Fuqarolarga radiatsiyaviy ta'sir natijasida yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash tartibi belgilandi

O‘zbekiston 11:43 / 11.09.2019 7346

Fuqarolarga radiatsiyaviy ta'sir natijasida yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash tartibi belgilandi. Bu haqda Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risidagi qonunda aytiladi.

Qayd etilishicha, jismoniy shaxslarning hayoti va sog‘lig‘iga yetkazilgan hamda radiatsiyaviy ta'sir bilan bog‘liq yoxud radiatsiyaviy ta'sirning zaharli, portlovchi yoki boshqa xavfli ta'sirlar bilan uyg‘unlashuviga bog‘liq bo‘lgan zararning o‘rni qoplanishi lozim.

Agar radiatsiyaviy ta'sir tufayli yetkazilgan zarar bilan bir qatorda radiatsiyaviy ta'sir sababli yetkazilgan zarardan asoslangan ravishda ajratilib qo‘yilishi mumkin bo‘lmagan boshqa zarar yetkazilgan bo‘lsa, bunday zararning o‘rni atom energiyasidan foydalanish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq qoplanishi lozim.

Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan radiatsiyaviy ta'sir tufayli yetkazilgan zararning o‘rni ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotning aybidan qat'i nazar qoplanadi.

Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatni amalga oshirish chog‘ida radiatsiyaviy ta'sir orqali jismoniy va (yoki) yuridik shaxslarga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplaydi. 

Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot yengib bo‘lmas kuch yoki harbiy harakatlar natijasida yuzaga kelgan radiatsiyaviy ta'sir tufayli yetkaziladigan zararning o‘rnini qoplamaydi.

Qaysi shaxsning qasddan sodir etilgan harakatlari ushbu shaxsning hayotiga yoki sog‘lig‘iga zarar yetkazilishiga olib kelsa, ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot shu shaxsga radiatsiyaviy ta'sir tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplamaydi.

Bitta radiatsiyaviy avariya natijasidagi radiatsiyaviy ta'sir tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplashning eng ko‘p umumiy summasi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida belgilangan miqdordan ko‘p bo‘lishi mumkin emas.

Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan yo‘l qo‘yilgan, radiatsiyaviy ta'sir natijasida atrof-muhitga yetkazilgan zararning o‘rni atom energiyasidan foydalanish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq qoplanadi.

Zararlarning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi da'volar ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotga davlat boshqaruvi organlari, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi vakolatli davlat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan taqdim etiladi.

Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot radiatsiyaviy ta'sir tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash uchun o‘z moliyaviy mablag‘laridan va (yoki) sug‘urta polisidan (shartnomasidan) iborat bo‘lgan moliyaviy ta'minotga ega bo‘lishi shart.

Radiatsiyaviy ta'sir tufayli yetkazilgan zarar uchun fuqarolik-huquqiy javobgarlikni sug‘urta qilish shartlari va tartibi, sug‘urta jamg‘armasini tuzish tartibi va manbalari qonun hujjatlarida belgilanadi.

Na ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot, na radiatsiyaviy ta'sir sababli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash uchun ushbu moddaga muvofiq moliyaviy ta'minotni taqdim etgan sug‘urtalovchi:

moliyaviy ta'minotni to‘xtatib turishdan yoki bekor qilishdan uch oy oldin bu haqda maxsus vakolatli organni va vakolatli davlat boshqaruvi organini yozma shaklda xabardor qilmasdan turib;

bunday moliyaviy ta'minot radioaktiv moddalarni, yadroviy materialni va (yoki) radioaktiv chiqindilarni transportda tashishga (tashishga) taalluqli bo‘lsa, radioaktiv moddalarni, yadroviy materialni va (yoki) radioaktiv chiqindilarni transportda tashish (tashish) davri mobaynida moliyaviy ta'minotni to‘xtatib turishga yoki bekor qilishga haqli emas.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi radiatsiyaviy ta'sir tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash summalari to‘lovining O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot uchun belgilangan to‘lovdan ortiq miqdori yoxud yengib bo‘lmas kuch yoki harbiy harakatlar natijasida yuzaga kelgan zararning o‘rnini qoplash summalari to‘lanishini ta'minlaydi. 

Ko‘proq yangiliklar: