman. Bizdan kelib tinmay talab qilishadi. Sharoit bo‘lmasa, qayerdan qilaman. Kommunikatsiya tizimi bilan ovora bo‘lib, qachon rivojlanamiz? Oldin prezident qarori bo‘yicha sharoitni yaxshilab berishsin, keyin talab qilishsa, biz ham harakatimizni qilamiz. Murojaat qilsak, qilib beramiz, deyishadi. Qachon bo‘ladi, endi unisini bilmayapmiz.

Davlat Qoraboyev, «M-Interer» mebel ishlab chiqarish korxonasi rahbari:

– Biz mebel va MDF eshiklar ishlab chiqaramiz. Ish davomida tok o‘chib qolmasligi kerak. Maxsus uskunalarimizning ichida yelimi bo‘ladi. Tok o‘chib ishlarimiz to‘xtab qolyapti. Agar elektr umuman o‘chmasa, bir kunda ikki komplekt mebel ishlab chiqara olamiz. Hozir tez-tez o‘chib turgani sababli ishlab chiqarayotgan eshiklarimiz sifatsiz bo‘lib ketmoqda. Ularning talablarini bajarish uchun sharoitlar yetarli emas.

Zuxriddin Obidjonov, «FABIAN UNIVERSAL» xususiy korxonasi rahbari:

– Biz charm poyabzallar ishlab chiqaramiz. 60ta ishchi o‘rni yaratgandik. Kommunikatsiya muammolari sababli ishlab chiqarishimiz yaxshi ahvolda emas. 60 nafar ishchimdan 35 nafari qoldi. Elektr toki yo‘q bo‘lsa, ish to‘xtaydi. Ishchilarga kunbay berilgani sababli ish bo‘lmay ketib qolishmoqda. Kichik sanoat zonasining direksiyasi Farg‘onaga o‘tgan ekan. Ular ham kelib 60 nafar ishchi o‘rnini talab qilishmoqda. Mahsulotimizni eski deb aytishmoqda. Aslida ishlab chiqarayotgan mahsulotlarimiz elektr yo‘qligi sababli «brak» bo‘lib ketmoqda. Ularga muammolarimizni aytdik. Kommunikatsiya, chiqindi qutilari masalasini hal qilib berishlarini so‘radik. Ahvolni ko‘rib turibsizlar. Ishchi o‘rni ko‘payish o‘rniga kamayib ketmoqda. Mahsulot ishlab chiqarish hajmini 100 mingdan 200 ming juftga, ishchilar sonini 60 nafardan 100-150 nafarga chiqarishni rejalashtirgandik. Hozir bir oyda 10 ming juft mahsulot chiqsa chiqyapti yoki shuyam yo‘q. Biz eksport shartnomalari imzolaganmiz. Uning muddatlari bor. Biz shunga rioya qila olmayapmiz. Muddatidan kechiktirilgani sabab yangi shartnomalar tuzilmayapti.

Murojaatlar qilinganmi?

Bahrom Mirxo‘jayev, «Siniorita» xususiy korxonasi rahbari:

Yaqinda Bosh prokuraturaga murojaat qildik. Ular kelib o‘zimizni yugurtirishmoqda. Biz gaz-svet uchun yuguraylikmi yoki tadbirkorlik bilan shug‘ullanaylikmi? Bu yerda tadbirkorlik qolib ketyapti. Kechagi kuni viloyat hokimi ishchi guruhi keldi. «Eksport qilinglar, eksport qilinglar» deyishyapti. Biz qanday eksport qilamiz? Kommunikatsiya bo‘lsa, keyin eksport qilamizda. Shartnoma tuzib olsak, elektr toki, gaz, suv bo‘lmasa, mahsulotimiz sifatsiz chiqsa, ishonchni yo‘qotamizku? Qaytib biz bilan shartnoma qilishmaydiku?

Direksiya rahbariyati bilan qo‘ng‘iroqlashish

Holatni aniqlashtirish maqsadida ikkinchi taraf sanalmish Farg‘ona viloyat hokimligi huzuridagi kichik sanoat zonalari Direksiyasi rahbari Shokirjon Ahmedov bilan qo‘ng‘iroqlashdik.

«Hozircha ularning gaz, svet va suvlari bor. Aholi liniyasida o‘tirishgani rost. Bizga o‘zi yaqinda o‘tishdi. Viloyat bo‘yicha 15ta kichik sanoat zonasi birlashtirildi. Prezidentimizning 4363-sonli qarori bilan bizning direksiya tashkil etildi. Ularning har bittasini balansimizga oldik. Endi ularning kommunikatsiyasini qancha masofadan gaz, svet, suv tortib kelishlarini hisoblab Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga topshirdik. Bu masalada prezidentimiz videoselektorda ham topshiriq bergan. Hamma kichik sanoat zonalariga alohida liniyalar tortiladi. Men ularning ham har biri bilan gaplashib chiqqanman. Eksportga chiqaruvchi korxonalar va elektr toki bo‘lmasa zarar yetadigan uskunalari borligi haqida bilmayman. Suv masalasini oladigan bo‘lsak, biz tashqi kommunikatsiyasini tashkil qilganmiz. Buni yana rivojlantiramiz. Ichkarida o‘zlariga bashnya o‘rnatilishi kerak», deydi mas'ul shaxs.

Direksiya vakili bu ishlar qachonga mo‘ljallanganini aniq aytmadi. Masala bo‘yicha ishlar direksiya darajasida qilingani va endi buyog‘i vazirlikka bog‘liq ekanligi aytildi.

Shunisi aniqki, bu ishlarni imkon qadar tezroq qilish kerak. Xat-hujjatlashtirish ishlari mana shunday holatlarda oyoqdan olib turaversa, tayyor eksportdagi hamkorlarni tushda ko‘ramiz.

Muxbir - Bahodir Ahmedov
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov

Ko‘proq yangiliklar: