Sirdaryo viloyatida turizmni rivojlantirish bo‘yicha qator ishlar bajarilmagani aniqlandi

O‘zbekiston 09:15 / 14.09.2019 5438

2019 yil 13 sentabr kuni Sirdaryo viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Sirdaryo viloyatida turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan 2019 yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi hisobot eshitildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabariga ko‘ra, Sirdaryo viloyati mamlakatning markaziy qismida, mintaqadagi eng katta daryolardan birining bo‘yida joylashgan bo‘lib, hududda sayyohlikning ayrim turlari, ayniqsa ekoturizmni rivojlantirish imkoniyatlari katta. 2019 yil birinchi yarim yilligida 3 ta oilaviy mehmon uyi, 5 ta restoran va kafe hamda turoperatorlik sub'yektlari tashkil etildi, shuningdek, turistik toifadagi mikroavtobus hamda elektromobillar qatnovi yo‘lga qo‘yildi.

Guliston temir yo‘l vokzali hamda “Shohrux” mehmonxonasi hududida turizm axborot markazlarining faoliyati yo‘lga qo‘yilib, shaharda Wi-Fi zonalari tashkil qilingan.

So‘zga chiqqanlar ta'kidlaganidek, amalga oshirilayotgan ishlar va erishilayotgan ijobiy natijalar bilan bir qatorda turizm sohasidagi hududiy dasturlarga kiritilgan, ammo ijrosi ta'minlanmasdan qolayotgan topshiriqlar, shuningdek, Sirdaryo viloyati turizm salohiyatini yanada oshirish borasida bir qator bajarilmagan ishlar ham mavjud.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 7 fevraldagi “Ichki turizmni jadal rivojlantirishni ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan kelishgan holda turizmni rivojlantirish uchun yuqori salohiyatga ega tuman va shaharlarda joylashgan hamda asosan muhandislik kommunikatsiyalar bilan ta'minlangan foydalanilmayotgan yer uchastkalarini ro‘yxat bo‘yicha uch oy muddatda xatlovdan o‘tkazilishi hamda keyinchalik Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi xulosasiga asosan har bir hududda umumiy maydoni kamida 20 gektar bo‘lgan 20 ta yer uchastkasi hisobidan kelib chiqib, turizm sohasidagi loyihalarni (mehmonxonalar, mehmonxona uylari, kempinglar, motellar va boshqa joylashtirish vositalari, tematik xiyobonlar, muzeylar, galereyalar va boshqa inshootlar qurish) amalga oshirish maqsadida tadbirkorlik sub'yektlari hamda potensial investorlarga taqdim etish uchun ajratilishi belgilangan. Lekin bugungi kunga qadar Sirdaryo viloyatida birorta ham yer uchastkasi tadbirkorlarga ajratib berilmagan.

Majlisda qo‘rib chiqilgan masala yuzasidan Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: