Afg‘onistonda elektr uzatish liniyalari portlatib yuborildi. O‘zbekiston Energetika vazirligi elektr energiyasi yetkazib berish davom etayotganini bildirdi

Jahon 16:20 / 16.09.2019 26953

Afg‘onistonda harakat qilayotgan hukumatga qarshi jangarilar elektr uzatish liniyasini portlatib yuborishdi. Bu haqda TOLOnews xabar tarqatdi.

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, hujum natijasida Afg‘oniston poytaxti Kobul va mamlakatning 11 viloyati elektr energiyasiz qolgan. Jangarilar Tojikistondan kelayotgan yuqori voltli elektr uzatish liniyasining uchta ustunini portlatishgani aytiladi. Shuningdek, O‘zbekistondan elektr energiyasi yetkazib beriladigan elektr uzatish liniyasining bitta ustuni vayron bo‘lgan.

O‘z navbatida, Energetika vazirligi huzuridagi «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» korxonasi Afg‘onistonda elektr energiyasini sotib oluvchilardan elektr uzatish liniyalari portlatib yuborilganini tasdiqlovchi ma'lumot olmagan. Bu haqda korxona Kun.uz’ga xabar qildi.

Qayd etilishicha, amaldagi shartnoma bo‘yicha Afg‘oniston Islom Respublikasi O‘zbekistondan uzluksiz elektr energiyasini (kuniga taxminan 1,5 million kVt/soat) olmoqda.

Elektr uzatish liniyalari, xususan, elektr uzatish ustunlarini ta'mirlash va tiklash har bir mamlakat tomonidan mustaqil ravishda amalga oshiriladi.

«Agar biron sababga ko‘ra elektr ta'minoti to‘xtagan bo‘lsa, biz bu afg‘on iste'molchilari Tojikiston Respublikasidan sotib oladigan elektr energiyasi liniyasi orqali sodir bo‘lgan bo‘lishi mumkin, deb taxmin qilamiz. Agar bu taxmin rost bo‘lsa, tojik va afg‘on mutaxassislari elektr uzatish liniyalarini qachon va qanday qilib qayta tiklashlarini bilmaymiz», - deyiladi «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» izohida.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 2019 yil dekabriga qadar yangi Surxon - Puli-Xumri elektr uzatish liniyasi qurilishini tugatishni rejalashtirmoqda. Dastlab, qiymati 150 million dollarga teng bo‘lgan loyihani (118 millioni - afg‘on tomonining mablag‘lari) 2020 yil oxiriga qadar yakunlash rejalashtirilgan edi.

Uzunligi 260 km bo‘lgan elektr uzatish liniyasi O‘zbekistondan Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berishni 70 foizga - yiliga 6 milliard kVt/s.gacha oshiradi.

Ko‘proq yangiliklar: