Aktam Xayitov klaster tizimi haqida: «Bizda bu borada aniq qonunning o‘zi yo‘q»

O‘zbekiston 19:39 / 11.09.2019 19959

Kecha, 10 sentabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda mutasaddilar «Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident qarori ijrosi va mohiyati yuzasidan ma'lumot berib, OAV xodimlari tomonidan berilgan savollarga javob qaytarishdi.

Tadbirda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida yangi – klaster tizimiga o‘tilayotgani, ammo bu jarayonlar ko‘pchilik holatda fermer xo‘jaliklarining majburiy tarzda tugatish va MChJga birlashtirib yuborish orqali amalga oshirilayotgani, klaster tizimining jahon tajribasiga ko‘ra, fermerlar ishlab chiqarish, ilm-fan va biznes amaliyoti orqali ixtiyoriy hamkorligida amalga oshirilishi va bizda nega shu yo‘ldan borilmayotgani borasida murojaat qilindi.

«Bugun Respublikadagi 60 foizdan ortiq qishloq xo‘jaligi maydonlari klasterlarga o‘tkazildi. Lekin bugun O‘zbekistonda klasterlar bo‘yicha aniq suyaniladigan qonun bormi? Yo‘q. Biz ana shu qonunni ishlab chiqishimiz va bu tizim qaysi shaklda amalga oshirilishini belgilab olishimiz kerak. Buni shu sohaga tegishli bo‘lgan barcha vazirlik va tashkilotlar birgalikda ishlab chiqishimiz kerak.

Hozir bizda klasterga o‘tish uch xil shaklda amalga oshirilyapti: Birinchi shakli bu – juda kam qo‘llaniladigan uslub, tadbirkorga yer berish. Bunda tadbirkorga yirik ekin maydonlari ajratib beriladi.

Ikkinchi shakli – klaster egasida ham o‘zining yeri bor, ham u fermerlar bilan hamkorlikda ishlaydi. 

Uchinchi shakli bu hozirgi paytda eng ko‘p qo‘llanilayotgan amaliyot – fermerlar bilan fyuchers shartnomasini tuzib ishlaydigan klaster.

“Klasterning qaysi turi bizga ma'qulroq?” degan savolga javobni hayotning o‘zi bizga ko‘rsatib bermoqda. Masalan, vodiy viloyatlarida biz aynan fyuchers shartnomasi orqali ishlash tizimidan foydalanyapmiz.

Siz aytganingizdek, tizimda kamchilik, tartibsizliklar bo‘layotgani rost. Chunki har bir tizim ishga tushirilayotganda kamchiliklar bo‘ladi.  

E'tirozlardan bizning xabarimiz bor, buni tabiiy holat deb hisoblayman. Chunki, yerdan foydalanayotgan odam uni bergisi kelmaydi. Lekin unga nisbatan ustunroq bo‘lgan tizim davlat uchun ham, jamiyat uchun ham foydali. Fermerlarimiz ko‘chada qolmaydi. O‘zining sharoitini qilib olgan fermer sog‘lom raqobatda ishlaydi. Agar fermerning huquqi buzilayotgan holatlar bo‘lsa, bu bilan bizning yuristlarimiz ishlaydi», - deya fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Xayitovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: