Loyiha-tadqiqot ishlari qiymatini aniqlashning yangi tartibi joriy etildi

O‘zbekiston 13:41 / 16.09.2019 2661

2019 yil 9 sentyabrdan qurilish obektlari uchun loyiha-tadqiqot ishlari qiymatini aniqlashning yangi tartibi joriy etildi. Ilgari amal qilgan tartib o‘z kuchini yo‘qotdi, deb yozmoqda Norma.
 
Yangi Nizom talablari, xuddi avvalgidek, markazlashtirilgan manbalar, davlat boshqaruv organlari va davlat korxonalari mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan qurilish obektlari uchun loyiha-tadqiqot ishlari qiymatini aniqlashda qo‘llaniladi, boshqa manbalar hisobiga moliyalashtiriladigan qurilish obektlari uchun tavsiyaviy xarakterga ega.
 
Buyurtmachi tomonidan loyiha-tadqiqot ishlarining qiymati loyiha-tadqiqot hujjatlarini (loyiha, ishchi loyiha va ishchi hujjatlar) ishlab chiqish, shuningdek ishchi loyihalashdan oldingi texnik-iqtisodiy asoslar va texnik-iqtisodiy hisob-kitob bosqichlarida buyurtmachi tomonidan aniqlanadi. Loyiha ishlarining joriy narxlarda belgilangan qiymati ushbu ishlarning ijrochisini aniqlash uchun davlat xaridlarini amalga oshirishda boshlang‘ich qiymat sifatida qo‘llaniladi.
 
Loyiha ishlarining qiymatini aniqlash mexanizmi o‘zgarmadi. Summa qurilish obektining murakkablik darajasidan va belgilangan ro‘yxat bo‘yicha alohida xarajatlarni kiritgan holda obekt qiymatidan kelib chiqib hisoblanadi. Hisob-kitoblar tasdiqlangan formulalar bo‘yicha amalga oshiriladi.  
 
Shu bilan birga loyiha ishlarini amalga oshirish muddatlari belgilandi:

• kapital ta'mirlash obektlari bo‘yicha - 1,5 oy;
• rekonstruksiya obektlari bo‘yicha - 3 oy;
• namunaviy loyihalar va bazaviy loyihalar asosida yangi qurilayotgan obektlar bo‘yicha - 3–4 oy.
 
Buyurtmachi va loyiha tashkilotlari o‘rtasida tuziladigan shartnomada loyiha-tadqiqot hujjatlarini ishlab chiqish muddatlari ko‘rsatiladi.
 
Bundan tashqari, loyihalashtirishni murakkablashtiruvchi omillar ro‘yxatiga tuzatishlar kiritildi, ushbu omillarga qarab tuzatish koeffitsiyentlari belgilanadi. Ro‘yxatdan yer uchastkasi seysmik bardoshligining 7-8 ballik hisobi chiqarib tashlandi (faqat 9 ballik hisobi saqlanib qolindi), murakkab yer uchastkalarida (hududning zichligi, sizot suvlar darajasi yuqori bo‘lgan va boshqalarda) obekt qurilishi, arxitektura, texnika va muhandislikka oid qarorlarni qo‘llash borasida yangiliklar kiritildi. Ularning o‘rniga loyihalarni BIM (Building Information Management) texnologiyalari asosida bajarish va «Fast track» usulida loyihalashtirish (bir vaqtda loyihalashtirish, xarid qilish va qurilish ishlari) joriy etildi.
 
Shuningdek quyidagilarni belgilash tartibiga tuzatishlar kiritildi:

• ishchi loyihani ishlab chiqish qiymatining hisob-kitob darajasi;
• turli bosqich va jarayonlarda loyihaoldi-asoslovchi hujjatlarni va ishchi hujjatlarni ishlab chiqish qiymati miqdori;
• hisobga olinmagan ishlar qiymati.
 
Hujjat 9.09.2019 yildan kuchga kirdi.   

Ko‘proq yangiliklar: