Toshkent shahridagi «MEI» milliy tadqiqot universiteti filiali ijrochi direktori tayinlandi

O‘zbekiston 12:30 / 16.09.2019 5799

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Toshkent shahridagi “MEI” milliy tadqiqot universiteti” Federal davlat budjeti oliy ta'lim muassasasi filialining ijrochi direktori tayinlandi.

Bosh vazir Abdulla Aripov tomonidan 2019 yilning 15 sentabr kuni imzolangan hujjatga ko‘ra, Xojiakbar Sultonovich Daliyev Toshkent shahridagi “MEI” milliy tadqiqot universiteti” Federal davlat budjeti oliy ta'lim muassasasi filialining ijrochi direktori lavozimini egalladi. 

Ma'lumot uchun: Xojiakbar Daliyev Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining Fizika fakulteti dekani bo‘lib ishlagan.

“Moskva energetika instituti” (“MEI”) milliy tadqiqot universiteti filiali respublikaning energetika tarmog‘i uchun yuqori malakali muhandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, oliy ta'lim sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish maqsadida ochildi.

Filial faoliyatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilar:

mamlakatimiz energetika tarmog‘i uchun ta'lim dasturlari va oliy ta'lim sifatiga qo‘yiladigan xalqaro talablarga muvofiq yuqori malakali muhandis-texnik kadrlarni tayyorlash;

zamonaviy ta'lim dasturlari va o‘qitish shakllarini ishlab chiqish va joriy etish, o‘quv jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalarini, ilm-fan va texnikaning eng so‘nggi yutuqlarini tatbiq etish, o‘quv-pedagogik salohiyatni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash;

energetika, elektrotexnika, issiqlik texnikasi sohasida fundamental, amaliy ilmiy va innovatsion tadqiqotlar olib borish, elektr jihozlari va tizimlaridan foydalanish samaradorligini oshirish, elektr energetikasi tizimlarining tejamkorligi, ishonchliligi va barqarorligini oshirishga yo‘naltirilgan innovatsion loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

ilm-fan va ta'lim sifatini, uzluksizligi va uzviyligini oshirish, jahon ta'limi va ilmiy hamjamiyatiga maqsadli integratsiyalashuv orqali mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, ta'lim, ilmiy-tadqiqot va sanoat ishlab chiqarish faoliyatining uzviy integratsiyasi uchun shart-sharoitlar yaratish;

ta'lim va ilmiy-texnik sohalarda xorijiy davlatlarning yetakchi ta'lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari bilan uzoq muddatli munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlash;

shartnoma asosida energetika tarmog‘i tashkilotlarning ehtiyojlarini hisobga olgan va kelishilgan holda talab yuqori bo‘lgan bakalavriat ta'limi yo‘nalishlari (magistratura mutaxassisliklari) bo‘yicha mutaxassislarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash.

Ko‘proq yangiliklar: