Bolalar bog‘chalari uchun qo‘llanmalar ishlab chiqishda ota-onalar fikri inobatga olinadi

O‘zbekiston 12:46 / 12.09.2019 4199

Maktabgacha ta'lim muassasalari uchun o‘quv-metodik va didaktik adabiyotlar tayyorlash, tanlash va ekspertizadan o‘tkazish, ularni nashr qilish tartibi tasdiqlandi. Bu haqda Norma xabar bermoqda.
 
Maktabgacha ta'lim vazirligi (MTV) har yili fevral oyida keyingi o‘quv yillarida bolalar bog‘chalarida foydalanish uchun tavsiya etiladigan o‘quv-metodik va didaktik adabiyotlar hamda qo‘llanmalarning ro‘yxatini shakllantiradi. MTVning rasmiy sayti va OAVda potensial mualliflar uchun tegishli e'lon maketlarga qo‘yiladigan talablar va ularni topshirish muddatlari ko‘rsatilgan holda joylashtiriladi.
 
O‘quv materiallarini tayyorlashda ishtirok etish uchun ijodiy jamoalar (maktabgacha ta'lim tizimidagi tajribali mutaxassislar, tuzuvchilar, davlat va nodavlat (sh.j.xorijiy) tashkilotlar, nashriyot va matbaa tashkilotlari) MTVga rasmiy buyurtma beradilar va MTV huzuridagi Axborot va pedagogika texnologiyalari innovatsion markaziga original maketlarni topshiradilar. Markazning ekspert guruhi ikki oy muddatda maketlarni ekspertizadan o‘tkazadi va tegishli xulosani taqdim etadi.
 
Materiallarni yaratishda maktabgacha ta'lim tizimidagi pedagoglar va ota-onalarning fikr-mulohazalari inobatga olinadi, ular MTV saytidagi ochiq muhokamada o‘z fikrlarini bildirishlari mumkin. Qo‘llanmalarni nashr etish eng maqbul narxlar taklif etgan nashriyotlarga ishonib topshiriladi. Tanlov o‘tkazish to‘g‘risidagi e'lon MTV saytida joylashtiriladi.
 
Ijodiy jamoalar ishlash davomida (4 oydan oshmagan muddatga) asosiy ish haqining 0,25%i miqdorida qo‘shimcha moddiy rag‘batlantiriladi.
 
Hujjat 9.09.2019 yildan kuchga kirdi.

Ko‘proq yangiliklar: