Qishloq xo‘jaligi taraqqiyotida Xitoy tajribasi. O‘zbekiston nimalarni o‘zlashtiradi?

O‘zbekiston 23:48 / 10.09.2019 7883

«Qishloq xo‘jaligini isloh qilishda Xitoy Xalq Respublikasi tajribasi va uni O‘zbekiston Respublikasida qo‘llash imkoniyati» mavzusida xalqaro anjuman o‘tkazildi.

Anjumanda Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev agrar sohada Xitoy bilan hamkorlikning asosiy yo‘nalishlariga to‘xtalib o‘tib, agrar sohani innovatsion texnologiyalar bilan ta'minlash borasida ushbu davlat tajribasi muhimligini va ayni paytda qishloq xo‘jaligi sohasida kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash masalalari bilan shug‘ullanuvchi o‘zbek-xitoy ilmiy markazi tashkil qilinishi bo‘yicha kelishuvga erishilganini ham ta'kidlab o‘tdi.

Oliy Majlisning agrar suv xo‘jaligi masalalari ekologik qo‘mitasi raisi Bahodir Tojiyevning aytishicha, 80 foiz suv qo‘shni davlatlardan kelishi va suv resurslarining butun dunyoda kamayib borayotganini hisobga olsak, Xitoyning tomchilab sug‘orish texnologiyalarini o‘rganish O‘zbekiston uchun yaxshi samara beradi.  

«Bundan tashqari, chorvachilik, sholichilik kabi yo‘nalishlarda klasterlarni tashkillashtirish bo‘yicha ham Xitoy amaliyotini o‘rganish maqsadga muvofiq», deydi Bahodir Tojiyev.

Xalqaro anjumanda Xitoy Xalq Resublikasi vakillarining alohida ta'kidlashicha, mamlakat faqat qishloq xo‘jaligi sohasini emas, balki qishloq odamlari hayotini ham yaxshilashga e'tibor qaratadi.

Butunxitoy Xalq vakillari yig‘ini qishloq xo‘jaligi bo‘yicha qo‘mitasi a'zosi Li Chunshenning ma'lumotiga ko‘ra, Xitoyda 40 million odam agrar sohada faoliyat yuritmoqda.

«Fuqarolarga pensiya tayinlanishi (ayollar uchun 55 yosh, erkaklar uchun 65 yosh) tizimi ham Xitoyning aholi ijtimoiy himoyasiga e'tiborini ko‘rsatadi», deydi Li Chun'shen.

Shuningdek, xitoylik vakil shahar-qishloq rivojlanish mexanizmiga to‘xtalib o‘tib, ular taraqqiyotda bir-biriga yordam berishi mexanizmi yaxshi samara berishini ta'kidladi.

Butunxitoy Xalq vakillari yig‘ini moliyaviy-iqtisodiy qo‘mitasi a'zosi Tsay Lin mamlakatdagi erkin iqtisodiy zonalar haqida ma'lumot berib, ularning ishlash mexanizmini tushuntirdi.

«Erkin iqtisodiy zona – bu ma'lum hududda maxsus iqtisodiy va siyosiy tizimning joriy etilishini anglatib, xalqaro ayirboshlash, soliq siyosati va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida mexanizmning yaratilishini anglatadi», deydi Tsay Lin.

Uning ta'kidlashicha, bunday hududlar investitsiya jozibadorligi bo‘yicha ham boshqa hududlarga qaraganda ko‘proq foyda keltiradi. Birgina 12 ta pilot erkin iqtisodiy zonaga 2019 yilning birinchi yarimyilligida 70 milliard yuan miqdorida investitsiya jalb qilingan bo‘lib, bu davlatdagi umumiy investitsiya ko‘rsatkichining 14 foizini tashkil qilgan.

Xalqaro anjumanda O‘zbekistonda ham 20 ta erkin iqtisodiy zona tashkil qilingani va ularga davlat tomonidan turli yengilliklar berilayotgani haqida mutasaddilar tomonidan ma'lumot berildi.

Ko‘proq yangiliklar: