Qonunchilik palatasi va Rossiya Davlat dumasi o‘rtasida hamkorlik kelishuvi imzolandi

O‘zbekiston 15:18 / 16.09.2019 4011

2019 yil 16 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida parlament quyi palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilovning Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin boshchiligidagi delegatsiya a'zolari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, O‘zbekiston-Rossiya parlamentlararo munosabatlari kun tartibidagi qator masalalar muhokama qilingan Qonunchilik palatasidagi uchrashuvning maqsadi ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishdan iborat bo‘ldi.

Muloqotda qayd etilganidek, O‘zbekiston jahonning turli mamlakatlari parlamentlari bilan samarali va do‘stona munosabatlarni o‘rnatilishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi bilan hamkorlik Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyatining strategik yo‘nalishlaridan biri ekani aytiladi. 

Muloqot chog‘ida yuqori martabali mehmonga mamlakatimiz parlamenti, jumladan, Oliy Majlis quyi palatasining qonunchilik faoliyati, qonun ijodkorligi, qo‘mita va fraksiyalarning ish uslublari, shuningdek, parlamentarizm sohasidagi yangiliklar to‘g‘risida so‘zlab berildi.

Konstruktiv va o‘zaro ishonch ruhida kechgan uchrashuvda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalarning kengayishi, uni yangi mazmun bilan boyitish, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish masalalari muhokama qilindi. Shu bilan birga, mamlakatlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, transport-kommunikatsiya, madaniy-ma'rifiy va boshqa sohalardagi aloqalar ko‘lamini yanada kengaytirish borasida ham fikr almashildi.

Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin samimiy qabul va suhbat uchun minnatdorlik bildirib, konstruktiv muloqotning kelgusida ham izchil davom ettirilishida o‘zaro manfaatlilik, ikki tomonlama munosabatlarni rivojlanishida parlamentlararo aloqalarni yanada kengaytirish va mustahkamlash, bu yo‘nalishdagi hamkorlikni kuchaytirish muhim ekanini ta'kidladi.

Muzokaralar yakunida Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi o‘rtasida parlamentlararo hamkorlik haqidagi kelishuvni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Rossiya parlamentariylariga O‘zbekiston Respublikasida navbatdagi parlament saylovlarini kuzatuvchi sifatida ishtirok etish bo‘yicha taklifnomalar taqdim qilindi, deyiladi xabarda.

Ko‘proq yangiliklar: