O‘zbekistonda xalqaro tijorat arbitraji nizolarni hal etishning muqobil, suddan tashqari shakli bo‘la oladimi?

O‘zbekiston 12:23 / 11.09.2019 1660

10 sentabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining “Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan ishchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

“Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi shu yilning aprel oyida Qonunchilik palatasining majlisida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, ma'qullangan edi.

Muhokamalar chog‘ida deputatlar mazkur qonun loyihasini qabul qilish zarurati kuchayib borayotganini qayd etdilar. Boisi, O‘zbekiston Respublikasida xalqaro tijorat arbitraj sudlarining faoliyatini tashkil etish va tugatish tartibini huquqiy tartibga solish, xalqaro tijorat arbitraj sudi faoliyatining asosiy prinsiplarini belgilash, xorijiy investorlar, shuningdek, milliy kompaniyalarning chet ellik hamkorlar bilan o‘zaro munosabatlarida ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta'minlash muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, nizolarni ko‘rishda xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning sarf-xarajatlarini qisqartirish, arbitraj hal qiluv qarorlarini tan olish va ijro etish mexanizmlarini belgilash hamda shu asosda xalqaro shartnomalarning nizoli masalalarini hal qilishda mamlakatning mintaqadagi obro‘sini oshirish nazarda tutilayotgani diqqatga molik.

Parlament quyi palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi a'zosi Shuhrat Polvonovning qayd etishicha, mazkur qonun loyihasi bugungi voqelik, zarur sharoitlarni inobatga olgan holda, norma ijodkorligi talablaridan kelib chiqib, puxta qayta ishlanmoqda. Avvalo, tashabbuskorlar tomonidan kiritilganda 56 moddadan iborat bo‘lgan loyihaning ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonlarida bir qator moddasiga o‘zgartirish kiritilib, takomillashtirildi. Qonun loyihasida asosiy tushunchalar, qonunning qo‘llanish sohasi, xalqaro tijorat arbitrajni tashkil etish va tugatish tartibi, ularning hisobini yuritish, arbitraj sudlarining turlari (doimiy faoliyat yurituvchi va muvaqqat) hamda arbitrajga hal qilish uchun beriladigan nizolar, sudning arbitraj sudlari faoliyatiga aralashish chegarasi kabi masalalar batafsil belgilandi.

Shuningdek, qonun loyihasida asosiy e'tibor arbitraj kelishuviga (yuzaga kelgan va yuzaga kelayotgan nizolarni arbitraj ish yurituviga taqdim etish huquqini beruvchi asosiy hujjat sifatida) qaratilgan. Uning tushunchasi, shakli va mazmuni, nizo mohiyati bo‘yicha sudga berish tartibi batafsil yoritilgan. Xususan, Qonun loyihasiga muvofiq, arbitraj bitimi yozma shaklda — shartnomadagi arbitraj sharti yoki alohida bitim tarzida tuzilishi hamda unda muayyan arbitraj nomi, arbitrlar soni, arbitraj muhokamasi o‘tkaziladigan joy, tili, qo‘llaniladigan normalar, shuningdek, boshqa ma'lumotlar ko‘rsatilishi belgilab qo‘yilishiga kelishildi.

Bundan tashqari, yig‘ilishda qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlashda loyihada keltirilgan arbitraj muhokamasi jarayonida taraflarni eshitish yoki ularni og‘zaki eshitmasdan yozma dalillar asosida hal qiluv qarori qabul qilish tartibi, hujjatlarni taqdim etmaslik yoki taraflarning kelmasligi, arbitraj sudi tomonidan tayinlangan ekspert, dalillarni olishga vakolatli sudning ko‘maklashishiga oid normalarga yanada aniqliklar kiritilgani alohida ta'kidlandi.

Yig‘ilish yakunida qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun tayyor ekani, shu sababli, uni parlament quyi palatasidagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari, Ekoharakat yig‘ilishlarida hamda palataning yalpi majlisida muhokama qilish uchun kiritishga kelishib olindi.

Ko‘proq yangiliklar: