Talabalarga kontrakt summalarini oyma-oy bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi 

O‘zbekiston 07:28 / 10.09.2019 107502

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi 2019 yilda oliy ta'lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymatining o‘rnatilishiga oid sharh bilan chiqdi.

Qayd etilishicha, talabalarga to‘lovlarni amalga oshirishda qulaylik yaratish, aholining keng qatlami uchun oliy ta'limning hammabopligini ta'minlash maqsadida 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab, to‘lov-kontrakt qiymati miqdorlari ikki xil ko‘rinishda –  “stipendiyali” va “stipendiyasiz” etib belgilandi.

Stipendiyasiz qiymat miqdorlari, har oylik talabaga to‘lanishi belgilanayotgan 400 000 so‘m, bir yilda jami 4 800 000 so‘mni chegirib tashlash hisobiga shakllantiriladi.

Misol uchun, bakalavriatning Gumanitar fanlar, Pedagogika, Texnika, Qishloq va suv xo‘jaligi ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha to‘lov-kontrakt asosida tahsil oladigan talabalar (jami talabalarning qariyb 80 foizi) 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab, quyidagi tartibda to‘lovlarni amalga oshirishi mumkin:

Stipendiya bilan – 10 792 960 so‘m (Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga nisbatan 17 barobarida);

Stipendiyasiz – 5 992 960 so‘m (10 792 960 so‘m -  4 800 000 so‘m).

Bundan tashqari, aholiga to‘lovlarni amalga oshirishda yengillik yaratish maqsadida kontrakt summalarini oyma-oy bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi hamda oliy ta'lim muassasalari rektorlari to‘lov muddatlarini uzaytirish vakolatiga ega bo‘ladi.

Yangi o‘quv yilida to‘lov-kontrakt qiymati miqdorini 18 foizga oshirilishida (indeksatsiya qilishda) asosiy omil sifatida, oliy ta'lim muassasalari xodimlarining ish haqi miqdorlari (o‘tgan o‘quv yilida 3 marotaba), kommunal xizmatlar tariflar va boshqa saqlash xarajatlari oshgani holda, oliy ta'lim muassasalari xarajatlarini daromadlariga nisbatan 74 foizga o‘sganligi inobatga olingan.

Shu bilan birga, yoshlarni oliy ta'lim bilan qamrov ko‘rsatkichi 2017/2018 o‘quv yilidagi 9 foizdan joriy o‘quv yilida 20 foizga ortganligi yoki talabalar kontingentining 126 ming nafarga ko‘payganligi oliy ta'lim muassasalarida o‘qituvchilar va o‘quv binolari quvvatlarini yaratish bo‘yicha qo‘shimcha ehtiyojga olib keladi, bu esa o‘z navbatida qo‘shimcha xarajatlarni talab etadi.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, 2019/2020 o‘quv yilidan to‘lov-kontrakt miqdorlarining o‘rtacha 18 foizga oshirilishi - bir talabani bir yillik o‘qitish xarajatlarini qisman, ya'ni o‘rtacha 68 foizi qoplamoqda xolos (bunda - xarajatlarni qoplanishi o‘tgan yilgi darajada saqlab qolinmoqda), deyiladi vazirlik sharhida.

Ko‘proq yangiliklar: