Misr O‘zbekistonga savdo bo‘yicha o‘ziga xos taklif bilan chiqdi

O‘zbekiston 13:39 / 16.09.2019 34020

2019 yilning 15 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Dilshod Axatov boshchiligidagi delegatsiya Qohira shahriga tashrif doirasida Misr savdo va sanoat vazirining birinchi o‘rinbosari Ahmad Antar va investitsiyalar va xalqaro hamkorlik vazirining o‘rinbosari Reda Bebars bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.

Foto: TIV axborot xizmati
Foto: TIV axborot xizmati

Muzokaralar chog‘ida ikki mamlakatning savdo-iqtisodiy, investitsion va sanoat sohalaridagi hamkorligini faollashtirishning amaliy masalalari 2018 yil sentabr oyida Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisining O‘zbekistonga rasmiy tashrifi chog‘ida erishilgan iqtisodiy kelishuvlarning bajarilishi nuqtai nazaridan muhokama qilindi.

Uchrashuvda Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Misr hukumatlararo komissiyasining 7-majlisining kun tartibi va amaliy jihatlari, uning doirasida biznes forumini o‘tkazish, shuningdek, ikki mamlakat tadbirkorlarining Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Misr tomoni O‘zbekiston mahsulotlari eksport hajmini oshirish uchun Misrning Afrika va Yaqin Sharq mamlakatlari bilan amaldagi erkin savdo rejimida berilgan imkoniyatlardan foydalanishni taklif qildi, deyiladi TIV xabarida.

Bundan tashqari, Misr xalqaro savdo tizimi Tariflar va Savdo bo‘yicha Bosh Bitim / Jahon savdo tashkilotining asoschisi sifatida O‘zbekistonning JSTga kirish masalasida har tomonlama yordam berishga tayyorligi ma'lum qilindi.

Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi «O‘zbekiston-Misr: iqtisodiy hamkorlik istiqbollari» mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etdi. Konferensiya ishtirokchilari ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va iqtisodiyotning turli sohalarida o‘zaro manfaatli loyihalarni birgalikda tatbiq etish uchun yangi imkoniyatlar ochayotgan mamlakatdagi islohotlarning borishi bilan tanishdilar.

Ko‘proq yangiliklar: