Registonda o‘tkazilgan «to‘y»: qadimiy go‘shada xorijiy delegatsiya sharafiga tantanali kecha o‘tkazishga kim ruxsat berdi?

O‘zbekiston 23:08 / 12.09.2019 118957

Ijtimoiy tarmoqlarda 8 sentabr kuni Samarqandning Registon maydonidagi Ulug‘bek madrasasida tug‘ilgan kun yoki to‘y o‘tkazilgani haqidagi video katta munozaralarga sabab bo‘lmoqda.

«Tarixiy obidaning ichida bunaqa «bayram» o‘tkazish mumkinmi? Kim bo‘lgan taqdirda ham. Tadbir qilaman desa shahrimizda muhtasham restoranlar bor edi-ku?» deb savol bermoqda foydalanuvchilar.

Ma'lum bo‘lishicha, Ulug‘bek madrasasida hech qanaqa to‘y yoki tug‘ilgan kun nishonlangan emas.

Samarqand viloyati hokimligining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari I.Ne'matovning 2019 yil 30 iyuldagi xatida AQSh va Kanada buxoro yahudiylari Kongressi rahbari Boris Qandov boshchiligidagi delegatsiyaning yurtimizga (80 nafar) 2019 yil 2–9 sentabr kunlari «Ziyorat turizmi» dasturi asosida tashrif buyurishi qayd etilgan.

Mazkur dasturga asosan, 6 sentabr kuni Samarqand shahrida «Amerika va O‘zbekiston tadbirkorlari o‘rtasida hamkorlik masalalari»ga bag‘ishlangan biznes forum va boshqa tadbirlar bilan birgalikda, 8 sentabr kuni «Registon» ansamblida mehmonlar uchun qabul marosimi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

7 sentabr kuni «Regal Palas» mehmonxonasida mehmonlar uchun viloyat hokimligi tomonidan rasmiy qabul o‘tkazilib, tadbirda san'atkor, O‘zbekistonning Isroildagi turizm elchisi Xay Davidov chiqishi bo‘lib o‘tdi.

Dastur doirasida 8 sentabr kuni Registon maydonidagi Ulug‘bek madrasasida «Or Avner» sinagogi, Samarqand yahudiylar birlashmasi tomonidan delegatsiya a'zolari uchun qabul o‘tkazilgan.

Samarqandlik mustaqil bloger Mirzo Subhonovning o‘z blogida ma'lum qilishicha, Samarqand viloyat hokimi E.Turdimov ushbu tadbirni o‘tkazishga o‘zi ruxsat bergan bo‘lsa-da, hokimlik aybni Tashqi ishlar vazirligiga ag‘darishga harakat qilmoqda. Go‘yoki, tadbir TIVning 2019 yil 30 iyuldagi xati asosida amalga oshirilgandek. Holbuki, TIV o‘zining yuqoridagi xatida «Registondagi banket» deb nomlangan tadbir va boshqalarni o‘tkazish masalasini Samarqand viloyat hokimligi tomonidan «vakolat doirasida tegishliligi bo‘yicha ko‘rib chiqish» uchun yo‘naltirgan, xolos.

Bundan tashqari, Samarqand viloyat hokimiga nomiga Samarqand yahudiylari diniy jamoati, «Or Avner» sinagogasi nomidan Samarqand yahudiylar jamoati raisi I.Mullajonov imzosi bilan 19 avgustdayoq kelib tushgan murojaatga viloyat hokimi «Tashkillashtirilsin» degan «viza» bilan viloyat hokimi o‘rinbosarlari B.Nurullayev, R.Qobilov, viloyat hokimligi ishlar boshqarmasi boshqaruvchisi B.Rahmatullayev, madaniyat boshqarmasi boshlig‘i X.Muhammadiyev va Samarqand shahar hokimi B.Obloqulovga topshiriq bergan.

Ushbu murojaatda I.Mullajonov viloyat hokimi E.Turdimovdan Registon maydonida 7 sentabr kuni soat 20:00 da yumoristik konsertlar, 8 sentabr kuni soat 20:00 da tantanali kecha o‘tkazishga ruxsat so‘ragan. 7 sentabr kuni yumoristik konsert bo‘lib o‘tmagan. Tadbir faqat 8 sentabr kuni o‘tkazilgan, mehmonlardan biri tomonidan suratga olingan tantanali kechaning videosi tarmoqlarda tarqalgan.

Ko‘proq yangiliklar: