Qibrayda «snos»: norozilar va rozilar bor. Kun.uz ularning qarashlarini o‘rgandi

O‘zbekiston 22:49 / 12.09.2019 20836

Hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlar inson ongini, fikrini shakllantirishda muhim o‘rin tuta boshlagani ayni haqiqat. Facebook, Telegram va boshqa ijtimoiy medialarning o‘zbek segmenti jadal rivojlanmoqda. Ularda paydo bo‘lgan biror xabar yo‘qki, yashin tezligida tarqalib, ko‘pchilik e'tiborini tortmasa, yoxud u yoki bu muammo jamoatchilik e'tiboriga tushmay, hal etilmasa.

Yaqinda Facebook tarmog‘ida e'lon qilingan bir videolavha e'tiborimizni tortdi.

Unda Qibray tumani, Geofizika mahallasidan o‘tgan Do‘stlik ko‘chasining ikki yonida joylashgan 28ta xonadon «snos»ga tushgani haqida, fuqarolarning uylari buzilishi bilan bog‘liq tortishuvlar, Qibray tuman hokimligi vakillari bilan uchrashuvlardan lavhalar aks etgan.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

Tahririyat xodimlari ayni «snos» masalasi qanday paydo bo‘lganini har tomonlama o‘rganish maqsadida Qibray tumani, Geofizika mahallasining uyi buzilishga tushgan fuqarolari, mahalla raisi va hokimlik vakillari bilan uchrashib, muammo negizini aniqlashga harakat qildi. Ma'lum bo‘lishicha, uylari buzilishi rejalashtirilayotgan fuqarolar orasida mazkur «snos»dan norozi bo‘lganlar qatorida, uni intizorlik bilan kutayotganlar ham yetarlicha topiladi. Dastlab, Buyuk kelajak ko‘chasida (Do‘stlik ko‘chasiga parallel) uylari buzilishi ma'lum qilingan fuqarolarning qarashlari va xavotirlari xususida. Ular, nima uchun, uylari buzilishini, yangi xonadonlar yoki kottejlarga ko‘chib o‘tishni to‘liq rad etishmoqda?

Fuqarolarning aytishicha, 2019 yil 20 mart kuni Qibray tuman Yergeodezkadastr bo‘limi xodimi A.Xolmurodov kelib, prezident trassasi kengaytirilishi munosabati bilan yer uchastkalari olinishi xususida xabardor qilgan hamda kadastr hujjatlarini so‘ragan.

Fuqarolar bu xususda biror xat-hujjat so‘rashganida ko‘rsatishmagan, ammo oradan bir-ikki kun o‘tgach, o‘zlari istiqomat qilib turgan kottejlar hududida noqonuniy qurilmalar bo‘lsa, ularni 10 kun ichida buzish chorasini ko‘rishlari zarurligi xususida ogohlantirish xatini keltirishgan. Fuqarolar hujjat bilan tuman Yergeodezkadastr bo‘limiga borganida bo‘lim rahbari ogohlantirish xatining bu fuqarolarga umuman aloqasi yo‘qligini, shu bois savolni hokimlikka berish zarurligini aytgan.

 

«Biz hokim o‘rinbosari bilan uchrashdik. U xatni o‘qib chiqib, “sizlarga umuman aloqasi yo‘q, nima uchun olib borishganini bilmayman”, degan so‘zlarni aytdi. So‘ngra, biz bosh arxitektor oldiga bordik, u ham A.Xolmurodovga qo‘ng‘iroq qilib, nima uchun keraksiz xatlarni olib borganini so‘radi va ogohlantirish xatining Buyuk kelajak ko‘chasida istiqomat qiluvchilarga aloqasi yo‘qligini bildirdi. Aprel oyi oxirlarida ayni Xolmurodov mahalla raisimiz Dilfuzaxon Mamatraimova kelib, “hammasi yaxshi ekani, uylar buzilmasligini”ni bildirishdi», - deydi Po‘latova.

Ammo, nazarimizda, anglashilmovchilik vaqtdan yutish uchun amalga oshirilgan ko‘rinadi. Yo‘qsa, iyun oyiga kelganida, endi hokimlik vakillari ko‘chmas mulkni baholovchilar bilan birga ayni mahallaga kelib, fuqarolarni bezovta qilishmas edi. Qolaversa, bu vaqtga kelib, hovlining bir qismi ko‘cha kengayishi munosabati bilan davlat va jamoat ehtiyojiga olinadi, degan so‘zlar o‘zgarib, uylar ham buzilishini bildira boshlashgan. Ular uylarni baholash uchun suratga olishga, belgilangan tovon puli berilishini aytib, buzishga ruxsat berishni so‘ragan.

«Biz bu safar ham rozilik bermaganimizdan so‘ng, hokimlik vakillari uyni baholash uchun ertaga hujjat keltirishlarini, bu ham ish bermasa, ichki ishlar xodimlari bilan kelishlarini bildirishdi. Keyin, ular mana bunday mavhum bir hujjatni olib kelishdi. Unda na ism-sharif, na uy manzili yozilgan edi. Shu bilan birga, yo‘l qurilishi haqida gap borar edi. Biroq, hech qanday yo‘l qurilayotgani yo‘q. Bizning mahallamizdan sal yuqoriroqda yangi 2 qavatli kottejlar barpo etilmoqda. Bizningcha, bu joylarda ham elita uchun shunday uylar qurilishi mumkin», - deydi Nazira Po‘latova uylari buzilishiga norozi bo‘lganlar nomidan.

Biz ulardan nima uchun yer uchastkasi va tovon puli va'da qilinayotgan bo‘lsa-da, uylari buzilishini xohlamayotganini so‘radik.

«Biz har qanday taklif berilganida ham buzilishga qarshimiz, rozi emasmiz. Biz o‘z uylarimizla yashashni xohlaymiz. Bizga boshqa kottejlar, uylar kerak emas. Bizga moliyaviy tovon pullari ham kerak emas. Bizning uylarimiz eski ham emas, barcha qulayliklarga ega, 35-40 yil va undan ortiq vaqtdan buyon yashab kelmoqdamiz», - deya javob berishdi fuqarolar.

«Biz bir narsaga tushuna olmayapmiz. Nima uchun shaharda prezident trassasida xavfsizlik hududi 6 metrni tashkil etadi-yu, aynan bizlar istiqomat qilayotgan joyda veloyo‘laklar barpo qilishmoqchi», - deya savol bilan murojaat qiladi boshqa bir fuqaro.

Shu o‘rinda yana bir masalaga oydinlik kiritib o‘tish kerak. O‘rganishlarimizga ko‘ra, ba'zi fuqarolar yerdan foydalanish uchun huquqi bo‘lmasa-da, noqonuniy qurilmalar yoki bog‘-rog‘lar barpo qilishgan. Quyidagi hujjatlar nusxasida xonadonlarning yer maydonidan foydalanish yoki foydalana olmaslik huquqining kadastr idorasida qayd etilganiga doir ma'lumotlar bilan tanishish mumkin. Hokimlik vakillarining aytishicha, aynan ayrim fuqarolarni tovon puli hisoblanishida o‘zlari noqonuniy foydalanib kelgan yer maydonlari inobatga olinmasligi tashvishga solayotgan ko‘rinadi. 

Xolislik uchun aytish kerak, ushbu mahallada uylari «snos»ga tushganlarning barchasi ham bundan norozi emas. Bu ishdan xursand bo‘layotganlar, uylari buzilib, tezroq tovon puli hamda uy olishni xohlayotganlar ham bor va ular ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Ular nima uchun bunga rozilik bildirishmoqda? Biz buning sabablarini ham o‘rgandik.

«Men Geofizika mahallasida yashayotganimga 30 yil, hozirgi kunda istiqomat qilib kelayotgan uyga ko‘chganimga 15 yil bo‘ldi. Uyimizga kadastr hujjatlari bor. Bizga 15- mart kuni ogohlantirish xatlari berilib, uyga tovon puli yoki kottej berilishi haqida aytib ketishdi. Biz uch oila, ikki o‘g‘lim kelinlarimiz bilan birga yashaymiz. Hovlimiz maydoni 4,2 sotix. 6 xonali uy. Biz tiqilib qolganmiz, qolaversa, qo‘shnining hududidan kirib chiqamiz. Shuning uchun ham men uyim buzilishini, bolalarim alohida yashashini xohlaganim bois, rozi bo‘lganman. Shu bilan birga, hozircha, hokimiyatdan hech kim borib, uyni bo‘shatib qo‘ying, degani yo‘q, ammo uyning narxini chiqarib qo‘yganman», - deydi Mastura Nurullayeva.

«Bizga uy o‘rniga uy va yerimizga tovon puli berishsayam rozimiz. Faqat shu narxlangan summani berishsa bo‘ldi. Hatto, pul berishmasa ham har bir oilaga alohida-alohida uy berishsa ham rozimiz», - deya suhbatga qo‘shiladi Mastura opaning o‘g‘li.

«Uyimning kadastri bor. Qaynonam ikkinchi guruh nogironi. Qolaversa, qarichilik bilan doimiy qarovga muhtoj. Shuning uchun biror joyda ishlay ham olmayman. Ikki o‘g‘lim, qizim va turmush o‘rtog‘im bilan shu sharoitda yashab kelyapmiz. Norozi bo‘layotganlarning yashash sharoitlari bizlarnikiga qaraganda yaxshi-da», - deydi Feruza Muzaffarova.

«Biz hammamiz rozimiz. Nega deganda, norozi bo‘layotganlarning sharoiti juda yaxshi. Ularning isitish tarmog‘i va boshqa qulayliklari bor. Bizda, qishda sovuq bo‘ladi, hojatxona tashqarida. Kanalizatsiya yo‘q. Men 1957 yilda tug‘ilganman bo‘lsam, bir yoshligimda ota-onam shu yerni sotib olib, uy qurishgan. Hozirda, qo‘shnimning hovlisi orqali kirib kelaman. Qulayliklar haqida gapirmasa ham bo‘ladi», - deya fikrlarini izhor qildi nafaqadagi kimyo o‘qituvchisi Olga Savinix.

Va nihoyat, uylari buzilishiga norozilar keltirgan ayrim taxminlarni aniqlash, Vazirlar Mahkamasining №01-05/1-4676 sonli yig‘ilish bayoni mavjudligi, Geofizika mahallasining Do‘stlik ko‘chasi atrofidagi 28ta uyning buzilishi bilan bog‘liq boshqa hujjatlarni o‘rganish maqsadida Qibray tuman hokimligiga yo‘l oldik. Bu yerda hokimning sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Akmal Qosimxo‘jayev hamda hokimlik bosh yuristkonsulti Sherali Xolmurodov bilan uchrashib, ularni suhbatga tortdik.

«Bosh rejaga asosan, bir nechta xonadon buzilishga tushgan. Albatta, bizlar ushbu xonadonlarni xatlovdan o‘tkazib, egalari bilan birgalikda ishlab, noqonuniy egallab olgan joylari bo‘lgan, bular aniqlanib, xat berilgan. Shu bilan birga, buzilish ishlarini olib borish uchun kerakligi hujjatlar taqdim etilgan. Geofizika hududida 48ta namunali uy-joy qurilishi boshlandi. Buzilishga tushgan uy egalariga ushbu kottejlardan olishni taklif etamiz va bu ishlar fuqarolarning roziligi bilan amalga oshiriladi», - deydi hokim o‘rinbosari Akmal Qosimxo‘jayev.

«Yashab turgan uylari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi tartibga solingan hujjatlar, qolaversa, davlat rahbarining 2019 yil 3 avgustda imzolagan farmoyishlarida ham birinchi navbatda fuqaroning roziligini olish belgilab qo‘yilgan. Ushbu belgilangan normativ hujjatlardan hech kim chetga chiqa olmaydi. Biz uylari buzilishga tushganlarning bitta mixini ham olganimiz yo‘q hali. Shuningdek, farmoyishda roziligi olinsin, deyilishini suiiste'mol qilish kerakmas. Rozi bo‘lmasligi bilan rejalangan ishlar ham to‘xtab qolishi ham kerak emas-da», - deydi hokimlik bosh yuristkonsulti Sherali Xolmurodov.

Hokimlik bosh yuristkonsulti Sherali Xolmurodov, shuningdek, Facebook ijtimoiy tarmog‘ida e'lon qilingan 48 daqiqalik videolavhaning bir qismiga e'tiborimizni qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha videolavhada uylarning buzilishiga doir barcha qonun talablarini boricha tushuntirib bergan joyida uning izohi noxolislik bilan o‘chirilgan.

Qayd etish o‘rinliki, uylari buzilishiga norozi fuqarolarning ko‘p qavatli tijorat uylari qurilishi yoxud yo‘l chetida veloyo‘lakchalar qurilishiga doir bildirgan taxminlari o‘rinsiz. Ammo, shuni ham alohida uqtirish zarur, ularning bunday fikrga kelishlariga mahalliy hokimlik vakillarining halq bilan ochiq va shaffof muloqotda bo‘lmagani, talab qilingan hujjatni o‘z vaqtida ko‘rsatmaganlari sabab bo‘lgan deyish mumkin. Chunki, ularga hujjat raqami aytilgan bo‘lsa-da, nusxasi taqdim etilmagan.

Shunday qilib, hujjatga muvofiq, ma'lum bo‘lishicha, Yangiobod qishlog‘i, Geofizika mahallasi avtomobil yo‘li kengayishi munosabati bilan buzilishga tushgan 28ta yakka tartibdagi uy-joylar uchun 14,2 mlrd so‘m ajratish belgilangan. Demak, bu joyda na veloyo‘lak va na ko‘p qavatli tijoriy uy-joy quriladi, balki yo‘l kengaytiriladi.

Xullas, o‘rganishlarimiz natijasi mana shular. O‘ylaymizki, aholi va hokimlik vakillari navbatdagi «snos» masalasiga boshqa viloyatlarda kuzatilgan tushunmovchiliklardan xulosa qilgan holda konstruktiv yondashib, muammoga barcha tomon rozi bo‘ladigan bir yechimga kelishadi.

Ko‘proq yangiliklar: