Bahodir Jalolov va Dilshodbek Ro‘zmetov ham chorak finalga chiqdi

Sport 23:40 / 17.09.2019 20051

Boks bo‘yicha Yekaterinburg shahrida o‘tkazilayotgan jahon chempionatida to‘qqizinchi kun bellashuvlari yakunlandi va O‘zbekiston boks terma jamoasining yana ikki vakili chorak finalga yo‘llanma oldi. 

Dastlab, -81 kilogramm vazn toifasidagi Dilshodbek Ro‘zmetov nimchorak finalda ruminiyalik Andrei Aradauga qarshi ringga ko‘tarilib, 5:0 hisobida g‘alaba qozondi.

Eng og‘ir vazn toifasida Bahodir Jalolov (+91 kg) ukrainalik Tsonte Rogavaga qarshi jang qilib g‘alaba qozondi va keyingi bosqichga chiqdi.

Shu tariqa chorak finalga yo‘l olgan o‘zbekistonlik bokschilar soni besh nafarga yetdi. 

Bungacha O‘zbekiston boks terma jamoasining -52 kg vazn toifasidagi vakili Shahobiddin Zoirov, -57 kg vazn toifasidagi Miraziz Mirzaxalilov va -69 kilogramm vazn toifasidagi Bobousmon Baturov chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritishgandi.

Terma jamoaning uch vakili esa turnirdagi ishtirokini erta yakunladi. Biroz oldinroq, -91 kg vazn toifasidagi Sanjar Tursunov hindistonlik Sanjit Sanjitga yutqazib, turnirdagi ishtirokini yakunladi. Ungacha -75 kg vazn toifasi vakili Fanat Qahramonov va -63 kg vazn toifasidagi Elnur Abduraimov ham turnirni nimchorak finaldan tark etgandi.

Ko‘proq yangiliklar: