Tadbirkorlar obektlarini yong‘in-profilaktika ko‘rigidan o‘tkazish tartibi o‘zgaradi

O‘zbekiston 12:57 / 16.09.2019 2795

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Tadbirkorlik sub'yektlariga tegishli bo‘lgan obektlarni yong‘in-profilaktika ko‘rigidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi hujjat loyihasi e'lon qilindi.

Nizom 1-bandining (Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi) uchinchi xatboshisidagi (davlat yong‘in nazorati organlari — O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat yong‘in xavfsizligi xizmati, Transportdagi ichki ishlar boshqarmasi va Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi hamda ularning quyi bo‘linmalari) “Ichki ishlar vazirligining Davlat yong‘in xavfsizligi xizmati, Transportdagi ichki ishlar boshqarmasi va Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi hamda ularning quyi” degan so‘zlar “Favqulodda vaziyatlar vazirligining yong‘in nazoratini amalga oshirish vakolatiga ega bo‘lgan tegishli” degan so‘zlar bilan almashtiriladi.

4-banddagi (Yong‘in-profilaktika ko‘rigini o‘tkazish uchun Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi (viloyatlar komissiyalari) bilan kelishish talab etilmaydi. Yong‘in-profilaktika ko‘rigini o‘tkazish jarayonida tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobi to‘ldirilmaydi, davlat yong‘in nazorati organlarining mansabdor shaxslariga tadbirkorlik sub'yektlarda tekshirish o‘tkazish huquqini beruvchi maxsus guvohnoma talab etilmaydi) “Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi (viloyatlar komissiyalari)” degan so‘zlar “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili» degan so‘zlar bilan almashtiriladi.

6-band (Yong‘in-profilaktika ko‘rigini o‘tkazish sanasi, ko‘rik o‘tkaziladigan obektlar tadbirkorlik sub'yektiga bir oy oldin mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shakldagi bildirishnomani pochta orqali buyurtma xat bilan yuborish yoki tilxat bilan topshirish orqali ma'lum qilinadi) quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“6. Yong‘in-profilaktika ko‘rigi o‘tkazilishi to‘g‘risida tadbirkorlik sub'yektiga joyning o‘zida ma'lum qilinadi”.

7-banddagi (Ishlab chiqarish (xizmat ko‘rsatish, ishlarni bajarish) zarurati bilan bog‘liq bo‘lganda tadbirkorlik sub'yektining arizasiga asosan ko‘rikni o‘tkazish muddati o‘n kunga qoldiriladi. Buning uchun ariza ko‘rik o‘tkazish sanasidan o‘n kun oldin tegishli davlat yong‘in nazorati organiga taqdim etilishi lozim) “o‘tkazish sanasidan o‘n kun oldin tegishli davlat yong‘in nazorati organiga” degan so‘zlar “o‘tkazishni boshlashdan oldin davlat yong‘in nazorati organi mansabdor shaxsiga” degan so‘zlar bilan almashtiriladi.

9-band (Umumxalq bayramlari, xalqaro va respublika sport musobaqalari, forumlari, yuqori martabali chet el delegatsiyalarining tashrifi bilan bog‘liq tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va tashkil qilish vaqtida ushbu tadbirlar bo‘lib o‘tadigan obektda va uning 150 metr radiusida joylashgan obektlarda qo‘shimcha ravishda yong‘in-profilaktika ko‘riklari o‘tkazilishi mumkin) quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“9. Umumxalq va diniy bayramlari, xalqaro va respublika sport musobaqalari, forumlari, yuqori martabali chet el delegatsiyalarining tashrifi bilan bog‘liq hamda siyosiy tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va tashkil qilish vaqtida ushbu tadbirlar bo‘lib o‘tadigan obektda va uning 150 metr radiusida joylashgan obektlarda, shuningdek bolalarning yozgi dam olish oromgohlarida mavsum boshlanishidan oldin hamda har bir mavsumda bir marotaba qo‘shimcha ravishda yong‘in-profilaktika ko‘riklari o‘tkazilishi mumkin.

Qo‘shimcha ravishda yong‘in-profilaktika ko‘rigi o‘tkazish uchun mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq rasmiylashtirilgan buyruq asos bo‘ladi.”.

11-band (Birinchi guruhga tadbirkorlik sub'yektlariga tegishli bo‘lgan quyidagi obektlar kiradi) quyidagi mazmundagi o‘n birinchi va o‘n ikkinchi xatboshilar bilan to‘ldiriladi:

“doimiy tarzda yuz nafar va undan ko‘p kishilar joylashishiga mo‘ljallangan davolash va sog‘lomlashtirish muassasalari;

dehqon (oziq-ovqat) bozorlari, ixtisoslashtirilgan va buyum bozorlari (savdo komplekslari), savdo-ko‘ngilochar majmualari.”.

12-bandda (Ikkinchi guruhga tadbirkorlik sub'yektlariga tegishli bo‘lgan quyidagi obektlar kiradi):

uchinchi xatboshidagi (doimiy tarzda ellik nafar va undan ko‘p kishilar joylashishiga mo‘ljallangan davolash va sog‘lomlashtirish muassasalari) “ellik nafar va undan ko‘p” degan so‘zlar “ellik nafardan yuz nafargacha” degan so‘zlar bilan almashtiriladi;

yettinchi xatboshi (dehqon (oziq-ovqat) bozorlari, ixtisoslashtirilgan va buyum bozorlari (savdo komplekslari) chiqarib tashlanadi;

sakkizinchi (yuz nafargacha o‘ringa mo‘ljallangan mehmonxonalar, motellar, kempinglar va yotoqxonalar) va to‘qqizinchi xatboshilar (sutkasiga ming tonnagacha don va don mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash tashkilotlari) tegishli ravishda yettinchi va sakkizinchi xatboshilar deb hisoblanadi.

15-band (Yilning 1 sentyabriga qadar joylardagi davlat yong‘in nazorati organlari kelgusi yilda yong‘in-profilaktika ko‘rigi o‘tkaziladigan tadbirkorlik sub'yektlari va ularga tegishli obektlar ro‘yxatini shakllantiradi hamda yuqori turuvchi davlat yong‘in nazorati organiga tasdiqlash uchun taqdim qiladi) quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“15. Mahalliy davlat yong‘in nazorati organlarining har bir xodimi o‘ziga biriktirilgan sektorda joylashgan tadbirkorlik sub'yektlariga tegishli obektlarning yong‘in xavfliligiga ko‘ra guruhlarga bo‘lingan ro‘yxatini shakllantiradi.

Ushbu ro‘yxat asosida yong‘in-profilaktika ko‘riklari o‘tkaziladigan obektlar davlat yong‘in nazorati organi xodimi tomonidan belgilangan tartibda oylik ish reja-jadvaliga kiritiladi. Yong‘in-profilaktika ko‘riklarini rejalashtirishda mazkur Nizomning 14-bandi talablari, biriktirilgan sektorda o‘tkaziladigan mavsumiy tadbirlar va sodir bo‘lgan yong‘inlar vaziyati inobatga olinishi lozim.

Davlat yong‘in nazorati organlari tomonidan o‘rnatilgan tartibda tekshirish o‘tkazilgan tadbirkorlik sub'yektida yil davomida yong‘in-profilaktika ko‘rigi o‘tkazilmaydi.”.

20-band (Yong‘in-profilaktika ko‘rigi yakunida davlat yong‘in nazorati organi mansabdor shaxsi mazkur Nizomning 4-ilovasiga muvofiq tavsiyalar ma'lumotnomasini (bundan buyon matnda ma'lumotnoma deb yuritiladi) ikki nusxada tuzadi va bir nusxasini tadbirkorlik sub'yektiga topshiradi) quyidagi tahrirdagi ikkinchi xatboshi bilan to‘ldiriladi:

“Yong‘in-profilaktika ko‘rigi o‘tkazilayotgan tadbirkorlik sub'yektiga tegishli obekt joylashgan binoda (hududida) bir nechta mulkdorlar yoki ijarachilar joylashgan bo‘lsa, ushbu obektning hududidagi bino va xonalar kimga tegishliligi va kim tomonidan foydalanilayotganligidan qat'iy nazar barchasi to‘liq ko‘zdan kechiriladi. Yakuni bo‘yicha umumiy ma'lumotnoma tuzilib, unga barcha aniqlangan kamchiliklar kiritiladi va tegishli mulkdorlar (ijarachilarga) imzo orqali tanishtiriladi.”. 

Ko‘proq yangiliklar: