Parlament a'zolari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yalpi majlisida yaqinda konseptual jihatdan birinchi o‘qishda qabul qilingan “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasini qizg‘in muhokama qilmoqda, deb xabar beradi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.
Bildirilishicha, “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasining bir qator moddalaridagi normalar deputatlar orasida qizg‘in bahs-munozarani keltirib chiqarmoqda. Jumladan, qonun loyihasining asosiy tushunchalari, antimonopol qoidalar, ikki va undan ko‘p to‘lov tizimi operatorini litsenziyalash, to‘lov tizimlari ustidan nazorat va kuzatuv olib borish, Markaziy bankning to‘lov tizimlarini nazorat hamda monitoring qilish masalalarida xalqaro hamkorlikka doir normalar parlament a'zolarining takliflari, fikr-mulohazalari asosida yanada takomillashtirilmoqda.
Qayd etilishicha, milliy to‘lov tizimining yanada takomillashtirilishi yurtimiz aholisi va tadbirkorlik sub'yektlari uchun xavfsiz, ishonchli va qonuniy kafolatlangan to‘lov xizmatlari bozorining to‘laqonli shakllantirilishiga sharoit yaratadi. Bu milliy to‘lov tizimining institutsional, infratuzilmaviy va me'yoriy-huquqiy bazasining takomillashtirilishiga imkon yaratadi. Ayni paytda bank xizmatlari qamrovini, ommabopligini ilg‘or axborot texnologiyalari asosida rivojlantirish orqali aholi va tadbirkorlik sub'yektlarining to‘lov xizmatlari bozoridagi talabi qondirilishiga erishiladi.
Aytilishicha, mazkur qonunning qabul qilinishi naqd pulsiz, jumladan, bank kartalari orqali to‘lovlarning amalga oshirilishida aholi va tadbirkorlarning hamda ulardan to‘lovlarni qabul qilib oluvchilar o‘rtasida hisob-kitoblarning zamonaviy, samarali tizimi yo‘lga qo‘yilishiga imkon beradi. Shu asnoda iqtisodiyotning barcha sohalarini raqamli texnologiyalar asosida yangilashni nazarda tutadigan raqamli iqtisodiyotning takomillashtirilishiga, uni modernizatsiya qilishga, “yashirin” iqtisodiyotga qarshi kurashish hamda uning ko‘lamini keskin qisqartirishga zamin yaratadi.