O‘zbekiston yil oxiriga qadar fuqarolar va norezidentlarga davlat obligatsiyalarini xarid qilishga ruxsat beradi

Iqtisodiyot 16:38 / 14.09.2019 8495

“O‘zbekiston o‘z fuqarolari va norezidentlar uchun davlatga tegishli qimmatli qog‘ozlar bozorini ochish niyatida”-, deya xabar berdi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi vakili Kun.uz muxbiriga.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat tomonidan Moliya vazirligi, Markaziy bank va agentlikka yil oxiriga qadar qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish, muomala qilish va so‘ndirish tartibini muvofiqlashtirish hamda mamlakat fuqarolari bilan birga norezidentlarga ham bunday qog‘ozlarni xarid qilish imkoniyatini berish vazifasi yuklatilgan.

“Biz (hukumatda bu masala yuzasidan – tahr.) bu mavzu bo‘yicha uzoq bahslashdik. Hamma bu qachondir amalga oshirilishi kerakligini tushunib turardi va tezroq bir fikrga kelishga qaror qildik”, – degan suhbatdosh masala yuzasidan.

Uzoq tanaffusdan so‘ng 2018 yil oxirida Moliya vazirligi Markaziy bank bilan birgalikda davlat qimmatli qog‘ozlari bilan bog‘liq operatsiyalarni tiklagandi. Ammo amaldagi qonun bo‘yicha ularni faqat O‘zbekiston rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar xarid qilishi mumkin.

“Bunday tartibning kamchiligi shundaki, u xaridorlar doirasini cheklab qo‘yadi. Buning natijasida ikkilamchi bozor va bu qog‘ozlarning haqiqiy bozor qiymati bo‘lmaydi. Fikrimizcha, bu doirani kengaytirish ortidan likvidlik ham oshadi. Bundan tashqari narx kapital bozoriga indikator bo‘lib xizmat qiladi” – deya ta’kidladi suhbatdosh.

Bir muddat oldin O‘zbekiston Markaziy Bankining aholi va xorijiy sarmoyadorlarning mamlakat qimmatli qog‘ozlar bozoriga kirish imkoniyatidan xavotiri mavjud edi.

“Ular aholi bu masalada ancha himoyasizligi uchun bunday qog‘ozlarni sotib olmaganlari ma’qul, deb tushunadilar. Biz (agentlik – tahr.) esa bu tubdan noto‘g‘ri deb hisoblaymiz, sababi davlat obligatsiyalari bozordagi eng ishonchli qog‘ozlar bo‘lishi lozim. Agar biz aholiga korporativ obligatsiyalar xarid qilish imkoniyatini yaratsak, qanday qaralmasin ular davlat obligatsiyalariga nisbatan ko‘proq tavakkalchilikka asoslangani aniq bo‘ladi. Biz aholini himoyalash niyatidamiz, ammo eng ishonchli qog‘ozlarni ularga sotmayapmiz” – dedi agentlik vakili.

Kun.uz suhbatdoshining ta’kidlashicha, butun dunyo bo‘yicha davlat obligatsiyalari tavakkalchilik deyarli yo‘q bo‘lgan qimmatli qog‘ozlar hisoblanadi. Davlatning o‘z majburiyatlarini bajarmay qo‘yish imkoniyati amalda nolga teng. Buning uchun davlat defolt e’lon qilishi lozim.

“Xorijiy investorlarga kelsak, ular bilan kapital harakatini nazorat qilish bo‘yicha xavotir bor edi. Bu xavotir har bir davlatda mavjud. Bizning vazifamiz amaldagi tartiblarni imkon qadar shaffof qilishdan iborat. Tabiiyki qandaydir cheklovlar bo‘lishi kerak. Kapital harakati mutlaq erkin bo‘lishi mumkin emas” – qo‘shimcha qilgan suhbatdosh.

“Eng muhimi – bu tartibni ishlab chiqish kerak. U xorijiy investorga tushunarli, imkon qadar universal hamda barcha holatlarni nazarda tutadigan bo‘lishi lozim”, – deyilgan agentlikda.

Ko‘proq yangiliklar: