Mintaqaviy eksportni oshirishga doir chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi 

Iqtisodiyot 14:18 / 16.09.2019 2269

Mintaqaviy eksportni oshirishni ta'minlashga doir amaliy chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Bu haqda Norma xabar berdi.
 
Boshqalar qatorida quyidagilar rejalashtirilmoqda:

• moliyaviy ko‘mak – kreditlash mexanizmlarini jadallashtirish (buyurtmalar kelib tushgan paytdan boshlab 2 hafta mobaynida kreditlarni berish), kafolatni operativ rasmiylashtirish va uning summasini 4 mlrd so‘mdan 8 mlrd so‘mga oshirish (24.05.2019 yildagi PQ-4337-son qarorga qarang), eksport qiluvchilar tomonidan fermer va dehqon xo‘jaliklaridan mahsulotlar sotib olinganda soliq solish tizimini takomillashtirish;
• xalqaro sifat sertifikatlarini olish tartib-taomillarini soddalashtirish (Global G.A.P., Organic, Halal va boshqalar), Yevropa Ittifoqi, XXR, Koreya, Hindiston va boshqa davlatlar bozoriga chiqish uchun standartlarni uyg‘unlashtirish, Rosselxoznadzor  bilan o‘tkazish punktlarini keyinchalik «yashil yo‘lak» rejimiga kiritish bilan muzokaralar olib borish;
• eksportga yo‘naltirilgan meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarishni oshirish, Qoraqalpog‘iston eksport salohiyatini rivojlantirish, ferula yetishtirish va eksport qilishga kvotalar olish tartib-taomillarini soddalashtirish;
• mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorga chiqarish uchun transport va chegaraviy infratuzilmani rivojlantirish va boshqalar.   
 
Investitsiya va tashqi savdo vazirligi rahbarligida Mintaqalar va tarmoqlarning eksport salohiyatini rivojlantirish masalalari bo‘yicha doimiy faoliyat yurituvchi respublika komissiyasi tashkil etildi. Unga joriy yildagi eksportga oid prognoz parametrlarining bajarilishini va kelgusi yilga prognoz shakllantirilishini monitoring qilish vazifasi topshirildi. Komissiya eksport salohiyatining o‘sishiga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni aniqlaydi, ularni hal etish yo‘llarini taklif qiladi va amaliy takliflar kiritadi.
 
Hujjat 12.09.2019 yildan kuchga kirdi.

Ko‘proq yangiliklar: