AQSh Xalqaro e'tiqod erkinligi komissiyasi maxsus vakili O‘zbekistonga keldi

O‘zbekiston 12:54 / 17.09.2019 4536

2019 yil 17 sentabr kuni Senatda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyevning AQShning Xalqaro e'tiqod erkinligi komissiyasi maxsus vakili Nadin Menza boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar e'tiqod erkinligini, dinlararo va konfessiyalararo totuvlikni ta'minlash sohasida hamkorlik qilish yuzasidan fikr almashdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabarida aytilishicha, e'tiqod erkinligini ta'minlash sohasida chinakam muvaffaqiyatga erishish siyosiy-huquqiy islohotlarning muhim qismi sifatida ko‘rib chiqilmoqda. 

“Birinchi navbatda, e'tibor din sohasidagi milliy qonun hujjatlarini takomillashtirish va erkinlashtirishga qaratilmoqda. Diniy adabiyotlarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish uchun ruxsat olish tartib-taomillari soddalashtirildi. Diniy tashkilotlarni davlat tomonidan ro‘yxatga olish tartibi qo‘shimcha ravishda maqbullashtirildi. “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonun 20 yilda ilk bor qayta ko‘rib chiqilmoqda. O‘zbekiston bu jarayonga xalqaro ekspertlarni jalb qilmoqda”, - deyiladi xabarda.

O‘zbekistonning din sohasidagi siyosati konfessiyalararo muloqotga yo‘naltirilganligi va diniy bag‘rikenglikni nazarda tutishi ta'kidlandi.

Uchrashuv yakunida tomonlar e'tiqod erkinligining dolzarb masalalari yuzasidan muloqotni davom ettirishga tayyor ekanligini bildirgan.

Ko‘proq yangiliklar: