Senat: O‘zbekistonda xotin-qizlarning savodxonlik darajasi 99,98 foizni tashkil etadi

O‘zbekiston 09:21 / 14.09.2019 3402

2019 yil 13 sentabr kuni Namangan viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik qo‘mitasi tomonidan “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquqlar hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida” hamda “Ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.

Foto: Oliy Majlisi Senati axborot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabariga ko‘ra, O‘zbekistonda xotin-qizlarning ta'lim olishdagi tengligi ta'minlangan. 2017 yilda qizlar boshlang‘ich ta'lim sohasida o‘quvchilarning 50 foizini, o‘rta maktabda esa 54 foizini tashkil etdi. O‘tgan yilgi statistik ma'lumotga ko‘ra oliy ta'lim sohasida ham ayollar soni ortgan va talabalarning 40 foizi xotin-qizlarni tashkil etgan, bu 2011 yildagi ko‘rsatkichdan 36 foizga ko‘p demakdir. Xotin-qizlarning savodxonlik darajasi esa 99,98 foizni, ya'ni dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan birini tashkil etadi.

Ta'kidlanganidek, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunida qonuniylik, demokratizm, xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi, jinsi bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘yilmasligi, ochiqlik va shaffoflik xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini ta'minlashning asosiy tamoyillari sifatida belgilangan.

Qonunda davlat xizmati, ijtimoiy himoya, oilaviy munosabatlar hamda bolalar tarbiyasi, ta'lim, ilm-fan, madaniyat hamda sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot sohasida hamda tadbirkorlik faoliyatida, mehnat munosabatlarida, saylov huquqini amalga oshirishda, uy mehnatini bajarishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari nazarda tutilgan.

Foto: Oliy Majlisi Senati axborot xizmati

Tadbir davomida qayd etilganidek, Qonunning so‘zsiz va izchil ijro etilishi erkaklar va xotin-qizlar o‘rtasidagi tenglikka asoslangan o‘zaro munosabatlarning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishga, shaxs huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni ta'minlash kafolatlarini mustahkamlashga, shuningdek tegishli idoralarning mazkur sohadagi vakolatlarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

“Ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni anjumanda muhokama qilingan yana bir masala bo‘ldi. Ta'kidlanganidek, 35 ta moddadan iborat ushbu hujjatning maqsadi xotin-qizlarni turmushda, ish joylarida, ta'lim muassasalarida hamda boshqa joylarda tazyiq va zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish hamda ularning oldini olish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan, shuningdek jabrlanganlarni huquqiy hamda ijtimoiy himoya qilish kafolatlarini ta'minlashdan iborat.

Qonunga ko‘ra, bu sohadagi gender siyosatni, davlat dasturlarini hamda strategiyalarini ishlab chiqish va amalga oshirish, jamiyatda xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka nisbatan murosasizlik muhitni yaratish, xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta'minlash kabi maqsadlar davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi. 

Ko‘proq yangiliklar: