Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Yo‘lbarsxon Mansurov boshqa ishga o‘tkazildi

O‘zbekiston 12:53 / 16.09.2019 15110

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Toshkent shahridagi “D.I.Mendeleyev” nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti” Federal davlat budjeti oliy ta'lim muassasasi filialining ijrochi direktori tayinlandi.

Bosh vazir Abdulla Aripov tomonidan 2019 yilning 15 sentabr kuni imzolangan hujjatga ko‘ra, Yo‘lbarsxon Nabiyevich Mansurov Toshkent shahridagi “D.I.Mendeleyev” nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti” Federal davlat budjeti oliy ta'lim muassasasi filialining ijrochi direktori etib tayinlandi.

Ma'lumot uchun: materialshunoslik va innovatsiyalarni boshqarish sohasida mutaxassis sanalgan “Buyuk kelajak” XNNT a'zosi Yo‘lbarsxon Mansurov O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgandi.

Quyidagilar Toshkent shahridagi “D.I.Mendeleyev” nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti” Federal davlat budjeti oliy ta'lim muassasasi filiali faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilangan:

respublikaning sanoat tarmoqlaridagi muhim ilmiy-texnologik vazifalarni hal etishga qodir bo‘lgan yuqori malakali muhandis-texnik kadrlarni xalqaro ta'lim standartlariga muvofiq tayyorlash;

nanomateriallar kimyoviy texnologiyasi, materialshunoslik va materiallarni korroziyadan saqlash, materiallarga badiiy ishlov berish texnologiyasi va sanoat ishlab chiqarishining boshqa sohalarida fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlar olib borish;

ta'lim hamda ilm-fanning uzluksizligi va izchilligi, shuningdek, ularni jahon ta'limi va ilm-fani hamjamiyatiga integratsiya qilish hisobiga mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;

muhandis-texnik va ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va modernizatsiya qilishga yo‘naltirilgan yangi ta'lim dasturlari hamda o‘qitish shakllarini ishlab chiqish va tatbiq etish;

ta'lim, ilm-fan va ishlab chiqarishning yaqin integratsiyalashuvi uchun shart-sharoitlar yaratish;

ilmiy-pedagogik salohiyatning rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, pedagogik texnologiyalar va o‘qitish usullarini faol takomillashtirish;

ta'lim hamda ilmiy-texnikaviy sohalarda xorijiy mamlakatlarning yetakchi ta'lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari va biznes hamjamiyati bilan uzoq muddatli munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlash.

Ko‘proq yangiliklar: