O‘zbekiston va Turkiya aeronavtika federatsiyalari hamkorlik qiladi

O‘zbekiston 17:06 / 10.09.2019 2674

9-14 sentabr kunlari O‘zbekiston Aeronavtika federatsiyasi, Mehmonxonalar assotsiatsiyasi, Gidlar uyushmasi, Gastronomik turizmi assotsiatsiyasi rahbarlari hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakillaridan iborat delegatsiya Turkiya Respublikasiga tashrif buyurdi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmatining xabar berishicha, tashrifdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkiya Respublikasi Hukumati o‘rtasida turizm sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimga muvofiq, turizm sohasidagi jamoat tashkilotlari yo‘nalishida hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish va bu borada qator kelishuvlarga erishishdan iborat.

9 sentabr kuni delegatsiya Turkiyaning Nevshehir (Kappadokiya) shahar hokimiyatida “KAP-HİP” Kappadokiya Turizm zonasi infratuzilma xizmatlari birlashmasi raisi, shahar hokimi Rasim Ari hamda Nevshehir Aeronavtika federatsiyasi raisi Halil Uluyer bilan uchrashdi.

Nevshehir Turkiyaning havo sharlari bilan tanilgan eng yirik shaharlaridan biri hisoblanib, u yerga har yili 3,5 milliondan ziyod xorijiy turist tashrif buyuradi, ichki sayyohlar soni 10 millionga yetadi, joylashtirish vositalarida jami 30 mingga yaqin o‘rin mavjud.  

Uchrashuvda O‘zbekistonning turizm salohiyati hamda investitsion imkoniyatlari haqida ma'lumot berilib, O‘zbekistonda turizmning yangi turlari, jumladan ekstremal va yoshlar turizmini rivojlantirishda hamkorlik qilish masalasi muhokama etildi. Nevshehir shahar hokimi Rasim Ari hamda shahar Aeronavtika federatsiyasi raisi Halil Uluyer turizm sohasida hamkorlik qilish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurish istagi borligini ta'kidladi.

“KAP-HİP” Kappadokiya Turizm zonasi infratuzilma xizmatlari birlashmasiga a'zo hisoblangan, havo shari parvozi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarning faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida “Atmosfer Balloons” kompaniyasida uchrashuv tashkil etildi.

“Atmosfer Balloons” kompaniyasi 1992 yilda tashkil etilgan bo‘lib, o‘z faoliyatini 2 ta havo shari bilan boshlagan. Bugungi kunda 130 ga yaqin havo sharlari mavjud bo‘lib, ushbu xizmatdan kuniga 4 mingdan ziyod turist foydalanmoqda.

Mazkur kompaniya rahbari Sevni Peker O‘zbekistonda havo sharida muntazam parvozlarni tashkil qilish bo‘yicha turizm klasterini yaratishga qiziqish bildirdi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekistonda turizmning jozibadorligini oshirish, uning turlarini ko‘paytirish va rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston Aeronavtika federatsiyasi Nevshehir Aeronavtika federatsiyasi hamda “Arhrodisias Ballons” kompaniyasi bilan hamkorlik qilishga kelishib olindi. 

Ko‘proq yangiliklar: