Qanday ishlar yopiq sud majlisida ko‘riladi?

O‘zbekiston 15:31 / 15.09.2019 28308

O‘zbekiston Respublikasi bosh qomusiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, uning 113-moddasida hamma sudlarda ishlar ochiq ko‘rilishi, ishlarni yopiq majlisda tinglashga qonunda belgilangan hollardagina yo‘l qo‘yilishi haqida belgilab qo‘yilgan. Qonunda belgilangan hollar qaysilar?

Jinoyat protsessual kodeksining (JPK) 19-moddasida sud raisi ishni yopiq ko‘rishda qaysi protsessual harakatlarni amalga oshirishi kerakligi tushuntirilgan. Ishni yopiq sud majlisida ko‘rish barcha protsessual qoidalarga rioya qilgan holda amalga oshiriladi. Bu haqda ajrim chiqariladi. Ishni yopiq majlisda ko‘rish to‘g‘risidagi sudning ajrimi butkul muhokamaga nisbatan yoki uning alohida qismlariga nisbatan chiqarilishi mumkin. Bu ajrim sud majlisiga yig‘ilganlarga taalluqli bo‘lib, jinoyat protsessi ishtirokchilariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Ya'ni, sud ishi yopiq ko‘rilishiga ma'lum talablar qo‘yilgan. Mazkur talablar bajarilgach, sud ish yopiq ko‘rilishi bo‘yicha ajrim chiqaradi, unda sabablari ko‘rsatiladi va bu faqatgina sud majlisiga yig‘ilganlarga tatbiq etiladi.

Protsess ishtirokchilari sudga iltimosnoma kiritishi natijasida (asoslantirilgan), odatda jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar (nomusga tegish, jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish, besoqolbozlik, ayolni jinsiy aloqa qilishga majbur etish), farzandlikka olish bilan bog‘liq ishlar, davlat siri bilan bog‘liq va boshqa ishlar yopiq sud majlisida ko‘riladi.

JPKning 19-moddasida o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarning jinoyatlari to‘g‘risidagi ishlarni, shuningdek fuqarolarning shaxsiy hayoti haqidagi ma'lumotlarni yoki ularning sha'ni va qadr-qimmatini kamsitadigan ma'lumotlarni oshkor qilmaslik maqsadida hamda jabrlanuvchining, guvohning yoki ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning, xuddi shuningdek ular oila a'zolarining yoki yaqin qarindoshlarining xavfsizligini ta'minlash taqozo etilgan hollarda boshqa ishlarni sud ajrimi bilan yopiq sud majlisida ko‘rishga yo‘l qo‘yilishi aytilgan.

Mazkur kodeksda barcha sudlarda jinoyat ishlari oshkora ko‘rilishi, bundan davlat sirlarini qo‘riqlash manfaatlariga zid keladigan hollar, shuningdek jinsiy jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlar ko‘rilayotgan hollar mustasnoligi belgilangan.

Davlat sirini nimalar tashkil qiladi? Bu bo‘yicha «Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida»gi qonunda tushuntirib qo‘yilgan.

Davlat tomonidan qo‘riqlanadigan va maxsus ro‘yxatlar bilan chegaralab qo‘yiladigan alohida ahamiyatli, mutlaqo maxfiy va maxfiy-harbiy, siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va boshqa ma'lumotlar O‘zbekiston Respublikasining davlat sirlari hisoblanadi.

Davlat sirlari O‘zbekiston Respublikasining mulkidir.

O‘zbekiston Respublikasining davlat sirlari – davlat, harbiy va xizmat sirlarini qamrab oladi.

Oshkor etilishi respublika harbiy-iqtisodiy imkoniyatlarining sifat holatiga salbiy ta'sir etishi yoki O‘zbekiston Respublikasining mudofaa qobiliyati, davlat xavfsizligi, iqtisodiy va siyosiy manfaatlari uchun boshqa og‘ir oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan ma'lumotlar davlat sirini tashkil etadi.

Oshkor etilishi O‘zbekiston Respublikasining mudofaa qobiliyati, davlat xavfsizligi va qurolli kuchlar uchun og‘ir oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan harbiy xususiyatga ega ma'lumotlar harbiy sirni tashkil etadi.

Oshkor etilishi O‘zbekiston Respublikasi manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan fan, texnika, ishlab chiqarish va boshqaruv sohasiga doir ma'lumotlar xizmat sirini tashkil etadi.

Alohida tartibga bo‘ysunuvchi, alohida muhim va muayyan tartibga bo‘ysunuvchi obektlar ro‘yxati, shuningdek ularning sirasiga mansub deb topish tartibini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.

Axborotlarni maxfiylashtirish va maxfiylikdan chiqarish ushbu Qonunga hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan ma'lumotlarning maxfiylik darajasini aniqlash va belgilash tartibi to‘g‘risidagi nizom va O‘zbekiston Respublikasida maxfiylashtirilishi lozim bo‘lgan ma'lumotlar ro‘yxatiga muvofiq amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti belgilab qo‘yadigan davlat sirlarini saqlashni ta'minlovchi davlat organlari O‘zbekiston Respublikasi yuridik va jismoniy shaxslarining mulki hisoblangan axborotlarni maxfiylashtirish va maxfiylikdan chiqarishga haqlidir.

Davlat sirlariga taalluqli ma'lumotlarga ega bo‘lgan korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari, ayrim fuqarolar bunday ma'lumotlar maxfiylashtirilishi zarurligi to‘g‘risidagi masala hal etilishi uchun davlat sirlari saqlanishini ta'minlovchi organlarga murojaat etishlari lozim.

Maxfiylashtirilishi fuqaroning shaxsiy xavfsizligiga tahdid soladigan axborot davlat sirlariga mansub deb topilishi mumkin emas.

Axborot egalari axborotlarni maxfiylashtirish yoki maxfiylikdan chiqarishga oid g‘ayriqonuniy xatti-harakatlar ustidan sudga shikoyat qilishga haqlidirlar.

JPK 19-moddasining 10-bandiga ko‘ra, sud hukmlari, ajrimlari va qarorlari barcha hollarda oshkora e'lon qilinadi.

Zafarbek Solijonov

Ko‘proq yangiliklar: