Vazirlar Mahkamasining “Iqtisodiyot tarmoqlarida oliy ma'lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni hududlar kesimida aniqlash tartibi to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining takliflariga muvofiq Iqtisodiyot tarmoqlarida oliy ma'lumotli kadrlarga bo‘lgan Davlat buyurtmasini respublika hududlari kesimida aniqlash tartibi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlanishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 iyundagi PQ-4359-sonli qaroriga muvofiq 2019/2020 o‘quv yilidan:
talab yuqori bo‘lgan iqtisodiyot tarmoqlari va sohalari uchun oliy ma'lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojning davlat buyurtmasi asosida;
oliy ta'lim muassasalarining mavjud quvvatlari, moddiy-texnik bazasi hamda professor-o‘qituvchilari tarkibidan kelib chiqib, bo‘ysunuviga ko‘ra vazirlik va idoralar bilan kelishgan holda oliy ta'lim muassasalari tomonidan mustaqil ravishda belgilanadigan bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt, magistratura mutaxassisliklariga bazaviy to‘lov-kontrakt bo‘yicha qo‘shimcha qabul parametrlari asosida amalga oshiriladi.
Belgilanishicha:
hokimliklar, vazirlik va idoralar, yirik aksiyadorlik jamiyatlari, ishlab chiqarish korxonalari, davlat va tijorat banklarining rahbarlariga – o‘zlari faoliyati olib borayotgan tizimda oliy ma'lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni oqilona va asoslangan holda ilovadagi Nizomda keltirilgan shartlar asosida taqdim etilishida shaxsiy mas'uliyat yuklatiladi.
“Iqtisodiyot tarmoqlarida oliy ma'lumotli kadrlarga bo‘lgan Davlat buyurtmasini respublika hududlari kesimida aniqlash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga ko‘ra, oliy ma'lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni respublika hududlari kesimida aniqlash ikki toifaga ajratilgan holda amalga oshiriladi:
a) talab yuqori, keskin kadrlar tanqisligi mavjud bo‘lgan, davlat ahamiyatiga ega iqtisodiyot tarmoqlari uchun hududlar kesimida mos oliy ta'lim muassasalariga - davlat buyurtmasi asosida;
b) oliy ta'lim muassasalarining mavjud quvvatlari, moddiy-texnik bazasi hamda professor-o‘qituvchilari tarkibidan kelib chiqib, bo‘ysunuviga ko‘ra vazirlik va idoralar bilan kelishgan holda oliy ta'lim muassasalari tomonidan mustaqil ravishda belgilanadigan bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt, magistratura mutaxassisliklariga bazaviy to‘lov-kontrakt bo‘yicha qo‘shimcha qabul parametrlari asosida amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi oliy ma'lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash, doimiy monitoring qilish va tegishli ma'lumotlarni umumlashtirgan holda yuqori turuvchi organlarga taqdim etish bo‘yicha mas'ul organ hisoblanadi.
Oliy ma'lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni hududlar kesimida aniqlashning asosiy maqsadlari:
oliy ma'lumotli mutaxassislar mehnat bozorida talab va taklif o‘rtasida nomutanosiblikni kamaytirish, oliy ta'lim muassasalarida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va budjet xarajatlarini maqbullashtirilishiga erishish;
davlat budjetidan ushbu maqsadlar uchun sarflanadigan xarajatlarni prognoz hajmlari doirasida iqtisodiyot tarmoqlarining ehtiyojlariga muvofiq oliy ta'lim muassasalarida kadrlar tayyorlash samaradorligini ta'minlash;
iqtisodiyot tarmoqlari talab va ehtiyojlariga mos keladigan, aholining turmush darajasi va sifatini yaxshilashga qaratilgan strategik maqsad va vazifalarni amalga oshirishda talab qilinadigan bilim va yuqori texnologiyalarga asoslangan holda oliy ta'lim muassasalari o‘rtasida raqobat muhitini shakllantirish.
Iqtisodiyot tarmoqlarida oliy ma'lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni hududlar kesimida aniqlash tizimining vazifalari:
a) bakalavr va magistr darajasiga ega oliy ma'lumotli kadrlar mehnat bozorini doimiy monitoring qilib borish;
b) iqtisodiyot tarmoqlarida bakalavr va magistr darajasiga ega oliy ma'lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni respublika hududlari kesimida doimiy tahlilini amalga oshirish;
v) hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning turli ssenariylarini modellashtirish hisobiga yuzaga keluvchi kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni tahlil qilib borish.
Oliy ma'lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni hududlar kesimida aniqlash quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
hokimliklar, vazirlik va idoralar, yirik aksiyadorlik jamiyatlari, ishlab chiqarish korxonalari, davlat va tijorat banklarining oliy ma'lumotli kadrlar bilan ta'minlanganlik darajasi chuqur tahlil qilinadi;
ularning real va uzoq muddatli istiqbolda oliy ma'lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyoji to‘liq o‘rganib chiqiladi;
vazirlik, idoralar va hududiy hokimliklarning ehtiyojidan kelib chiqqan holda oliy ta'lim muassasalarining kadrlar tayyorlash uchun mavjud bo‘lgan moddiy-texnika bazasi, yuqori malakali professor-o‘qituvchilar bilan ta'minlanganlik darajasi aniqlanadi;
oliy ta'lim muassasalariga qabul parametrlarini aniqlash, bakalavr va magistr darajasini olgan bitiruvchilarni ish bilan ta'minlash uchun zarur bo‘lgan real va prognozlashtiriladigan ehtiyojni taqdim etuvchi kadrlar buyurtmachilari – idoraviy bo‘ysunuvi va mulkchilik shaklidan qat'iy nazar birlamchi bo‘g‘inlaridan hisoblangan holda barcha iqtisodiyot tarmoqlari hisoblanishadi.
Iqtisodiyot tarmoqlarining oliy ma'lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini aniqlash instrumentlari etib quyidagilar:
Davlat va alohida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari, tarmoq dasturlari, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish, mavjud quvvatlarni kengaytirish, ulardan foydalanish koeffitsiyentini oshirish, kichik biznes va mikrofirmalar sonining ortib borishi, fermer xo‘jaliklarini va qishloq xo‘jaligi klasterlarini rivojlantirish, ijtimoiy va infratuzilma obektlari sonining ortishi;
Vazirlik, idoralar va yirik xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning sohaning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqadigan va shu asosda belgilangan oliy ma'lumot talab etadigan boshqaruv xodimlari soni, kadrlar bilan ta'minlanganlik darajasi va ushbu son o‘zgarib borishi tushuniladi.