Deputatlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqotini olib borish tartibi tasdiqlanadi

O‘zbekiston 08:34 / 14.09.2019 4140

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqotini olib borish tartibi to‘g‘risidagi Nizom loyihasi e'lon qilindi.

Nizomga ko‘ra, saylovoldi tashviqoti – saylov kampaniyasi davrida amalga oshiriladigan va saylovchilarni deputatlikka nomzodni yoqlab ovoz berishga undashga qaratilgan faoliyat.

Saylovoldi tashviqoti deputatlikka nomzodlar tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi viloyat tuman va shahar saylov komissiyalari tomonidan nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan e'tiboran boshlanadi va ovoz berish boshlanishidan bir kun oldin tugaydi.

Deputatlikka nomzodlar saylovoldi tashviqotini o‘tkazish borasida teng huquqlarga ega.

Deputatlikka nomzodlar deputat etib saylanishi uchun uning nomidan ishonchli vakillar saylovoldi tashviqotini olib borishlari mumkin.

Deputatlikka nomzodlarga o‘zining kelgusidagi faoliyati dasturi, siyosiy partiyaning dasturi va saylovoldi platformasi bilan so‘zga chiqish huquqi beriladi. Siyosiy partiyaning dasturi va saylovoldi platformasi davlat suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga qarshi qaratilmagan bo‘lishi, xalqning salomatligi hamda ma'naviyatiga tahdid solmasligi, urushni, milliy nafratni, irqiy va diniy adovatni targ‘ib qilmasligi, konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik ishlatib o‘zgartirishga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari hamda erkinliklarini cheklovchi harakatlarga da'vat qilmasligi kerak.
 
Saylovoldi tashviqoti:

siyosiy partiyaning dasturi va (yoki) saylovoldi platformasi to‘g‘risidagi axborotni o‘zining deputatlikka nomzodlarini yoqlab ovoz berishga da'vat etgan holda tarqatish;

deputatlikka nomzod haqida axborot tarqatib, uni yoqlab ovoz berishga chaqirish shaklida o‘tkaziladi.

Saylovoldi tashviqoti omma oldida ochiq munozaralar, bahslar, matbuot konferensiyalari, fuqarolarning yig‘ilishlari, intervyular, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar, roliklarni joylashtirish shaklida olib borilishi mumkin.

Saylovoldi tashviqoti:

ommaviy axborot vositalari (OAV), shu jumladan televideniye, umumiy foydalanishdagi axborot-telekommunikatsiya tarmoqlari (shu jumladan butunjahon Internet axborot tarmog‘i) orqali;

bosma, ko‘rgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini (plakatlar, varaqalar va boshqa materiallarni) chop etish hamda tarqatish;

saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.

Saylovoldi tashviqoti davrida uni olib borishning Saylov Kodeksi va ushbu Nizomda taqiqlanmagan boshqa turlari, shakllari va usullaridan ham foydalanilishi mumkin.

Deputatlikka nomzodlar saylovoldi tashviqotini o‘tkazishning turlari, shakllari va usullarini mazmun-mohiyatini mustaqil belgilaydilar.

Saylovoldi tashviqoti materiallari quyidagilar hisoblanadi:

nomzod uchun ovoz berishga chorlovchi bosma, ko‘rgazmali, audiovizual materiallar;

nomzodga oid plakatlar, bannerlar, varaqalar;

OAVda qo‘yiladigan nomzod uchun ovoz berishga chorlovchi video va audio roliklar.

Deputatlikka nomzodlarning avtobiografik ma'lumotlari va ularning saylovoldi dasturlari to‘g‘risidagi tegishincha Markaziy saylov komissiyasi, viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalarining axborot materiallari saylovoldi tashviqoti materiallari hisoblanmaydi.

Saylovoldi tashviqotini saylovchilarga tovarlarni, xizmatlarni (axborot xizmatlari bundan mustasno) bepul yoki imtiyozli asoslarda taqdim etish, shuningdek pul mablag‘lari to‘lash orqali o‘tkazish taqiqlanadi.

Noto‘g‘ri axborotni, shuningdek nomzodlarning sha'ni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan ma'lumotlarni tarqatish taqiqlanadi.

Deputatlikka nomzodlarga saylovoldi tashviqotini o‘tkazish uchun mablag‘lar Davlat budjetidan ajratiladi. Deputatlikka nomzodlarga boshqa manbalardan pul mablag‘larini o‘tkazish (kiritish), tovarlar yetkazib berish, ishlar bajarish, xizmatlar ko‘rsatish shaklida moliyaviy ta'minlash va boshqacha tarzda moliyaviy qo‘llab-quvvatlash taqiqlanadi.

Siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzod saylov kampaniyasida ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratiladigan budjetdan mablag‘larining hajmi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan teng ulushlarda belgilanadi va siyosiy partiya e'tiboriga yetkaziladi.

Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodning saylovoldi tashviqotini o‘tkazishni moliyalashtirish Markaziy saylov komissiya tomonidan Respublika budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar kengashlariga nomzodning saylovoldi tashviqotini o‘tkazishni moliyalashtirish viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Xalq deputatlari tuman va shahar kengashlariga nomzodning saylovoldi tashviqotini o‘tkazishni moliyalashtirish tuman va shahar hokimliklari tomonidan mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: