Migren: bosh yorilgudek og‘rishiga oid nimalarni bilish kerak?

Light 20:20 / 16.09.2019 102522

Dunyo aholisining har yettinchi kishisiga migren begona emas. Uning alomatlari haqida qadimgi yunonlar ham yozib qoldirishgan. Qadimgi dunyo odamlari kasallik kelib chiqishida yovuz ruhlarni ayblashgan va ularni haydashga urinib, odam bosh suyagida teshikcha ochishgan. Hozirgi kunda migren haqida bilganlarimiz avvalgi davrnikidan ko‘p ham farq qilmaydi, ammo davolashning insonparvar yo‘llari mavjud.

Migren nima?

Migren — irsiy kasallik bo‘lib, asosiy belgisi boshda to‘xtab-to‘xtab tutadigan og‘riqdir, u pulsni yodga soladi. Unga doimo ko‘ngil aynishi, eshitish va ko‘rish ta'sirchanligi ortishi qo‘shiladi: odatiy shovqin va mayin yorqinlik ham g‘ashga tegadi, keskin tuyiladi. Ammo barcha belgilar bir vaqtda sodir bo‘lmasligi mumkin. Migrenning birinchi alomatlari yoshlikdan paydo bo‘ladi, masalan qizlarda balog‘atga yetish davrida yoki 20 yoshda. Eng yuqori cho‘qqi 30-40 yoshda kuzatiladi. Yosh o‘tishi bilan migrendan aziyat chekuvchilar soni kamayib boradi.

Migren 4 soatdan 72 soatgacha cho‘ziladi va turli davomiylikka ega. Uning bir oyda 15 kundan kam davom etishi epizodik turga mansubdir. 15 kundan ortiq davom etishi surunkali migren deb ataladi. Ularning davolash rejalari ham mutlaqo farqli.

Aurali migren turi ham mavjud. Aura — bosh og‘rig‘i paydo bo‘lishidan avval qisqa muddatli nevrologik buzilishlar kuzatiladi: bosh  aylanishi, ko‘rish qobiliyati vaqtincha buzilishi, harakat sekinlashishi. Bular yarim soatda o‘tib ketadi va so‘ngra bosh og‘rig‘i boshlanadi. Harakat sekinlashishi deganda panja, bilak, yuz, til qotib qolishi tushuniladi. 

Migrenning ba'zi turlari (masalan, tananing bir tomonida holsizlik bilan namoyon bo‘luvchi gemiplegik turi) bir gendagi mutatsiya tufayli yuzaga keladi. Shu sababli, inson neyronlar giperharakatchanligiga moyil bo‘ladi. Bu shuni anglatadiki, miyaning hissiy tebranishlarga javob beruvchi sohalari oson qo‘zg‘aladi.

Ammo migrenning aksariyat turlari poligendir, ya'ni kasallik bir necha genlar omilida paydo bo‘ladi. Migren tashqi qo‘zg‘atuvchilarga bog‘liq bo‘lishi ham mumkin: ochlik, uyqu yetishmasligi, xavotirlanishlar.

Olimlar nevrologik jarayonlar ustida hali ham ish olib borishyapti, ammo jumboqning bir uchi allaqachon yechilgan. Masalan, migren sabablaridan biri bo‘lgan qon tomirlari kengayishining oldini oluvchi yangi dori vositalari ishlab chiqilgan.

Nima uchun uning qayerdan kelib chiqqani ma'lum emas?

Olimlar migrenni tadqiq qilishga kirishganiga ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Aksariyat shifokorlar tashvishlanishga moyil va stressni yengolmaydigan insonlarda uchrovchi ushbu psixosomatik kasallik erkaklarga nisbatan ayollarga ko‘proq ta'sir ko‘rsatishga ishonishgan va ishonishmoqda. Shu sababli unga jiddiy e'tibor berilmagan.

Bundan tashqari, migrenning asosiy belgisi og‘riqdir va u sub'yektiv hissiyot hisoblanadi. Uni o‘lchash imkonsiz, shuning uchun ham odamlar og‘riq borligiga ishonishlari qiyin bo‘ladi. Yana bir sabab, xurujlar boshlanadi va o‘tib ketadi, ular o‘rtasidagi tanaffuslarda bemor sog‘lom ko‘rinadi.

Migrenni o‘rganish ishlari 1960 yilda «Metisergid» preparati sotuvga chiqqani sababli boshlandi. Undan xuruj takrorlanishi oldini olish maqsadlarida foydalanishgan. Hozirda boshqa ta'sirlari borligi sababli ushbu doridan foydalanilmaydi, ammo u kasallikni o‘rganishda yordam bergan. Migren sabablarini psixologiyadan qidirish to‘xtatilgan, chunki fiziologik dalillar aniqlangan.  

Dorilar ko‘p. Migren keng tarqalgan, yillab davom etadi — bu farmokompaniyalar uchun oltin konidir. Dori ishlab chiqaruvchilar ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirib ham turishadi. Ammo yetarli emas, ayniqsa boshqa kasalliklar uchun ajratilgan vositalar bilan solishtirganda katta farq kelib chiqadi.

Migrendan faqat ayollar aziyat chekishadimi?

Migren ikki jins vakillariga birdek shikast yetkazadi, biroq statistikaga nazar tashlaydigan bo‘lsak, unga ayollar tez-tez duch kelishini ko‘rish mumkin. Migrendan aziyat chekuvchilar dunyo aholisining 30 foiz qismini tashkil etadi, ayollar erkaklarga nisbatan deyarli 3 barobar ko‘p.

Olimlar bunga menstrual sikl gormonlari aybdor deb taxmin qilishmoqda. Tsiklning ikkinchi fazasida estrogen va progesteron miqdori keskin tushib ketishi migrenga turtki bo‘ladi. Vaqt o‘tishi bilan garmonlar kamayadi, ularning darajasi o‘zgarmaydi, shuning uchun menopauzalar vaqtida migren kuchsizlanadi va o‘tib ketadi.

Ayollarda migren tashxisi ko‘p aniqlanishining sababi ular shifokor qabuliga tez-tez borishadi va bosh og‘rig‘idan shikoyat qilishadi. 

Menda migren bor. Nima qilishim kerak?

Avvalo shifokor qabulida bo‘lish va tashxisni aniqlashtirish kerak: har qanday bosh og‘rig‘i hatto u juda kuchli bo‘lsa ham migren bo‘lavermaydi. Shifokor yengillashtiruvchi dori va xurujlar profilaktikasi uchun vositalar, masalan antidepressantlar tavsiya qilishi mumkin.

So‘ngra, nima xurujga turtki bo‘lganini bilish lozim, ya'ni sizdagi migren triggerlari aynan qaysilar ekanligi aniqlanadi.

Eng ko‘p tarqalgan triggerlar:

  • stress;
  • uyqu yetishmasligi;
  • ba'zi mahsulotlar: shokolad, shakar, kofe, tuzlangan oziq-ovqatlar, pishloq, sitrus mevalar;
  • alkogol;
  • o‘tkir hid, shovqin, yorug‘lik;
  • o‘ta og‘ir jismoniy yuklama;
  • havo o‘zgarishlari.

Ushbu triggerlarni hayotingizdan chiqarib tashlashga harakat qiling. Cheklash imkoni bo‘lmasa, tayyorlaning. Agar migren yaqinlashib kelayotgani sezsangiz, unga yengilib o‘tirmasdan shifokor sizga tavsiya etgan dori vositasini qabul qiling. Bir necha soatga tinch va osoyishta bo‘lishga urining. Vaqtida oldi olinsa, migren sizni chetlab o‘tishi mumkin. Qilayotgan ishingizdan oz muddatga dam oling va shu tariqa o‘zingizni bosh og‘rig‘idan bir necha kun azob chekishdan asrang. 

Oldini olish imkonsiz bo‘lib bosh og‘rig‘i yuzaga kelsa, o‘zingizga qulay sharoit yarating: sokinlik va xotirjamlikda choy ichib hordiq chiqaring. Yordam bera oluvchi muolajani bajaring: peshona sohasiga sovuq kompress, massaj, vanna qabul qilish.

Bosh og‘rig‘i qachondir to‘xtaydimi?

Katta yoshda o‘tib ketishi mumkin. Yuqorida ta'kidlaganimizdek, migrenning eng yuqori darajasi insonning ishchanligi aynan ortgan 30-40 yoshda kuzatiladi. Yosh ortgan sari kuchsizlanadi.
Klinik amaliyotda katta yoshli odamlar o‘z yoshliklaridagi kabi qattiq bosh og‘rig‘idan juda kam holatlarda shikoyat qilishi kuzatilgan.

Migren qo‘zg‘atuvchi jarayonlar yil o‘tgan sayin o‘z intensivligini yo‘qotadi degan fikr mavjud. Qon tomirlari o‘z elastikligini yo‘qotadi va shuning uchun tomirlardagi nosozliklar tufayli yuzaga keluvchi xurujlar oldingidek keskin bo‘lmay qoladi.

Xurujlardan qanday qutulish mumkin?

Migrenni davolash imkonsiz. Lekin uni nazoratga olish mumkin — xurujlarni yengillashtirish. Buning uchun oddiy og‘riq qoldiruvchilardan foydalaniladi. Aynan migren xurujlariga mo‘ljallangan triptan guruhiga kiruvchi preparatlar buyurilishi ham mumkin. Biroq 30-40 foiz bemorlar uning ta'sirini sezishmaydi, ayniqsa birinchi marta tavsiya berilgan va bemor o‘ziga mos preparatni topib olmagan bo‘lsa, shu holat kuzatiladi. Bundan tashqari, triptanlar og‘riqni sekin bosadi. Dori o‘z kuchini ko‘rsatishi uchun 45-90 daqiqa kutish kerak. Afsuski, o‘tgan asr 90-yillarida yaratilgan triptanlar migren uchun eng yangi dori vositasi bo‘lib turibdi. 

Migrenni davolash yo‘li qachon topiladi?

Bu noma'lum. Farmokompaniyalar va turli mamlakatlar hukumatlari migrenga qarshi ta'sirga ega vosita yaratish ustida qayg‘urishmoqda. 

Aniqlanishicha, qon tomirlarini kengaytiruvchi CGRP neyrotransmitterlari darajasi migren vaqtida keskin ko‘tariladi. Unga to‘sqinlik qiluvchi CGRP- retseptorlari antagonistlarini sinash jarayonlari o‘tkazilmoqda. Ammo xursand bo‘lishga juda erta.

Hozirgi kunda migren bemorga sezilarli darajada noqulaylik va juda katta salbiy ijtimoiy-iqtisodiy ta'sirga sabab bo‘luvchi kasallik bo‘lib qolmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, birgina migrenning o‘zi iqtisodiyotga yiliga 111 milliard dollarga tushadi. Bu raqam shifokor tavsiyalari narxi, dorilar, tadqiqotlar uchun ajratilgan sarmoyalarga qarab hisoblanmagan, uning negizida migrendan azob chekayotgan insonlarning o‘z ish joyida samaradorligi tushib ketishi yoki umuman ishga bormasligi yotibdi.

Internet materiallari asosida N.Qarshiyeva tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: