Olimpiada uchun yo‘l: O‘zbekiston sport kurashlari bo‘yicha jahon chempionatida mashhur nomlar bilan

Sport 15:27 / 13.09.2019 21195

14-22 sentabr kunlari Qozog‘iston poytaxti Nur-Sulton shahrida sport kurashlari (yunon-rim kurashi, erkin kurash va ayollar kurashi) bo‘yicha navbatdagi jahon chempionati bahslari bo‘lib o‘tadi. Tokio olimpiadasi uchun yo‘llanmalar o‘ynaladigan bu bahslarda 27 nafar o‘zbekistonlik sportchi qatnashadi. Ulardan 9 nafari erkin kurash, 10 nafari yunon-rim kurashi bo‘yicha yana 8 nafari ayollar kurashi bo‘yicha bahslarda qatnashadi.

Qo‘shni mamlakatda o‘tadigan musobaqada O‘zbekiston vakillarining imkoniyatlari qay darajada?

Bu galgi jahon chempionatida 2020 yil Tokioda o‘tkaziladigan Olimpiada o‘yinlariga jami 108ta yo‘llanma o‘ynaladi. Har bir vazn toifasida kuchli oltilikka kirgan sportchilar 4 yillikning eng nufuzli musobaqasida qatnashish huquqiga ega bo‘lishadi. Ya'ni, musobaqaning barcha yarim finalchilari avtomatik tarzda yo‘llanmaga ega bo‘lsa, yana ikkita yo‘llanma yarim finalgacha yetib kelolmagan sportchilar o‘rtasida o‘tkaziladigan o‘tish o‘yinlarida taqsimlanadi.

  • yunon-rum kurashi bo‘yicha -55 kg, -60 kg, -63 kg, -67 kg, - 72 kg, -77 kg, -82 kg, -87 kg, -97 kg, -130 kg;
  • erkin kurash bo‘yicha -57 kg, -61 kg, -65, -70 kg, -74 kg, -79 kg, -86 kg, -92 kg, -97 kg, -125 kg;
  • ayollar kurashi bo‘yicha -50 kg, -53 kg, -55 kg, -57 kg, -59 kg, -62 kg, -65 kg, -68 kg, -72 kg, -76 kg;

Raqib murabbiyini «yechinishga majbur qilgan» Ixtiyor, Olimpiada medalini ko‘zlagan Bekzod va ikkinchi yoshligini o‘tkazayotgan Magomed

O‘zbekistonlik sportchilarga bu bahslarda oson bo‘lmasligi aniq, ammo vakillarimizdan Tokio olimpiadasiga maksimal miqdorda yo‘llanma kutish mumkin. Erkin kurashchilarimiz Qozog‘istonga kuchli tarkib bilan yo‘l olgan:

-57 kg: Jahongirmirzo Turobov

-61 kg: Abbos Rahmonov

-65 kg: Temurjon Usmonoxunov

-70 kg: Ixtiyor Navro‘zov

-74 kg: Bekzod Abdurahmonov

-79 kg: Rashid Qurbonov

-86 kg: Javrail Shapiyev

-97 kg: Magomed Ibragimov

-125 kg: Hasanboy Rahimov.

Bu sportchilar orasida muxlislar endilikda -70 kg vazn toifasida gilamga chiqadigan Ixtiyor Navro‘zovni yaxshi eslashadi. 2016 yilgi Rio olimpiadasi bronza medali sovrindori Ixtiyor medal uchun bahsda mo‘g‘ulistonlik sportchini mag‘lub etganida Ganzorigiyn Mandaxnaranning murabbiylari hakamlar qaroridan norozi bo‘lgan holda gilamga chiqib hammaning oldida yechingandi. O‘shanda bahs yakunlanishiga 5 soniya qolganida hisobda oldinda borayotgan mo‘g‘ulistonlik sportchi raqibi Ixtiyor Navro‘zovdan ochiqchasiga qocha boshlaydi va shu bois hakamlar mo‘g‘ulistonlik sportchining sustkashligi uchun Ixtiyorga 1 ball beradi. Oqibatda bronza medaliga yetishiga 5 soniya qolganida undan mahrum bo‘lgan mo‘g‘ulistonlik sportchining murabbiylari noroziligini juda xunuk tarzda namoyish qilgandi.

Osiyo o‘yinlarining ikki karra chempioni, ikki bor Osiyo chempionati g‘olibi, jahon chempionatlarida ikki bor medal taqqan Bekzod Abdarahmonov ham o‘z oldiga Olimpiada chempioni bo‘lish vazifasini qo‘ygan

Bekzod Abdarahmonov

O‘zbek kurashchilari orasida eng mashhurlaridan biri Magomed Ibragimov hisoblanadi. 35 yoshli bu erkin kurashchi uzoq yillardan buyon -97 kg vazn toifasida gilamga chiqib keladi. Magomed ham O‘zbekiston delegatsiyasi uchun fenomenal tarzda o‘tgan Rio olimpiadasida bronza medalini qo‘lga kiritgandi. Keyinchalik Jakartadagi Osiyo o‘yinlarida ham bronza medali bilan kifoyalangan Magomed so‘nggi yillarda o‘zining ikkinchi yoshligini o‘tkazmoqda deyish mumkin. U 2017 yil Hindistonda va 2018 yil Qirg‘izistonda o‘tkazilgan Osiyo chempionatlarida oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Magomed Ibragimov

Kurashchilar yurti Dog‘istonda tug‘ilgan Ibragimov katta ehtimol bilan faoliyatidagi oxirgisi bo‘ladigan Tokio olimpiadasi yo‘llanmasi uchun bor kuchi bilan kurashishi aniq.

7 yildan buyon shohsupadan tushmayotgan Elmurat va Jakarta qahramoni Mo‘minjon

Yunon-rimchilar ham kuchli tarkib bilan Nur-Sultonga yo‘l olishgan. To‘liq tarkib quyidagicha ko‘rinish oldi:

-55 kg: Ilhom Bahromov

-60 kg: Elmurat Tasmuradov

-63 kg: Islomjon Bahromov

-67 kg: Mirzobek Rahmatov

-72 kg: Aram Vardanyan

-77 kg: Jalgasbay Berdimuratov

-82 kg: Nurbek Hoshimbekov

-87 kg: Rustam Assakalov

-97 kg: Jahongir Turdiyev

-130 kg: Mo‘minjon Abdullayev.

Yunon-rimchilar orasida Mo‘minjon Abdullayevni Jakartadagi Osiyo o‘yinlaridan keyin ko‘pchilik tanib oldi. --130 kg vazn toifasida gilamga chiqadigan Mo‘minjon Jakartadagi finalda qozog‘istonlik Nurmakan Tinaliyevni 8:0 hisobida mag‘lub etgan va Osiyo o‘yinlari g‘olibiga aylangandi.

Mo‘minjon Abdullayev

Rio olimpiadasida sovrindor bo‘lgan yana bir yunon-rimchi Elmurat Tasmurodov Nur-Sultondagi jahon chempionatida ham yurtimiz sharafini himoya qiladi.

Yelmurat Tasmuradov

2012 yildan buyon katta musobaqalarda shohsupadan tushmayotgan 27 yoshli Elmurat bu vaqt davomida 4 marta Osiyo chempioni bo‘ldi va qit'a chempionatida ikki marta kumush medalni qo‘lga kiritdi. Rio olimpiadasidan tashqari Elmurat jahon chempionatlarida ham ikki marta bronza, bir marta kumush medaliga ega chiqqan. U so‘nggi jahon kubogida finalgacha yetib borgandi.

Nur-Sultonga ayollar jamoasi quyidagi tarkib bilan yo‘l olgan:

Foto: Dauletbike Yaxshimuratova

-50 kg: Dauletbike Yaxshimuratova

-53 kg: Aktenge Keunimjayeva

-55 kg: Sevara Eshmuratova

-57 kg: Nigora Bakirova

-59 kg: Gulnoza Toshpo‘latova

-62 kg: Nabira Esenbayeva

-68 kg: Nilufar Gadoyeva

-76 kg: Shahribonu Elliyeva.

Jahon chempionati taqvimi

14 sentabr kuni yunon-rum kurashchilari bahslarga kirishadi, shu kuni -55, -63, -72 va -82 kg vazn toifalarida saralash bahslari va yarimfinal bahslari o‘tkaziladi. 15 sentabr kuni yunon-rum kurashida -67, -87, -97 kg vazn toifalarida saralash va yarim final bahslari, -55, -63, -72 va -82 kg vazn toifalarida bronzaga o‘tish bosqichi, shuningdek ushbu vazn toifalarida final bahslari o‘tkazilishi belgilangan.

14 sentabr
Yunon-rum, saralash (-55, -63, -72, -82 kg)
Yunon-rum, yarim final (-55, -63, -72, -82 kg)

15 sentabr
Yunon-rum, saralash (-67, -87, -97 kg)
Yunon-rum, bronza uchun (-55, -63, -72, -82 kg)
Ochilish marosimi
Yunon-rum, yarim final (-67, -87, -97 kg)
Yunon-rum, final (-55, -63, -72, -82 kg)

16 sentabr
Yunon-rum, saralash (-60, -77, -130 kg)
Yunon-rum, bronza uchun (-67, -87, -97 kg)
Yunon-rum, yarim final (-60, -77, -130 kg)
Yunon-rum, final (-67, -87, -97 kg)

17 sentabr
Ayollar kurashi, saralash (-50, -53, -55, -72 kg)
Yunon rum, bronza uchun (-60, -77, -130 kg)
Ayollar kurashi, yarim final (-50, -53, -55, -72 kg)
Yunon-rum, final (-60, -77, -130 kg)

18 sentabr
Ayollar kurashi, saralash (-57, -59, -65, -76 kg)
Ayollar kurashi, bronza uchun (-50, -53, -55, -72 kg)
Ayollar kurashi, yarim final (-57, -59, -65, -76 kg)
Ayollar kurashi, final (-50, -53, -55, -72 kg)

19 sentabr
Ayollar kurashi, saralash (-62, -68 kg) va erkin kurashda saralash (-57, -65 kg)
Ayollar kurashi, bronza uchun (-57, -59, -65, -76 kg)
Ayollar kurashi, yarim final (-62, -68 kg) va erkin kurashda yarim final (-57, -65 kg)
Ayollar kurashi, final (-57, -59, -65, -76 kg)

20 sentabr
Erkin kurash, saralash (-70, -74, -92, -125 kg)
Ayollar kurashi, bronza uchun (-62, -68 kg) va erkin kurash, bronza uchun (-57, -65 kg)
Erkin kurash, yarim final (-70, -74, -92, -125 kg)
Ayollar kurashi, final (-62, -68 kg) va erkin kurash, final (-57, -65 kg)

21 sentabr
Erkin kurash, saralash (-61, -79, -86, -97 kg)
Erkin kurash, bronza uchun (-70, -74, -92, -125 kg)
Erkin kurash, yarim final (-61, -79, -86, -97 kg)
Erkin kurash, final (-70, -74, -92, -125 kg)

22 sentabr
Erkin kurash, bronza uchun (-61, -79, -86, -97 kg)
Erkin kurash, final (-61, -79, -86, -97 kg).

Ko‘proq yangiliklar: